Muhammadoshiq ismi haqida

Assalomu alaykum! Muhammadoshiq(Muhammad alayhissalomga oshiq ma’nosida) ismini qo‘ysa bo‘ladimi? Buni so‘rayotganimning sababi bunday ism avval qo‘yilmagan ekan. Ismlar ma’nosi nomli kitoblarda ham bu ismni uchratmadim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bo‘ladi. Asl ism Muhammad, oshiq unga sifat bo‘ladi. "Hadis va Hayot" kitobida qanday ismlarni qo‘yish afzalligi haqida quyidagicha keladi: عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ أَحَبَّ أَسْمَائِكُمْ إِلَى اللهِ عَبْدُ اللهِ وَعَبْدُ الرَّحْمَنِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh uchun ismlaringizning eng mahbublari Abdulloh va Abdurrohmandir», dedilar». Muslim, Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilganlar. عَنْ أَبِي وَهْبٍ الْجُشَعِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: تَسَمَّوْا بِأَسْمَاءِ الْأَنْبِيَاءِ، وَأَحَبُّ الْأَسْمَاءِ إِلَى اللهِ عَبْدُ اللهِ وَعَبْدُ الرَّحْمَنِ، وَأَصْدَقُهَا حَارِثٌ وَهَمَّامٌ، وَأَقْبَحُهَا حَرْبٌ وَمُرَّةُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ Abu Vahb al-Jusha’iy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Anbiyolarning ismlari ila nomlaninglar. Alloh uchun ismlaringizning eng mahbublari Abdulloh va Abdurrohmandir. Eng sodiq ismlar Horis va Hammamdir. Ismlarning eng qabihi Harb va Murradir», dedilar». Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar. Alloh oliy va bilguvchidir. Sharh: «Horis» – kasb qiluvchi, «hammam» – ahamiyat beruvchi, «harb» – urush, «murra» – achchiq degani. O‘tgan hadisi shariflardan yaxshi ismlar uch darajaga bo‘linishi ayon bo‘lmoqda: 1. Alloh taologa bandalik va hamd ma’nosini anglatuvchi Abdulloh, Abdurrohman, Abdurrohim, Abdussalom, Hamidulloh, Azizulloh kabi ismlar. 2. Anbiyolarning ismlari. Muhammad, Ahmad, Ibrohim, Ishoq, Yusuf kabilar. 3. Ezgulikni aks ettiruvchi hamda o‘tgan azizlardan qolgan yaxshi ismlar. Sahobai kiromlar, mashhur imomlar va Horis, Hammom kabi ismlar. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 21:18 | Savol-javoblar | 193 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar