Masjiddan janozaga e’lon qilish

Assalomu alaykum! Man qishloq joyda istiqomat qilaman, avvalari xududimizda janoza yoki biron masjid va qabristonlarda bo‘ladigan xashar haqidagi xabarlar masjid ovoz kuchaytirgichi orkali xalqqa ma’lum qilinar edi. 1 yil avval masjidimiz imomi o‘zgardi va bizning bu xarakatimiz ya’ni janoza xabarlarini masjidda ovoz kuchaytirgich orqali ma’lum qilish durust emasligini aytdilar. Shu masalaga oydinlik kiritib bersangizlar. Bizda jarchi shtabi yo‘q va janoza xabarini masjid kalonkasidan xabar qilinsa butun qishloq axli eshitardi va qatnashar edi. Hozir ko‘pchilik inson ma’lumotsiz qolib ketmoqda shu borada yordam bersangizlar. Masjid ovoz kuchaytirgichlari orqali janozaga e’lon qilsak bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: نَعَى لَنَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ النَّجَاشِيَّ صَاحِبَ الْحَبَشَةِ، يَوْمَ الَّذِي مَاتَ فِيهِ فَقَالَ: اسْتَغْفِرُوا لِأَخِيكُمْ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Habashiston podshohi Najoshiy vafot etgan kuni uning o‘limi xabarini etkazib: «Birodaringiz uchun mag‘firat so‘rang», dedilar». Ushbu hadisdan fuqaholar vafot topgan kishi haqida xabar berish joizligini olganlar. Ammo masjiddan turib xalqqa e’lon qilish to‘g‘ri ish emas. Yaxshisi to‘ylarga uselitelni ijaraga beradiganlarning uyida hamma vaqt ovoz kuchaytirgich bo‘ladi. O‘shandan e’lon qildirgan yaxshi. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ سَمِعَ رَجُلًا يَنْشُدُ ضَالَّةً فِي الْمَسْجِدِ فَلْيَقُلْ لَا رَدَّهَا اللهُ عَلَيْكَ، فَإِنَّ الْمَسَاجِدَ لَمْ تُبْنَ لِهَذَا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim masjidda yo‘qolgan narsasini so‘roqlagan odamni eshitsa, unga «Alloh uni senga qaytarmasin. Masjid buning uchun bino qilinmagan», desin», dedilar». Muslim va Abu Dovud rivoyat qilganlar. Sharh: Demak, masjidda turib, yo‘qolgan narsani e’lon qilish, uni izlash mumkin emas. Chunki masjid ibodat maskanidir. Yo‘qolgan narsalarni topib beradigan idora emas. Ammo masjid eshigidan tashqarida u erga kelganlardan yo‘qolgan narsa haqida ma’lumot so‘rasa bo‘ladi. Ushbu narsaga nihoyatda e’tiborli bo‘lishimiz lozim. Ba’zi joylarda imomlar minbarda turib, yo‘qolgan narsa haqida e’lon qiladilar. Bu to‘g‘ri ish emasligi hadisdan ko‘rinib turibdi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 11:39 | Savol-javoblar | 175 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar