Oyatlardagi gaplarni boshqa holatda ishlatish

Assalomu alaykum! Agar odam odamlar bilan arabcha gaplashganda oyatlardagi gaplarning qurilish strukturasidan foydalanib, yangi gapni hosil qilib tinglovchiga gapirsa (bunda oyatni o‘zgartirish, masxaralash niyat yo‘q, shunchaki, chiroyli va adashmay so‘zlash uchun so‘zlovchi tayyor gapning qurilish strukturasidan foydalanadi, masalan, mahbuslarning Yusuf payg‘ambarga aytganlaridan, ya’ni shu oyatdagi gap qurilish strukturasidan foydalanib, so‘zlovchi tinglovchiga «Inniy aroka minas-saliimiin»desa), shu ishning hukmi qanday?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Mazax tarzda aytishi kufr hisoblanadi. Mazax qilmay nasihat tarzida foydalanishning hech qanday zarari yo‘q. Abdulloh ibn Muborak imom Buxoriyning roviylaridan hisoblanadi. O‘z sanadlari bilan faqat Qur’on oyatlari bilan javob beruvchi ayol deb bir hikoya keltirganlar. Abdulloh ibn Muborak dedi: «Haj safariga otlandim. Safar davomida jundan ko‘ylak kiygan, jundan yoping‘ich tashlab olgan bir ayolni yo‘lda uchratdim. Unga salom berdim. U salom javobiga: «سَلامٌ قَوْلا مِنْ رَبٍّ رَحِيمٍ» «Rahim bo‘lgan Robbdan «Salom» so‘zi bordir» (Yasin 58-oyat)  deb javob berdi. — Alloh sizga rahim qilsin. Bu erda nima qilyapsiz? Ayol: «مَنْ يُضْلِلِ اللَّهُ فَلا هَادِيَ لَهُ» «Alloh kimni zalolatga ketkazsa, unga hidoyat qiluvchi yo‘qdir» (A’rof 186-oyat). Ayolning bu gapidan yo‘lda adashib qolgan yo karvondan ortda qolgan deb o‘ylab, «Qaerga borasiz?» deb, so‘radim. U javob berdi: «سُبْحَانَ الَّذِي أَسْرَى بِعَبْدِهِ لَيْلا مِنَ الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ إِلَى الْمَسْجِدِ الأقْصَى الَّذِي بَارَكْنَا حَوْلَهُ لِنُرِيَهُ مِنْ آيَاتِنَا إِنَّه هُوَ السَّمِيعُ الْبَصِيرُ» «O‘z bandasini kechasi Masjidul Haromdan atrofini barakali qilganimiz Masjidul Aqsoga oyat-mo‘’jizalarimizni ko‘rsatish uchun sayr qildirgan Zot pok bo‘ldi. Albatta, U eshitguvchi va ko‘rguvchi Zotdir» (Isro 1-oyat). Bu oyatni o‘qigandan so‘ng Baytullohni tavof qilib, Quddusga ketayotganini tushundim. «Qanchadan beri bu erda turibsiz» deb, so‘radim. U dedi: «ثَلاثَ لَيَالٍ سَوِيًّا» «… to‘la uch kecha kunduz» (Maryam. 10-oyat). U ayol oldida eb-ichadigan biror narsani ko‘rmadim. Shundan keyin u ayolga: «Biror egulik edingizmi?» deb so‘radim. U shu oyatni o‘qib, savolimga javob berdi: «وَالَّذِي هُوَ يُطْعِمُنِي وَيَسْقِينِ» «Va meni taomlantiradigan va sug‘oradigan ham Uning O‘zi» (Shuaro 79-oyat). Tahorat olishga qiynalmayotganini bilish maqsadida,«Qanday qilib, tahorat olayapsiz?» deb so‘radim. «فَلَمْ تَجِدُوا مَاءً فَتَيَمَّمُوا صَعِيدًا طَيِّبًا» «Bas, pokiza tuproq ila tayammum qilinglar» (Moida. 6-oyat). Shundan so‘ng ayolga:«Taomim bor, taomlanib olasizmi?» dedim. U ayol quyidagi oyat bilan javob berdi: «أَتِمُّوا الصِّيَامَ إِلَى اللَّيْلِ» «So‘ngra ro‘zani kechasigacha batamom qiling» (Baqara. 187-oyat). Bergan bu javobidan ro‘zador ekan, deb tushundim va u ayolga: «Hozir ro‘za emas-ku?» dedim. Ayol quyidagi oyatni tilovat qilib, savolimga javob berdi: «مَنْ تَطَوَّعَ خَيْرًا فَإِنَّ اللَّهَ شَاكِرٌ عَلِيمٌ» «Kim yaxshilikni xolisona qilsa, bas, albatta, Alloh shukr qiluvchi va biluvchidir» (Baqara. 158-oyat). Bu oyatni o‘qigandan keyin nafl ro‘za tutgan ekan deb tushunib, «Alloh taolo safarda farz ro‘zani tutishni ham ixtiyoriy qilgan-ku?» deb so‘radim. Ayol bu savolimga ham oyat bilan javob berdi: «وَأَنْ تَصُومُوا خَيْرٌ لَكُمْ إِنْ كُنْتُمْ تَعْلَمُونَ» «Agar bilsangiz, ro‘za tutmog‘ingiz siz uchun yaxshidir» (Baqara 184-oyat). Qur’on oyatlari bilan savollarimga javob berganiga ajablanib, u ayoldan buning sababini so‘radim. U ayol savolim javobiga yana Qur’on oyatlari bilan javob berdi: مَا يَلْفِظُ مِنْ قَوْلٍ إِلا لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ» «U biror so‘z aytmas, magar huzurida (farishta) hoziru nozir» (Qof 18-oyat). Ya’ni inson og‘zidan chiqqan har bir so‘zga javob beradi. U ayoldan: «Qaysi qabiladansiz?» deb so‘radim. U yana quyidagi oyatlar bilan javob berdi: «وَلا تَقْفُ مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ إِنَّ السَّمْعَ وَالْبَصَرَ وَالْفُؤَادَ كُلُّ أُولَئِكَ كَانَ عَنْهُ مَسْئُولا» «O‘zing bilmagan narsaga ergashma! Albatta, quloq, ko‘z va dil – ana o‘shalar, mas’uldirlar» (Isro. 36-oyat). Ya’ni ko‘z, quloq va dilingizni bir kun kelib javob beriladigan narsalar bilan band qilmang. Ushbu oyatni tilovat qilgandan keyin, u ayoldan uzr so‘radim. Ayol dedi: «لا تَثْرِيبَ عَلَيْكُمُ الْيَوْمَ يَغْفِرُ اللَّهُ لَكُمْ» «Bugungi kunda sizlarni ayblash yo‘q. Sizlarni Alloh mag‘firat qilgay» (Yusuf. 92-oyat). Bu oyatni tilovat qilgach, «Agar xohlasangiz, manzilingizga olib borib qo‘yaman», dedim. Shunda ayol quyidagi oyatni tilovat qildi: «وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ يَعْلَمْهُ اللَّهُ» «Nima yaxshilik qilsangiz, Alloh uni biladi» (Baqara. 197-oyat). Oyatni eshitib, tuyani uning oldiga olib borib cho‘ktirdim. Ayol tuyaga minishdan oldin ushbu oyatni tilovat qildi: «قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ» «Sen mo‘minlarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar» (Nur. 30-oyat). Ushbu oyatni tilovat qilgandan keyin tushundimki, bemalol tuyaga minib olishi uchun qaramay turushim kerak ekan deb, tuyani topshirib, bir chetga borib turdim. Endi ayol tuyaga minaman, degan edi, tuya to‘satdan turib ketib qoldi va ayolning yopinchig‘i kajavaga ilinib, yirtilib ketdi. Shunda u ayolga o‘z qayg‘umni izhor qildim. Shunda ayol ushbu oyatni tilovat qildi: «وَمَا أَصَابَكُمْ مِنْ مُصِيبَةٍ فَبِمَا كَسَبَتْ أَيْدِيكُمْ وَيَعْفُو عَنْ كَثِيرٍ» “Sizga qaysi bir musibat etsa, bas, o‘z qo‘lingiz qilgan kasbdandir va U Zot ko‘pini afv qilur» (Shuaro. 30-oyat). Ya’ni bu bo‘lgan voqeada sizni aybingiz yo‘q. Bu mening amalim natijasidir. Shunda Abdulloh ibn Muborak:«Siz ozgina to‘xtab turing, men tuyaning oyoqlarini tushovlab qo‘yaman. Shunda sizga minish oson bo‘ladi», dedi. Ayol bu gaplarni eshitib quyidagi oyatlarni o‘qidi: «فَفَهَّمْنَاهَا سُلَيْمَانَ» «Bas, uni biz Sulaymonga fahmlatdik» (Anbiyo. 79-oyat). Qur’on oyatlarini eshitib, to‘g‘ri chora topdingiz, demoqchi bo‘lganini tushundim va tuyani oyoqlarini tushab qo‘ydim. U bemalol tuyaga minib olgandan keyin quyidagi oyatlarni tilovat qildi: «سُبْحَانَ الَّذِي سَخَّرَ لَنَا هَذَا وَمَا كُنَّا لَهُ مُقْرِنِينَ (١٣) وَإِنَّا إِلَى رَبِّنَا لَمُنْقَلِبُونَ» «Bizga buni bo‘ysundirgan Zot pokdir. Biz bunga qodir emas edik. Va, albatta, Biz Robbimizga qaytguvchilardirmiz», degaysiz» (Zuxruf 13-14 oyat). Men tuyani yuganidan tutib baland ovoz bilan uni etaklay boshladim. Shunda ayol quyidagi oyatlarni tilovat qildi: «وَاقْصِدْ فِي مَشْيِكَ وَاغْضُضْ مِنْ صَوْتِكَ» «Yurishingda mo‘’tadil bo‘l va ovozingni pasaytir» (Luqmon. 19-oyat). Men ohista yurib hirgoyi qila boshladim. Shunda ayol Qur’on oyatlaridan quyidagilarni tilovat qildi: «فَاقْرَءُوا مَا تَيَسَّرَ مِنَ الْقُرْآنِ» «Qur’ondan muyassar bo‘lganicha o‘qinglar» (Muzzammil. 20-oyat). Ya’ni hirgoyi qilib yurgan narsangdan Qur’oni karimni tilovat qilganing afzal. Shundan keyin u ayolga: «Sizga Alloh taolo ko‘p fazilatli sifatlarni ato etgan ekan. Lekin hamma ham siz kabi bo‘la olmaydi», dedim. Shunda ushbu oyat bilan javob berdilar: «وَمَا يَذَّكَّرُ إِلا أُولُو الألْبَابِ» «Va faqat aql egalarigina eslaydilar» (Oli Imron. 7-oyat). Yo‘lda yurib ketayotib, u ayolning eri haqida so‘radim. Shunda quyidagi oyat u ayol tomonidan tilovat qilindi: «يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لا تَسْأَلُوا عَنْ أَشْيَاءَ إِنْ تُبْدَ لَكُمْ تَسُؤْكُمْ» «Ey iymon keltirganlar! Har xil narsalarni so‘rayvermanglar. Agar zohir bo‘lsa, sizga yomon bo‘ladi» (Moida. 101-oyat). Bu oyatdan keyin yo‘lda jim davom etdim. Bir muncha yurgandan keyin yo‘lda bir karvonga yaqinlashdik. Shunda u ayoldan «Karvonda biror yaqiningiz bormi?» deb so‘radim. Ayol «Kahf» surasini ushbu oyatlarini tilovat qildi: «الْمَالُ وَالْبَنُونَ زِينَةُ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا» «Mol-mulk, bola-chaqa hayoti dunyo ziynatidir» (Kahf. 46-oyat). Bu oyatni tilovat qilgandan keyin karvonda ayolning farzandlari bor ekan, deb tushundim. Ayoldan farzandlarini ismlarini so‘radim. U ayol farzandlarining ismini aytish o‘rniga quyidagi oyatlarni tilovat qildi: «وَبِالنَّجْمِ هُمْ يَهْتَدُونَ» «Va alomatlar hamda yulduzlar ila ular yo‘l topurlar» (Nahl. 16-oyat). Oyatni tilovat qilishiga ayolning farzandlari karvon yo‘lboshchilari ekanlarini tushundim. Ayol ushbu oyatni tilovat qilgandan so‘ng quyidagi uch oyat bilan farzandlarining ismlarini Qur’on oyatlari bilan aytib berdi: «وَاتَّخَذَ اللَّهُ إِبْرَاهِيمَ خَلِيلا» «Va Alloh Ibrohimni do‘st tutgan edi» (Niso. 125-oyat). «وَكَلَّمَ اللَّهُ مُوسَى تَكْلِيمًا» «Va Alloh Muso ila o‘ziga xos gaplashdi» (Niso. 164-oyat). «يَا يَحْيَى خُذِ الْكِتَابَ بِقُوَّةٍ» “Ey Yahyo, kitobni quvvat-la ol!” (Maryam 12-oyat). Ushbu oyatlardan ayol farzandlarining ismlari Ibrohim, Muso va Yahyo ekanini tushundim. Baland ovoz bilan ayol farzandlarini ismi bilan chaqirdim. Bir chodirdan uchta xush surat yigitlar chiqib, onalarini darhol tuyadan tushurib oldilar. Hotirjam bo‘lib bir joyga o‘tirganimizda ayol quyidagi oyatlarni tilovat qildi: «فَابْعَثُوا أَحَدَكُمْ بِوَرِقِكُمْ هَذِهِ إِلَى الْمَدِينَةِ فَلْيَنْظُرْ أَيُّهَا أَزْكَى طَعَامًا فَلْيَأْتِكُمْ بِرِزْقٍ مِنْهُ» “… shaharga biringizni ushbu pulingiz ila yuboring, nazar solib, yaxshi taomni tanlab, undan rizq keltirsin” (Kahf 19-oyat). Ayol bu oyatni tilovat qilishiga yigitlardan biri karvonga yaqin shaharlardan biriga borib, taom keltirdi va dasturxonga qo‘ydi. Shunda ayol dasturxonga marhamat deyish uchun quyidagi oyatlarni tilovat qildi: «كُلُوا وَاشْرَبُوا هَنِيئًا بِمَا أَسْلَفْتُمْ فِي الأيَّامِ الْخَالِيَةِ» “O‘tgan kunlarda qilgan narsalaringiz tufayli englar va ichinglar, osh bo‘lsin” (al-Haqqo 24-oyat). Ovqatlanishdan oldin Abdulloh ibn Muborak ayol farzandlaridan onalari haqida so‘rab-surushtirdi. Ulardan biri: “Onamiz 40 yildan buyon shu tarzda suhbatlashadilar. U kishi doimo Qur’on oyatlari bilan murojaat qiladilar va javob beradilar. Onamiz qiyomat kuni Alloh taolo huzurida nomai a’molimdan behuda biror so‘z chiqmasin deb, qo‘rqib Qur’on oyatlari bilan suhbatlashishga odatlanganlar. Ushbu gaplardan keyin quyidagi oyatlarni tilovat qildim: «ذَلِكَ فَضْلُ اللَّهِ يُؤْتِيهِ مَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ ذُو الْفَضْلِ الْعَظِيمِ» “Bu Allohning fazlidir (va uni) xohlagan kishisiga beradir. Alloh ulug‘ fazl egasidir” (Juma 4-oyat). Qiyomat kuni shu ayol kabilar Alloh taolo huzurida jam bo‘ladilar. Zamonamizning ayollari asosiy vaqtlarini g‘iybat, ig‘vo, mazax va bo‘hton bilan o‘tkazmoqdalar. Nari borsa, hozirgi ayollar 5 vaqt namozni to‘liq qilib o‘qiganlari o‘qiydi. O‘qimaganlari esa asosiy “vazifalari” g‘iybat bilan vaqtlarini o‘tkazadilar. Bunday ayollar qiyomat kuni Alloh taolo huzurida Qur’on oyatlari bilan so‘zlashuvchi singari ayollar oldida o‘zlarini qanday his qilar ekanlar. Tarixga nazar solsak, bu ummat ayollari ichidan olima, taqvodor va farzand tarbiyasida o‘rnak bo‘ladigan, Alloh taoloning huzurida baland martabalarni topishda erkaklardan sira ortda qolmaydigan ayollar o‘tganlari ma’lum bo‘ladi. Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 06:03 | Savol-javoblar | 159 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar