Qasamdan kechish

Assalomu alaykum! Bir tanishim holidan kelib chiqib beryapman. Yosh yigitni oila o‘qituvchiga tayyorlov kursiga berishadi. O‘qituvchi(ayol) zinodan hazar qilmas bo‘lib yigitni u bilan zinoga undaydi va farzand bo‘ladi. Lekin u ayolni eri oilasi bor, tavba qildim eri hammasini bilgan holda bemalol yashab yurishipti. Farzandi uchun bu yigitchadan aliment olib turishadi. Shu yoshlik va tarbiya sustlik oqibatidan va hisdan foydalanib u ayol o‘qituvchi yigitchaga Qur’on tutqazib "boshqa birovga qaramayman va boshqa ayolga uylanmayman" deb qasam ichtirgan. Endi uylan desa qasamim bor deb yuripti. Gunohlari uchun tavba qilsa. Qasamidan qanday qutilsa bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! “Yigit” Alloh va rasuli harom qilgan katta gunohni qilibdi. Tezda tavba qilmasa, bu ishidan qaytmasa, oqibati juda ham yomon bo‘ladi. Tezda oila qursin. Agar qasam ichgan bo‘lsa, uni buzishning kafforati quyidagichadir:1. Bir qul ozod qilish.
Qasamini buzgan kishiga kafforat uchun belgilangan jazo choralaridan Islom dini beva-bechoralarga, kambag‘al-miskinlarga qanchalik e’tibor bilan qaragani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Shuningdek, bu mukammal va olamshumul dinning qulchilikka qarshi bo‘lgani va qullarni ozod qilishga qattiq uringani ham ko‘rinib turibdi. Islomda bu ishlar gunohlarni yuvadigan ibodat darajasiga ko‘tarilgani e’tiborga sazovordir.2. O‘nta miskinni to‘ydirish.
Miskinlarni to‘ydirishdagi mazkur o‘lchov kafforat beruvchi o‘z ahliga beradigan bir kunlik o‘rtacha taom miqdoridir. Agar kafforat ado etishi lozim bo‘gan shaxs o‘nta miskinga taom berishni xohlamasa, uchinchi xil kafforatni ado etishi ham mumkin.3. O‘nta miskinga butun badanini to‘sadigan bir sidra kiyim berish.
Kiyim ham o‘sha vaqtning, joyning va qavmning o‘rtacha kiyimi bo‘ladi.
Og‘ziga kuchi etmaydigan, o‘ziga e’tibor qaratish va bir ishni qilish yoki qilmasligini ta’kidlash maqsadida Alloh taoloning nomi ila qasam ichib, so‘ngra o‘z qasamiga sodiq qola bilmagan odam aslida Allohga nisbatan katta beodoblik qilgan bo‘ladi. Bu ishning jazosiga boshqacharoq chora ham belgilash mumkin edi. Ammo Alloh taolo aynan faqir, miskin va qullarga mehr ko‘rsatib, ularning foydasini ko‘zlovchi choralarni belgilagan.
Qasamini buzadiganlarning hammasi ham o‘nta miskinni to‘ydirish yoki ularga bir sidra kiyim olib berish, yoxud bir qul ozod qilish imkoniga ega bo‘lavermaydi. Ularning ichlarida kambag‘allari ham bo‘lishi turgan gap. Ana shunday imkoni yo‘q qasamxo‘rlarga o‘ziga xos jazo chorasi belgilangan:4. Agar ularni ado etish paytida ojiz bo‘lsa, ketma-ket uch kun ro‘za tutadi.
Demak, qasamini buzgan odam kafforatni ado qilish uchun o‘nta miskinni taomlantirish yoki shuncha adaddagi miskinga kiyim-bosh olib berish, yoxud bir qul ozod qilishga moliyaviy imkoni yo‘q bo‘lsa, uch kun ro‘za tutib, kafforatni ado etishi vojib bo‘ladi.
Avvalgi uch jazo chorasining ichidan birini tanlash ixtiyoriydir, lekin to‘rtinchi jazo chorasini ado etishga faqatgina mazkur uch chorani ado etishga imkoni yo‘q kishilargina muyassar bo‘ladilar. Vallohu a’lam!

13 May 2022, 01:39 | Savol-javoblar | 177 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar