Yaxudiylarga nozil bo‘lganda bayram qiladigan oyat qaysi

Assalomu alaykum! Umar ibn Xattobdan: “Yahudiylardan bir kishi menga: “Ey Amir al-Mo‘minin, kitobingizda bir oyat bordir, sizlar uni o‘qiysizlar, agar shu oyat bizga nozil bo‘lganda edi, o‘sha kunni biz bayram qilib olar edik”, -dedi. Men: “Qaysi oyat?”, -deb so‘radim. U: “” degan oyat, - deb aytdi. “Ha, biz o‘sha oyati karima tushgan kunni va tushgan joyni bilurmiz. Jum’a kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Arafotda turganlarida nozil bo‘lgandir”, - dedim. Ushbu hadisda qaysi suradagi qaysi oyat haqida gap ketmoqda javobingiz uchun oldindan raxmat. Alloh barchamizdan rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo "Moida" surasida marhamat qiladi: حُرِّمَتْ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةُ وَالْدَّمُ وَلَحْمُ الْخِنْزِيرِ وَمَا أُهِلَّ لِغَيْرِ اللّهِ بِهِ وَالْمُنْخَنِقَةُ وَالْمَوْقُوذَةُ وَالْمُتَرَدِّيَةُ وَالنَّطِيحَةُ وَمَا أَكَلَ السَّبُعُ إِلاَّ مَا ذَكَّيْتُمْ وَمَا ذُبِحَ عَلَى النُّصُبِ وَأَن تَسْتَقْسِمُواْ بِالأَزْلاَمِ ذَلِكُمْ فِسْقٌ الْيَوْمَ يَئِسَ الَّذِينَ كَفَرُواْ مِن دِينِكُمْ فَلاَ تَخْشَوْهُمْ وَاخْشَوْنِ الْيَوْمَ أَكْمَلْتُ لَكُمْ دِينَكُمْ وَأَتْمَمْتُ عَلَيْكُمْ نِعْمَتِي وَرَضِيتُ لَكُمُ الإِسْلاَمَ دِينًا فَمَنِ اضْطُرَّ فِي مَخْمَصَةٍ غَيْرَ مُتَجَانِفٍ لِّإِثْمٍ فَإِنَّ اللّهَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ۝ 3. Sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti, Allohdan o‘zgaga atab so‘yilgan, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, suzishdan o‘lgan, yirtqich egan hayvonlar – magar (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol) – va butlarga so‘yilgan hayvonlar hamda cho‘plar ila fol ochishingiz harom qilindi. Bu fisqdir. Bugungi kunda kufr keltirganlar diningizga zarar etkazishdan umid uzdilar. Ulardan qo‘rqmanglar, Mendan qo‘rqinglar. Bugungi kunda sizga diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim. Kimki gunohga moyil bo‘lmagan holida qattiq ochlikda majbur bo‘lib qolsa, albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir.
Ushbu xitob halol-harom, ba’zi hayvonlarni shar’iy yo‘l bilan so‘yish, halol go‘shtlar qay holatda haromga aylanishi masalalariga oid oyati karima ichida kelishining o‘zi e’tiborga sazovordir. Bu hol din degan tushuncha keng tushuncha ekanini, hozirgi ba’zi bir gumrohlarning fikricha, har bir odamning qalbida saqlashi lozim bo‘lgan o‘yi, xayoli va fikri emas, balki inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi shomil tuzum-nizom ekanini ko‘rsatadi. Din o‘zida e’tiqod masalalarini ham, shu bilan birga, odob-axloq, muomala, ma’naviyatlar, ta’lim-tarbiya, iqtisod, siyosat, ijtimoiy masalalar, ibodatlar, halol-harom va boshqa muammolarni ham o‘z ichiga oladi.
Mazkur barcha ishlarda shariat hukmiga amal qilganlar Allohning amriga itoat etgan bo‘ladilar. Amal qilmaganlar esa Allohning amriga isyon qilgan bo‘ladilar. Chunki mukammalligi Alloh taolo tomonidan e’lon etilgan shariatdan boshqa tomonga og‘ish uni e’tirof etmaslik bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida kufrga eltadi. Kimki Islom shariatini hayotiga dastur qilib olsa, ilohiy dasturni, barkamol dasturni olgan bo‘ladi. Uning aqiydasi barkamol bo‘ladi. Ma’naviy hayoti barkamol bo‘ladi. Ta’lim-tarbiyasi, odob-axloqi, iqtisodi, ijtimoiy hayoti, siyosati, turli aloqalari, tuzumlari barkamol bo‘ladi. Ikki dunyodagi baxt-saodati barkamol bo‘ladi. Borliqni yaratgan qodir Alloh insonni ham shu borliq xalifasi etib O‘zi yaratgan. O‘zi yaratgan borliqda O‘zi yaratgan odam qanday dasturga amal qilib yashasa, ikki dunyo saodatiga erishishini ham O‘zi yaxshi biladi. Buyuk yaratuvchi Alloh mukammal qilib qo‘ygan ushbu dinga yurmay, boshqa dinlarni axtarganlar esa men Xudodan ham yaxshi yo‘l topuvchiman, deb da’vo qilgan bo‘ladi.
«Sizga ne’matimni batamom qildim».
Demak, dinni mukammal qilib berishning o‘zi ulkan va batamom ne’matdir. Islomning ulug‘ ne’mat ekanini musulmon bo‘lganlar biladi. Ayniqsa, avval turli johiliyatlar va ularning tuzumlarini sinab ko‘rib, keyin musulmonlikka o‘tganlar juda yaxshi biladilar.
Alloh taolo mo‘min bandalariga mukammal din qilib bergan Islomning batamom ne’mat ekanini yaratgan Xoliqni inkor etib yurgan xudosizlarning fojiali oqibatlarini ko‘rganda yanada yorqinroq tushunib etiladi. Bu haqiqatni xudosizlar dunyo xalqlari boshiga olib kelgan bitmas-tuganmas musibatlarni idrok etganlar yaxshi biladilar.
Alloh taolo bandalariga mukammal din qilib bergan Islomning ulug‘ ne’mat ekani molga, daraxtga, insonning jinsiy a’zosiga sig‘inib, zalolatda yurganlarni ko‘rganda bilinadi.
Bu ne’matning qadri inson aqliga or hisoblangan turli buzuq aqiydalarning holini ko‘rganda tushuniladi.
Mukammal din Islomning bandalarga ulug‘ ilohiy ne’mat ekani axloq-odobdan bexabar, otasini ham tanimaydigan, dunyodagi hech bir razolatdan qaytmaydigan, bezori va jinoyatkor avlodlar etishib chiqqanda bilinadi.
Mukammal din Islomning qadri oilalar buzilib, er-xotin, ota-ona va farzandlar o‘rtasidan, jamiyatdagi kishilar orasidan mehru oqibat ko‘tarilib, odamlar bir-birlariga dushmanlik ruhida, behurmatlik ruhida, mehr-shafqatsizlik ruhida shakllanib, ijtimoiy aloqalari buzilib bo‘lgan jamiyatlarning holini ko‘rganda bilinadi.
Mukammal din Islomning bandalarga ulug‘ ilohiy ne’mat ekanini iqtisodiy holatlar og‘irlashib, kishilar o‘z mehnati samarasini ko‘ra olmay, davlat yoki mulkdorlardan zulm chekib, bola-chaqasini boqish u yoqda tursin, hatto qornini ham to‘ydira olmay yurganida tushunib etiladi.
Shu bilan birga, bir guruh nobakorlar oddiy insonlarning peshona teri bilan topgan mablag‘larini xoh davlat nomi bilan, xoh ish odami nomi bilan turli uslublar ila tortib olib, ayshu ishrat qilib yurganlarini anglab etganlar mukammal din – Islomning, aynan Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning shariatlarining ilohiy ne’mat ekanini tushunadilar.
Mukammal din – Islomning haqiqiy ilohiy ne’mat ekanini kuchli kuchsizni eb, hamma yoqda zulm urchib, inson o‘z jonini, bolalarini, molu mulkini va obro‘-nomusini himoya qila olmay qolgan jamiyatlarni ko‘rganda tushunib etiladi.
Mukammal din bo‘lmish Islomning Alloh taolo tomonidan bandalarga ulug‘ ne’mat qilib berilganini havoyi nafsiga berilgan siyosatchilar xalqlarni bir-biriga urushtirib, qonini to‘kkanlari etmay, butun dunyoni vayron qilish xavfi ostiga olib kelib qo‘yganlarini haqiqiy tushunib etganlar anglaydilar.
Agar insoniyat bu ne’matning qadriga etganida edi, uni qabul qilib, o‘rgangan va hayotiga tatbiq etganida edi, dunyoda hech qanday muammo qolmagan bo‘lar edi.
«Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim».
Alloh taolo insoniyatga amal qilish uchun faqat bitta dinni – Islomni yuborgan. Bundan boshqa hech bir dinga rozi emas. Shu boisdan ham boshqa dinlar Uning dargohida qabul emas. Alloh taoloning bu xitobi musulmon bandalari uchun ulkan sharafdir. Alloh taoloning katta inoyatidir. Shu bilan birga, bu inoyat musulmonlar zimmasiga katta mas’uliyat ham yuklaydi. Avvalo, musulmonlar Islomga to‘liq amal qilishlarini, qolaversa, o‘zlariga nasib etgan ulug‘ ne’matni butun dunyo xalqlariga ham tarqatishlarini vazifa etib yuklaydi.
Mukammal din – Islom bandalarga Allohning ulkan ne’mati ekanini insofli g‘ayrimusulmon shaxslar ham har doim anglab kelganlar. Ulamolarimiz o‘z kitoblarida ishonchli manbalardan rivoyat qilishlaricha, yahudiylar hazrati Umari Odil roziyallohu anhuning huzurlariga kelib:
– Sizlarning kitobingizda bir oyat bor, agar shu oyat biz yahudiylarga nozil bo‘lganida edi, o‘sha oyat nozil bo‘lgan kunni o‘zimizga bayram qilib olar edik, – degan ekanlar. Hazrati Umar roziyallohu anhu:
– Qaysi oyatni aytmoqchisizlar? – deb so‘rabdilar. Yahudiylar:
– «Bugungi kunda Men sizga diningizni mukammal qilib berdim» oyatini, – deyishibdi. Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu:
– Biz u kunni bir emas, ikki bayram qilganmiz: ham juma – haftalik bayram, ham qurbon iydi – yillik bayram, – degan ekanlar.
Mazkur ulkan haqiqat bayon qilingach, oyatda yana avvalgi mavzuga qaytiladi:
«Kimki gunohga moyil bo‘lmagan holida qattiq ochlikda majbur bo‘lib qolsa, albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir».
Bu uslub ham Qur’oni Karimning o‘ziga xos ilohiy uslubidir. Qarang, halol-harom masalasini bayon qilish jarayonida, orada qisqa iboralar orqali bir olam ma’noni o‘zida mujassam etuvchi haqiqatlar ifodalanmoqda.
Yuqoridagi hukmlarda ayrim holatlardagi go‘shtlarning harom ekani ta’kidlangan edi. Oxirgi jumlada esa istisno tariqasida muztarlik (zaruratlik) holatida hukm nima bo‘lishi o‘rgatilmoqda. Ya’ni, deylik, inson ochlikdan muztar bo‘ldi – qiyin holga tushib qoldi, egani ovqati yo‘q, faqat harom qilingan go‘shtlar bor, xolos. Bular harom, deb ulardan iste’mol qilmasa, halok bo‘ladi. Nima qilish kerak? Mana shunday holda, gunohga moyil bo‘lmagan holda, ya’ni o‘zini halokatdan saqlab qoladigan miqdorda o‘sha harom narsadan iste’mol qilsa bo‘ladi. Nochorlikdan qilingan bu ish uchun Alloh uni iqob qilmaydi. Zotan, Alloh mag‘firatli va rahmli Zotdir. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 21:09 | Savol-javoblar | 160 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar