Qon chiqarish

Assalomu alaykum! Eski xovli olib, uyni boshidan buzib, qurush uchun avval qon chiqarib qo‘y so‘yish kerakmi yoki uyni bitkazib keyin qo‘y so‘yiladimi? Umuman dinimizda qon chiqarib qo‘yish bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Shariatimizda Qurbon hayiti kunidagi jonliq hamda aqiqaga so‘yiladigan jonliqdan boshqa qon chiqarish e’tibori bilan qilinadigan qurbonliklarning barchasi bid’at va gunohdir. U biror ulug‘ shaxsning hurmatidan so‘yiladimi, yoki yangi uyga ko‘chish yoki qurish uchun bo‘ladimi, bemor uchun bo‘ladimi, yoki qabrlarning tepasiga olib borib so‘yiladimi barchasi gunohdir. Bunday ishlarni qilish shariatga qo‘shimcha qilish hisoblanadi. Bu ishlar qadimdagi arab mushriklari va hozirgi kundagi butparast va otashparastlarning qon chiqarib, qonini o‘zlari sig‘inadigan narsalarning ustidan quyish va surtishlarga o‘xshaydi. Bundan saqlanish kerak. Qon chiqarishni maqsad qilmay biror jonivorni so‘yib ziyofat qilib berish boshqa masaladir. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 19:39 | Savol-javoblar | 175 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar