Eri vafot qilgan ayolning iddasi shart emasmi?

Assalomu alaykum! Qaynotam o‘tgan oy olamdan o‘tdilar. Qaynonam 3 kun uyda o‘tirib aza tutdilar va 4-kundan ishga chiqib ketdilar. Ularga idda o‘tirmaysizmi desam "aza 3 kun" dedilar va "faqat yana qayta turmushga chiqib bolali bo‘lmoqchi bo‘lganlargina iddada o‘tiradi" dedilar. Shu to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu tushuncha mutloq noto‘g‘ri bo‘lib, Allohning oyatiga teskari. Alloh taolo "Baqara" surasida marhamat qiladi:  وَالَّذِينَ يُتَوَفَّوْنَ مِنكُمْ وَيَذَرُونَ أَزْوَاجًا يَتَرَبَّصْنَ بِأَنفُسِهِنَّ أَرْبَعَةَ أَشْهُرٍ وَعَشْرًا فَإِذَا بَلَغْنَ أَجَلَهُنَّ فَلاَ جُنَاحَ عَلَيْكُمْ فِيمَا فَعَلْنَ فِي أَنفُسِهِنَّ بِالْمَعْرُوفِ وَاللّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ۝ 234. Sizlardan vafot etib, juftlarini qoldirganlarning ayollari o‘zlaricha to‘rt oyu o‘n kun kutarlar. Muddatlari etganda, o‘zlari haqida ma’ruf ila qilgan ishlarida sizga gunoh yo‘q. Alloh qilayotgan amallaringizdan o‘ta xabardordir.
Islomdan oldingi davrda ayol zoti turli azob-uqubatlarga va xorlashlarga duchor bo‘lar edi. Jumladan, eri o‘lgandan keyin ham u xor-zor bo‘lar, haqqi poymol qilinar edi. Johiliyat ahlining odatiga binoan, eri o‘lgan xotinning ustiga erining qarindoshlaridan biri ridosini tashlab qo‘ysa, ayol bechora o‘z-o‘zidan o‘sha odamning mulkiga aylanib qolar edi. Xohlasa, haligi odam uni o‘zi xotin qilar, xohlasa, boshqa erga berib, mahrini olar yoki sotib yuborar edi.
Eri o‘lgan xotinga eng yomon kiyimlar kiydirilib, xaroba uyga kiritib qo‘yilar edi. U bir yil davomida yuvinmay, xushbo‘y narsa surtmay o‘tirardi. Yana bulardan boshqa turli xurofotlar ostida ezilar edi.
Islom ayolning elkasidan bu zulmni ko‘tarib tashladi. Eri o‘lgan ayolning iddasini ma’lum muddatga chegaralab qo‘ydi:
«Sizlardan vafot etib, juftlarini qoldirganlarning ayollari o‘zlaricha to‘rt oyu o‘n kun kutarlar».
Buning hikmati ko‘p. Avvalo, bu muddat ichida ayol rahmining (bachadonining) homiladan bo‘sh yoki bo‘sh emasligi bilinadi.
Ikkinchidan, ayol kishi o‘z eriga bo‘lgan hurmati, birga yashagan hayotlarining hurmati sifatida aza tutadi. Qolaversa, o‘lgan eri qarindoshlarining singan ko‘ngillariga ham malham bo‘ladi.
Idda ichida ayol kishi pardoz qilib, yasanmaydi, chiroyli kiyimlarni kiymaydi. Lekin ma’lum rangli yoki shaklli kiyim kiyishi ham shart emas.
Mo‘minlarning onasi Zaynab binti Jahsh roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom «Allohga va oxirat kuniga iymoni bor ayolga o‘lgan kishi uchun uch kundan ortiq aza tutish halol emas. Magaram eriga to‘rt oyu o‘n kun aza tutadi», – deganlar.
«Muddatlari etganda, o‘zlari haqida ma’ruf ila qilgan ishlarida sizga gunoh yo‘q».
Ya’ni iddalari chiqqanidan keyin, u ayollar shariat yo‘li bilan o‘zlariga sovchi kutsalar, ayb emas. Demak, eri o‘lganidan to‘rt oyu o‘n kun o‘tgach, xotin yasanib, pardoz qilib, erga tegish uchun sovchi kutsa, o‘zining ishi, hech kimga gunoh bo‘lmaydi. Uni bu ishdan to‘sishga hech kimning haqqi ham yo‘q. Shariatning hukmi shu. Hayotda bundan boshqa hollarning uchrab turishi esa bid’at yoki xurofotdir. Xurofotdan saqlanish lozim. Chunki:
«Alloh qilayotgan amallaringizdan o‘ta xabardordir». ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 22:02 | Savol-javoblar | 167 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar