Taom vaqti namoz

Assalomu alaykum! Ko‘pincha peshin, asr, shom namozlari vaqti kirganida uyimizda onam ovqatni tayyor qib suzayotgan bolishadi. Men namozimni oqigani kirib ketayotgan bolaman. Keyin ular bazida mensiz boshlamay turishadi. Savolim shuki shunaqa taom dasturxonga qo‘yilayotgan payti boshqalarni kuttirib qo‘yib namozimni o‘qisam to‘g‘rimi yoki birinchi ovqatlanib keyin o‘qiganim maqulmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Namoz o‘qishga etarli vaqt qolgan bo‘lsa avval taomlanib olish kerak. Hadisi sharifda bunday deyilgan:   عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا وُضِعَ الْعَشَاءُ وَأُقِيمَتِ الصَّلَاةُ فَابْدَءُوا بِالْعَشَاءِ. وَفِي رِوَايَةٍ: إِذَا قُدِّمَ الْعَشَاءُ فَابْدَءُوا بِهِ قَبْلَ صَلَاةَ الْمَغْرِبِ، وَلَا تَعْجَلُوا عَنْ عَشَائِكُمْ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِيُّ.Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kechki taom qo‘yilsa-yu, namozga iqomat aytilsa, kechki taomdan boshlanglar», dedilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«Kechki taom taqdim qilinsa, Shom namozidan oldin undan boshlanglar. Kechki ovqatingizda shoshilmanglar», deyilgan.
Ikki Shayx va Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Namoz bilan taom bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolsa-yu namozning vaqti bemalol bo‘lsa, oldin taom tanovul qilishdan boshlanadi. Chunki insondagi taomga bo‘lgan ehtiyoj namoziga putur etkazishi mumkin. Namozda ham xayoliga taom kelib, namoz o‘qigandek bo‘lmaydi. Namozni zehn va fikr xoli bo‘lganda o‘qish kerak.
Shuningdek, kishining xayolini olib qochadigan taomga o‘xshash boshqa ehtiyojlar bo‘lsa, avval ularni qondirib olib, keyin xotirjam ravishda, ko‘ngilni bir joyga qo‘yib, namoz o‘qishni boshlash lozim.وَعَنْهَا عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا صَلَاةَ بِحَضْرَةِ الطَّعَامِ، وَلَا هُوَ يُدَافِعُهُ الْأَخْبَثَانِYana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Taom hozir bo‘lganda namoz yo‘q. Uni ikki (tomondagi) chiqindi qistab turganda ham», dedilar».
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Taom hozir bo‘lganda namozni keyinga surish. Albatta, namozning vaqti chiqib ketguncha taom eb o‘tirilmaydi.
2. «Zahar tang» qilib turgan odam ham namoz o‘qimasin.
3. Qazoi hojati qistab turgan odam ham namozini keyin o‘qisin.
4. Qorni dam bo‘lib, el qistab turgan odam ham namoz o‘qimasin. Bunday hollarda bo‘shanib olib, yangi tahorat qilib, keyin xotirjam namoz o‘qiladi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

8 Oktabr 2023, 21:27 | Savol-javoblar | 0 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar