Ko‘zni poklash

Assalomu alaykum! Alloh insonga bebaho a’zolar bergan. Tahoratda, g‘uslda bu a’zolarni poklash usullari ham bayon qilingan. Savolim : ta’rifi beqiyos ko‘zimiz haqida. Yashirib nima qildik gohi hayotiy, gohi videolar orqali behayo tasvirlarni tomosha qilamiz. Kezi kelganda ana shunday behayo tasvirlarni ko‘rishimiz asnosida, shularni ko‘rgan ko‘zimiz bilan yana norasida go‘dakka, namozxon ayolimizga boqamiz. Shunday vaqtlarda ko‘zni poklash usullari ko‘zda tutilganmi, u qanday poklanadi? Ehtimol savolim noo‘rindir, biroq shunday paytlarda hozirgina ko‘rgan tasvirlar hayoldan o‘tib ko‘ngling xijil bo‘larkan, xuddiki, ko‘zing bulg‘anganday.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Behayo suratlarni ko‘rish hech shak-shubhasiz harom.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilindi: «Alloh taolo dedi: (harom qilingan) nazar Iblisning zaharli o‘qlaridan biridir. Kimki mendan qo‘rqib uni tark qilsa uni shunday bir iymonga almashib qo‘yamanki, uning halovatini qalbida his qiladi» (Tabaroniy, Hokim).
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilindi: «Qaysi bir muslim (begona) ayolning avratiga nazar qilib, so‘ngra Allohning g‘azabidan qo‘rqqan holda undan ko‘zini olib qochsa Alloh unga shunday ibodat beradiki, uning lazzatini qalbida his qiladi» (Ahmad, Bayhaqiy).
Kishi haromga uqubatdan qo‘rqmay qarayversa, har erda o‘sha qilgan gunohi ko‘z o‘ngida gavdalanaveradi. Bu o‘sha ish razolatining asari bo‘lib, undan qutulish uchun o‘sha gunohdan butkul tiyilish, tavba qilish, istig‘for aytish, uning shukrini qilish kerak. Ko‘z ne’matining shukrini ado qilish uchun Allohni rozi qiladigan ishlarga ularni yo‘naltirish kerak. Vallohu a’lam!

6 May 2022, 06:24 | Savol-javoblar | 135 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar