G‘avsul Azam

Assalomu alaykum! G‘avsul Azam haqlarida ma’lumot  bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Abdulqodir Jiloniy hijriy 471-yili Tabariston ortidagi Jiylon qishlog‘ida tug‘ilgan. Kunyasi Abu Muhammad ismi Abdulqodir ibn Abu Solih Abdulloh ibn Jangiy Do‘st hanbaliy mazhabida bo‘lgan. Abu G‘olib Boqiloniy, Ahmad ibn Muzaffar va Abulqosim ibn Bayonlardan hadis eshitgan. Sam’oniy hofiz Abdulg‘oniy va shayx Muvaffiquddin ibn Qudomalar undan hadis rivoyat qilishgan. Imom Zahabiy u zotni : “Shayx, imom, olim, zohid, orif, muqtado, avliyolar sultoni” deb ta’riflagan. (Siyaru a’lomin nubalo). Imom Sam’oniy u kishini tariflab : “Abdulqodir Jiloniy, Jiylon ahlidan bo‘lib, hanbaliy mazhabining imomlaridan va o‘z asridagi ularning shayxlaridan bo‘lgan. U kishi faqih, solih, o‘ta diyonatdor, xayriyatga to‘la, ko‘p zikr qiluvchi, doimiy fikr qiluvchi, qalbi yumshoq, ko‘zi yoshli zot edi” deganlar. Ibn Kasir rahmatullohi alayh : “Abdulqodir Jiloniy, xulqi go‘zal, tadabbur bilan sukut qiluvchi, amri-ma’ruf, nahi-munkar qiluvchi zot edi. U kishida zohidlik g‘olib edi. U kishining karomatlari va kashflari bor. Do‘stlari va ortidan ergashuvchilari u kishi haqida juda ko‘p maqtovga loyiq so‘zlarni aytganlar. Orasida bir oz oshirib yuborish ham bor. Solih, o‘ta parhezkor zot edi. “G‘uniya” va “Futuhul g‘oyb” nomli kitoblar yozgan. Kitobida hasan, zaif va mavzu darajasidagi hadislar ham keltirilgan. Mashoyixlarning raislaridan bo‘lgan” deganlar. (Albidoya va an-nihoya). Ajablanarli joyi shundaki Abdulqodir Jiloniy tasavvuflarning raislaridan bo‘lishi bilan birga tasavvufga qarshi turuvchi bid’at, shirklar qatoriga qo‘shuvchi salafiy aqiydasidagilar ham u zotni “Ahli sunna val jamoani yo‘lida yurgan zot, salafiy e’tiqodida bo‘lgan” deyishadi. Bizni bilganlarimiz shular. Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 12:55 | Savol-javoblar | 188 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar