Noshukurlik bo‘lmaydimi?

Assalomu alaykum! Ustozlar, Alloh kilayotgan xizmatingizga munosib ajr bersin. Savolim kuyidagicha: 3 yil oldin nufuzli institutni tamomladim. Bir necha joyda ishladim va o‘tgan yili shaxsiy kichik biznesimni sherikchilik evaziga yo‘lga qo‘ydim. Allohga xamd bo‘lsin oilamiz dinga e’tiborli, dinimiz buyurgan farz amallarning hammasini qo‘ldan kelgancha ado etamiz. Negadir 1-2 yildan beri ishlarim unchalik yurishmayapti. Albatta rizq Allohdanligini, taqdirimga yozilganidan ortig‘i ham kami ham nasib qilmasligini bilaman va bunga iymon keltirganman. Boriga shukr qilib halol mexnatda davom etyapman. Ba’zan yaqin do‘stimga ishlarim yurishmayotganini va muommolarimni aytib engil tortaman, lekin bundan maqsadim nolish emas. Shu xolatda men noshukurlik yoki Yaratganning menga yuborgan sinovlariga norozilik qilayotgan bo‘lib qolmayapmanmi? Javobingiz uchun tashakkur. Alloh xammamizdan rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Maslahat yoki yo‘l-yo‘riq so‘rash ma’nosida bo‘lsa, zarari yo‘q. Albatta shukurni ko‘paytirib noshukurlikni yo‘qoting. Alloh taolo “Ibrohim” surasida marhamat qiladi: وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِن شَكَرْتُمْ لأَزِيدَنَّكُمْ وَلَئِن كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِي لَشَدِيدٌ۝ 7. Va Robbingizning «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir», – deb e’lon qilganini ham eslang». Muso alayhissalom o‘z qavmlariga Alloh taolo qasam ichib, ta’kidlagan haqiqatni eslatmoqdalar: «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir». Shukr ne’mat beruvchi Zotga maqtov so‘zlarini aytish va ul ne’matni Allohning roziligi yo‘lida sarflashdan iboratdir. Berilgan ne’matga shukr etish insonning to‘g‘ri yo‘lda – mustaqim ekanini ko‘rsatadi. Shukr qiluvchi inson Alloh taolo o‘zini doimo kuzatib turishini his etadi va ne’mat etganda zohir bo‘ladigan manmanlik, isrof va shunga o‘xshash salbiy holatlardan xoli bo‘ladi. Natijada o‘ziga berilgan ne’matlardan foydalanib, yaxshi amallarni ko‘paytiradi. Ne’matga kufronda bo‘lish esa uning Alloh tomonidan berilishini tan olmaslik, U Zotga hamdu sano aytmaslik va ne’matni noma’qul yo‘llarda ishlatishdan iboratdir. Etgan ne’matga kufron etish uni bergan Zotga – Allohga kufr keltirishdir. Bunday odamlar «Menga ne’matni Alloh berdi», demaydi, balki «Unga o‘z ilmim, harakatim va ustaligim tufayli erishdim», deydi. Shu sababdan, o‘zlaridagi moddiy imkoniyatlarni harom-xarish, manmanlik, shuhratparastlik va shunga o‘xshash salbiy yo‘llarga ishlatadilar. Oqibatda qattiq azobga uchraydilar. Holbuki, shukronalik bandaning o‘ziga foyda keltiradi, xolos. Alloh taolo unga ehtiyojmand emas. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Siz taqvoda va so‘rashda bardavom bo‘lib tursangiz Alloh taolo bir yo‘lini ko‘rsatadi. Alloh taolo “Taloq” surasida marhamat qiladi : وَمَن يَتَّقِ اللَّهَ يَجْعَل لَّهُ مَخْرَجًا۝ وَيَرْزُقْهُ مِنْ حَيْثُ لَا يَحْتَسِبُ وَمَن يَتَوَكَّلْ عَلَى اللَّهِ فَهُوَ حَسْبُهُ إِنَّ اللَّهَ بَالِغُ أَمْرِهِ قَدْ جَعَلَ اللَّهُ لِكُلِّ شَيْءٍ قَدْرًا۝ Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo‘lini ochib qo‘yadir. 3. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur. Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, unga U Zotning O‘zi kifoyadir. Albatta, Alloh O‘z ishini etkazuvchidir. Batahqiq, Alloh har bir narsaga o‘lchov qilib qo‘ygandir. Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo‘lini ochib qo‘yadir. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur». Ya’ni kim Alloh taoloning buyurganini qilib, qaytarganidan qaytsa, bu dunyo va u dunyoning qiyinchiliklaridan chiqadigan yo‘lni Allohning O‘zi ko‘rsatib qo‘yadi. Taqvodor shaxsning mushkulini doimo Allohning O‘zi engil qilib turadi. Shu bilan birga, unga o‘zi o‘ylab, xayoliga kelmagan tomondan rizqu ro‘z etkazib beradi. Odatda, kishilar rizqu ro‘zim serob bo‘lsin, degan maqsadda taqvodan voz kechadilar. Bu esa aksincha natijaga olib keladi. Ushbu oyati karimaning ma’nosidan kelib chiqadigan qoidaga binoan, taqvodorlik qiyinchiliklarning osonlashishi va rizqning o‘ylamagan tarafdan kelishiga sabab bo‘ladi. Yuqorida zikr etilgan ishlarda hiyla-nayrang ko‘p ishlatiladi. Hiyladan qo‘rqishning o‘zi yangi hiylaga olib boradi. Shuning uchun Qur’oni Karim musulmonlarni Allohga tavakkul qilishga undab, «Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, unga U Zotning O‘zi kifoyadir. Albatta, Alloh O‘z ishini etkazuvchidir. Batahqiq, Alloh har bir narsaga o‘lchov qilib qo‘ygandir», – deydi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu «Qur’ondagi eng katta umidbaxsh oyat, ushbu «va man yattaqillaha yaj’al lahuu maxrojan va yarzuqhu min haysu laa yahtasib» degan ekanlar. Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy alayhissalom: «Albatta, banda qilgan gunohi tufayli rizqdan mahrum bo‘ladi. Qadarni duodan o‘zga hech narsa rad qila olmaydi, umrni yaxshilikdan o‘zga hech narsa ziyoda qila olmaydi», – deganlar. «Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, unga U Zotning O‘zi kifoyadir» jumlasining tafsiriga ulamolarimiz quyidagi hadisni keltiradilar. Nabiy alayhissalom Abdulloh ibn Mas’udga qilgan nasihatlarida jumladan: «...Va bilki, agar ummatning barchasi yig‘ilib, senga manfaat etkazmoqchi bo‘lsalar ham, Alloh sen uchun taqdir qilib qo‘ygan narsadan o‘zga hech bir narsa qila olmaydilar. Agar senga zarar etkazish uchun to‘plansalar ham, Alloh sen uchun taqdir qilib qo‘ygan narsadan o‘zga hech bir narsa qila olmaydilar», – deganlar. (“Tafsiri Hilol” kitobidan).  Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 11:17 | Savol-javoblar | 170 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar