Ishdagi voqea

Assalomu alaykum! Hurmatli ilmu toliblar, men tez yordamda ishlayman. Ishimda bir voqea bo‘ldi, bir og‘ir bemorni bolnitsaga olib ketayotganimizda to‘satdan vafot etib qoldi va yaqinlari menga sen qaramading deb janjal ko‘tarishdi. Meni o‘zimda ham ikkilanish bo‘lib qoldi, chunki bu voqea faoliyatimda ko‘p bo‘lyapti. Aslida bemorni axvoli juda og‘ir bo‘lgandan so‘ng chaqiruvlar bo‘ladi. Biz doim qo‘limizdan kelgan yordamni beramiz. Menda ishimni o‘zgartirish fikri bo‘lyapti, bunday holatlarda umuman kim haq? Bemor vafot etsa men gunohkor bo‘lib qolmaymanmi? Yoki faoliyatimni davom ettiraymi? Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عن عمرو بن شعيب ، عن أبيه ، عن جده ، أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال : من تطبب ولم يعلم منه طب فهو ضامن  . رواه أبو داود والنسائي Amr ibn Shu’ayb otasidan u kishi bobosidan rivoyat qilinadi : Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tabiblikni bilmasdan turib tabiblik qilsa, etkazgan talofatiga javobgardir” deganlar. Abu Dovud, Nasoiylar rivoyati.   Ushbu hadisning sharhida har qanday mohir tabibdan ham 1-2 bor xatolik o‘tadi. Inson xatodan holi emas, lekin tibbiyotni to‘liq o‘rganmasdan tabiblik qilish joiz emas. Mabodo shunday qilsa etkazgan talofatiga javobgardir. Hatto vafot topganni xunini ham to‘lashi kerak – deganlar. Bir odamning xuni hozirgi kunda 100 ming dollarga to‘g‘ri keladi. Siz etuk dokordan shunday holatlarda nima qilishingiz kerak ekanligini so‘rab ko‘ring. O‘sha ishni qilmagan bo‘lsangiz javobgarsiz. Tabobat ham omonat, to‘g‘ri tashxis qo‘ymaslik, hozirgi kundagi ko‘plab doktorlar kabi dardni tomirini quritishga harakat qilmay, bargini to‘kib, shoxini qirqib yana o‘sib barglagach, yana shoxini qirqib pulini olish harom amal hisoblanadi. Omonatga xiyonat hisoblanadi. Shariatimizda noto‘g‘ri baholash degan narsa bor. Buni g‘abni fohish deyiladi. Tibbiyot muassasalari tashxislarga, davolash muolajalarga qimmat narx belgilashlari, mijozni aldash yo‘li bilan pulini olishlari adolatsiz baholash hisoblanib, topganlari halol bo‘lmay qoladi. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 15:04 | Savol-javoblar | 150 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar