Insonning yaratilishi

Assalomu alaykum! Yaqinda Zokir Naik degan kishini ma’ruzasini eshitib qoldim. U inson aytabdiki har bir odam yaratilishi vaqtida so‘ralar ekan odam qilib yarataylikmi yoki farishtami deb. Shunda inson odam deb javob qilar ekan, lekin bu narsa hozir xotiramizdan o‘chirib tashlangan deyaptilar. Shu gap rostmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Siz noto‘g‘ri tushunib olibsiz. Inson urug‘i ona qorniga tushgach bir necha kun o‘tib unga vakil qilingan farishta Allohdan “Bu muxallaqami yoki g‘oyri muxollaqami” ya’ni “Chaqaloq bo‘lib dunyoga kelsinmi yoki kelmasinmi” deb so‘raydi. Alloh izn bersa chaqaloq bo‘lib dunyoga keladi. Aks holda tushib ketadi. Alloh taolo "Haj" surasida marhamat qiladi: يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِن كُنتُمْ فِي رَيْبٍ مِّنَ الْبَعْثِ فَإِنَّا خَلَقْنَاكُم مِّن تُرَابٍ ثُمَّ مِن نُّطْفَةٍ ثُمَّ مِنْ عَلَقَةٍ ثُمَّ مِن مُّضْغَةٍ مُّخَلَّقَةٍ وَغَيْرِ مُخَلَّقَةٍ لِّنُبَيِّنَ لَكُمْ وَنُقِرُّ فِي الْأَرْحَامِ مَا نَشَاء إِلَى أَجَلٍ مُّسَمًّى ثُمَّ نُخْرِجُكُمْ طِفْلًا ثُمَّ لِتَبْلُغُوا أَشُدَّكُمْ وَمِنكُم مَّن يُتَوَفَّى وَمِنكُم مَّن يُرَدُّ إِلَى أَرْذَلِ الْعُمُرِ لِكَيْلَا يَعْلَمَ مِن بَعْدِ عِلْمٍ شَيْئًا وَتَرَى الْأَرْضَ هَامِدَةً فَإِذَا أَنزَلْنَا عَلَيْهَا الْمَاء اهْتَزَّتْ وَرَبَتْ وَأَنبَتَتْ مِن كُلِّ زَوْجٍ بَهِيجٍ۝ 5. Ey odamlar! Agar qayta tirilish haqida shubha qiladigan bo‘lsangiz, bas, Biz sizga bayon qilishimiz uchun sizlarni tuproqdan, so‘ngra nutfadan, so‘ngra alaqadan, so‘ngra bitgan-bitmagan bir chaynam go‘shtdan yaratdik. Va bachadonlarda xohlagan narsamizni ma’lum muddatgacha qaror toptirarmiz. Keyin sizlarni go‘dak holingizda chiqararmiz. So‘ngra voyaga etishingiz uchun (tarbiya qilarmiz). Sizdan vafot qilib ketadiganlar ham, bilganidan keyin hech narsani bilmay qoladigan darajada nochor umrga etadiganlar ham bor. Va erni qaqragan holda ko‘rarsan. Qachonki Biz unga suv tushirsak, u seskanadir va ko‘pchiydir. Hamda har xil go‘zal juftlarni o‘stiradir.
«Ey odamlar! Agar qayta tirilish haqida shubha qiladigan bo‘lsangiz…» bilib qo‘yingki,
«…Biz… sizlarni tuproqdan... yaratdik»
, – demoqda.
«Sizning otangiz Odamni tuproqdan yaratganmiz. Insonni quruq tuproqdan yaratgan Zot o‘lgan odamni qayta tiriltira olmaydimi?! Insonni yo‘qdan bor qilgan va unga jon bergan Zot endi uni o‘limdan so‘ng tiriltirib, o‘zi olgan jonni qayta kirita olmaydimi?!
«...so‘ngra nutfadan... yaratdik».
Inson yo‘q edi. U otasining nutfa - spermasidan dunyoga keldi. Bu maniyda minglab urug‘lar bo‘ladi. Ulardan faqat bittasigina onaning tuxumiga urchiydi. Boshqalari behuda yo‘q bo‘lib ketadi. Oddiy, ko‘zga ko‘rinmas ushbu zarrachalar bilan barkamol inson orasida qancha farq bor?! Ana shu zarradan odamni yaratgan Xoliq Alloh o‘lgan odamni qayta tiriltira olmaydimi?!
«...so‘ngra alaqadan...»
Arab tilida «alaqa» deb, aslida, zulukka aytiladi. Yaqingacha «alaqa»ni «qotgan laxta qon» deb aytib kelingan. Ammo ilm rivojlanib, bachadondagi homilaning turli jarayonlarini suratga olish imkoni tug‘ildi. Shunda Qur’oni Karimda «alaqa» deb nomlangan bosqichdagi homila bachadonga zulukdek yopishib turishi ma’lum bo‘ldi. Alaqaning surati haqiqiy zuluk bilan solishtirilsa, ularni farqlab bo‘lmaydi. Homilani o‘rganishda dunyoda etakchi hisoblangan amerikalik va kanadalik olimlar bu hol bilan qiziqib, Qur’oni Karimda homila haqida kelgan oyatlarni o‘rganib chiqdilar. Va homila xususidagi eng to‘g‘ri ilm Qur’on ilmi ekanini ta’kidladilar, uni ilohiy Kitob deb tan oldilar.
Xo‘sh, o‘sha zulukka o‘xshash qotgan laxta qon bilan inson orasida qancha farq bor? Mazkur qonni biror kishiga ko‘rsatib, «Kelajakda mana shu senga o‘xshagan odam bo‘ladi», – desa, kim ishonadi? Lekin Alloh taolo shuni qiladi. Ana o‘sha ishni qilib, bir parcha alaqa qondan odam yaratgan Alloh o‘lgan odamni qayta tiriltira olmaydimi?!
«...so‘ngra bitgan-bitmagan bir chaynam go‘shtdan...»
Homila rivojlanib, laxta qon shaklidan bir parcha chaynalgan go‘sht holiga o‘tadi. Ana o‘shanda unga shakl kiradi. Shakl kirsa, bitgan bo‘ladi. Shakl kirmasa, bitmagan bo‘ladi, bachadondan tushib ketadi. Hech kim uni eslamaydi ham. Endi o‘sha bir parcha chaynalgan go‘shtga o‘xshash narsa bilan inson orasida qancha farq borligini bir o‘ylab ko‘raylik? O‘sha go‘shtdan insonni yaratgan Alloh o‘lgan odamni qayta tiriltira olmaydimi?!
«…Biz sizga bayon qilishimiz uchun… yaratdik».
Ya’ni «Sizga qudratimiz qanchalik ekanini bayon qilish uchun sizni yaratdik».
«Va bachadonlarda xohlagan narsamizni ma’lum muddatgacha qaror toptirarmiz».
Yuqorida vasf qilingan bosqichlar o‘tganidan keyin Alloh taolo xohlaganini onaning bachadonida ma’lum muddatgacha, tug‘ilish vaqti kelgunicha qoldiradi. Xohlaganini tushirib yuboradi. Demak, homila nutfa, alaqa va bir chaynam go‘sht bosqichlaridan o‘tganidan keyin ham uning hali odam bo‘lish-bo‘lmasligi aniq emas. Ana o‘sha bosqichlardan o‘tkazgan Alloh uning bola bo‘lishini xohlasa, onaning bachadonida qoldiradi. Xohlamasa, tushirib yuboradi. Ana shularga qodir Zot o‘lgan odamni qayta tiriltira olmaydimi?! ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 21:08 | Savol-javoblar | 174 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar