Gunohi kabira

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, yaqinda bir tanishim gunohi kabira hakida “Gunohi kabiralarni Alloh xech kechirmaydi” dedi. Uni aytishi bo‘yicha Shirkdan boshqa gunohni qilgan musulmon bo‘lsa ham Alloh kechirmas ekan va o‘sha gunohni qilib vafot etgan kishiga istig‘for aytish foydasiz ekan. Shu gaplar qanchalik haqiqat? Alloh sizlardan rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Tanishingiz, shirk keltirib tavba qilmasdan vafot qilgan odamlar haqidagi gapni aytibdi. Istig‘for bilan albatta gunohlar mag‘firat qilinadi. Alloh taolo “Niso” surasida marhamat qiladi : إِنَّ اللّهَ لاَ يَغْفِرُ أَن يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَن يَشَاء وَمَن يُشْرِكْ بِاللّهِ فَقَدِ افْتَرَى إِثْمًا عَظِيمًا۝ 48. Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqani O‘zi xohlagan kishidan kechiradir. Kim Allohga shirk keltirsa, shubhasiz, ulkan gunohni to‘qibdir. Shirk keltirish katta gunoh ekani boshqa oyatlarda ham qayta-qayta ta’kidlangan. Ammo bu oyatda shirkning yagona kechirilmas gunoh ekani bildirilmoqda. «Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirilishini kechirmas». Aslida shirk yaratuvchilikda, ibodat va tarbiyakunandalikda Allohdan boshqani Unga sherik deb bilishdir. Kim shirkka mansub aqiydani o‘ziga munosib ko‘rsa yoki amalini qilsa, mushrik hisoblanadi. Shirkning har bir ko‘rinishi katta zulmdir. Zulm bo‘lganda ham, Allohga, yaratgan Zotga, rizq bergan Zotga nisbatan zulmdir. Kimki shirk keltirsa, o‘zi bilan Alloh o‘rtasidagi aloqani uzgan bo‘ladi. U endi Allohning mag‘firatiga loyiq bo‘lmay qoladi. Shuning uchun ham Alloh taolo shirk keltirganlarning gunohini hech qachon kechirmaydi. Ammo iymon bilan o‘tganlarning – shirk keltirmaganlarning boshqa gunohlari bo‘lsa, xohlagan odamini mag‘firat qilaveradi. «Undan boshqani O‘zi xohlagan kishidan kechiradir. Kim Allohga shirk keltirsa, shubhasiz, ulkan gunohni to‘qibdir». Imom Ibn Abi Hotim Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam: «Allohga shirk keltirmay vafot etgan har bir jon mag‘firatga sazovordir. Alloh xohlasa uni azoblaydi, xohlasa kechiradi. Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirilishini kechirmaydi. Undan boshqa gunohni, kimni xohlasa, kechiradi», – deganlar. ("Tafsiri hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 08:03 | Savol-javoblar | 172 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar