Qarzdorning haridi

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, mendan bir odamning bir muncha qarzi bor. Qaytarishi kerakligi eslatilgan, lekin cho‘zilyapti. Shu odam qarzini uzmay turib (o‘zining eng birlamchi ehtiyojlaridan tashqari) o‘zi uchun biror qo‘shimcha xaridlar qilishiga(masalan changyutgich, telefon, chet elga sayohat), ya’ni ikkinchi darajali ehtiyojlari uchun pulini sarflashiga qay darajada haqli? Qarzni to‘lash nechanchi darajada turadi odam uchun?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Qarz to‘lanishi kerak bo‘lgan narsalarning eng birinchi o‘rinida turadi. Siz aytgan narsalarga pulni sarflashligi sizga zulm hisoblanib, har bir sarf xarajat qilishda harom ishni qilgan bo‘ladi.  عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَطْلُ الْغَنِيِّ ظُلْمٌ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Boyning (zimmasidagi haqni) bermay yurishi zulmdir», dedilar». 
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Moddiy imkoni bor odam o‘z zimmasidagi moliyaviy burchni ado etmay yurishi zolimlikdir. U bu bilan haqdorlarga ham, o‘ziga ham zulm qiladi. Haqdorlar undan o‘z vaqtida haqlarini ololmay, zulmga uchraydilar. O‘zi esa bu ishi bilan gunohga botib, o‘ziga zulm qilgan bo‘ladi.
Imom Shofe’iyning hukmlari bo‘yicha, agar boy kishidan mazkur ish ikkinchi marta takror bo‘lsa, uning guvohligi qabul qilinmaydi. Ya’ni jamiyatdagi ishonchsiz kishilar qatoriga qo‘shilib qoladi.
Ushbu tushuncha unutilgani sababli jamiyatlarimizda boylar, imkoni bor odamlar birovning haqini bermay yurishi keng tarqalgan. Agar biror marta «Falonchi o‘z zimmasidagi haqni vaqtida ado etmagani uchun uni ishonchsiz kishi deb e’lon qilinsin», degan hukm chiqqanida edi, darhol hamma o‘zini o‘nglab olgan bo‘lar edi. Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirda ushbu shar’iy hukmga amal qilish ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilgan. Qarzini uzish imkoni bo‘la turib, topgan pulini turli hoyi-havaslarga ishlatib yurganlar oz emas.  وَلِلْبُخَارِيِّ وَأَحْمَدَ وَالنَّسَائِيِّ: «لَيُّ الْوَاجِدِ يُحِلُّ وَعِرْضَهُ وَعُقُوبَتَهُ  Buxoriy, Ahmad va Nasoiy qilgan rivoyatda:
«Topganning bo‘yin tovlashi uning obro‘sini (to‘kishni) va uqubatini halol qiladi», deyilgan. (“Qarz” kitobidan).  Vallohu a’lam!

5 May 2022, 21:18 | Savol-javoblar | 146 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar