Yangi uyga ko‘chish odobi

Assalomu alaykum! Dinimizda har bir ishning odobi mukammal ravishda keltirilgan. Savolim quyidagicha: Yangi uyga ko‘chish odoblari qanday? Yangi uyga ko‘chishda o‘qiladigan duolar xadislarda keltirilganmi? Xaftaning qaysi kunlari ko‘chish xayrliroq?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Dinimizda yangi uyga ko‘chilganda qilinadigan hech qanday marosim, so‘yilishi kerak bo‘lgan jonivor yoki biror xos duo ham yo‘q. Chiroyli niyatda “Allohim bu uyni bizga barakotli qilgin, yaxshiligini nasib qilgin, yomonligidan panox bergin” deyish kifoya qiladi. Bu kabi duolarni ulamolar Nuh alayhissalom kemaga joylashganida Alloh taolo u zotga: وَقُل رَّبِّ أَنزِلْنِي مُنزَلًا مُّبَارَكًا وَأَنتَ خَيْرُ الْمُنزِلِينَ۝ 29. Va: «Robbim, meni muborak manzilga tushirgin, Sen manzilga tushiruvchilarning eng yaxshisisan», – degin» degan oyatidan ijtihod qilib olganlar. (Muminun surasi) Quvayt fiqh akademiyasi tarafidan chiqarilgan “Islom entsiklopediya”sida ne’matga shukrona, yoru-birodar, qo‘ni-qo‘shnilar to‘planib xursandchilik qilish uchun ziyofat uyushtirishlarni ham yaxshi amal deb aytilgan. Go‘shti arzon tushadi deb biror qo‘y so‘yishning ham zarari yo‘q. Ammo “yangi uyga ko‘chganimiz uchun” deb qon chiqarish, ba’zilarning ta’biri bilan aytilgan is chiqarish uchun deb jonliq so‘yish qurbonlik qilish tovuq yoki xo‘roz kabilarni so‘yish yo‘q. Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 20:58 | Savol-javoblar | 156 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar