Uch marta turmushga chiqqan ayol foxisha bo‘ladimi?

Assalomu alaykum! Bir insondan eshitishimcha uch marta turmushga chiqqan ayol foxisha deb xisoblanar ekan. Iltimos shu savolga oydinlik kiritib bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bunday gapni aytishda Allohdan qo‘rqish kerak. Alloh taolo asos va guvohsiz bir muslimani fohisha deyishdan O‘zining kalomida qattiq qaytargan. “Nur” surasida marhamat qiladi:  وَالَّذِينَ يَرْمُونَ الْمُحْصَنَاتِ ثُمَّ لَمْ يَأْتُوا بِأَرْبَعَةِ شُهَدَاء فَاجْلِدُوهُمْ ثَمَانِينَ جَلْدَةً وَلَا تَقْبَلُوا لَهُمْ شَهَادَةً أَبَدًا وَأُوْلَئِكَ هُمُ الْفَاسِقُونَ۝ 4. Pokiza ayollarga (bo‘hton) toshi otib, so‘ngra to‘rtta guvoh keltira olmaganlarni sakson darra uringlar va ularning guvohligini abadiy qabul qilmanglar. Ana o‘shalar fosiqlardir. إِلَّا الَّذِينَ تَابُوا مِن بَعْدِ ذَلِكَ وَأَصْلَحُوا فَإِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ۝ 5. Bundan keyin tavba qilib, o‘zini isloh qilganlar mustasnodir. Zero, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir.
Jamiyatda o‘ziga yarasha tartib-intizom, o‘zaro hurmat, har bir odamning qadr-qimmati, or-nomusi himoyalangan bo‘lishi kerak. Og‘ziga kuchi etmagan vaysaqilarning har turli gap-so‘zlar tarqatib, odamlarning obro‘sini to‘kaverishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Ayniqsa, zinoga oid gaplar birovning obro‘sini to‘kish bilan birga, jamiyatda nopok, fahsh kayfiyatni tug‘diradi. Bo‘lmag‘ur kishilarning uyat gaplar tarqatishi, xususan, yoshlar tarbiyasining buzilishiga sabab bo‘ladi. Ana shunday vaysaqilarning tili tiyib qo‘yilmasa, ular birga o‘nni qo‘shib, turli gaplarni tarqataveradilar va shaxslarga ham, jamiyatga ham katta zarar etkazadilar. Shuning uchun shariatning hukmi bo‘yicha, birovni zinoda ayblagan odamdan bu ayblovning rostligiga to‘rtta guvoh keltirish talab qilinadi. Agar to‘rtta guvoh keltira olmasa, ko‘pchilik ichida bo‘hton qilganlikda ayblanib, sakson darra uriladi. Buning ustiga, u Islom jamiyatida ishonchsiz kishiga aylanib, guvohligi qabul qilinmay qo‘yadi. Bu esa o‘zini bilgan kishi uchun odamgarchilikdan chiqish bilan barobardir.
Qur’oni Karim bo‘htonchini «fosiq», ya’ni «Allohning amridan chiqqan odam» deb vasf qilmoqda, bu ham juda yomon sifatdir. Endi bunday odam faqat ixlos bilan tavba qilgandagina va o‘zini butunlay tuzatgandagina fosiqlikdan chiqishi mumkin. Shunda uning guvohligi yana qabul qilinadigan bo‘ladi. Demak, faqat tavba qilishi kifoya emas. Balki, shu bilan birga, o‘zini o‘nglaganini jamiyat a’zolariga amalda ko‘rsatishi ham zarur. Buning uchun pokiza odamni qaerda, kimlarning oldida, qanday qilib zinoda ayblagan bo‘lsa, o‘sha erda, o‘sha odamlarning oldida, o‘shanday qilib poklaydi va o‘zini qoralaydi. So‘ngra tavba qiladi. Jamiyat uni bir yil davomida kuzatadi. Shu muddat ichida haqiqatan o‘zini tuzatib, shariatga xilof ishlarni qilmasa, undan fosiq nomi olinadi va guvohligi qabul qilinadigan bo‘ladi.
Shuning uchun zinoni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlar soni to‘rt kishiga etmasa, jim yurishlari lozim. Agar guvohlar to‘rt kishiga etsa, bu xabarni odamlar ichida gapirib yurmasdan, hukumatga etkazish va zinokorni jazoga tortish chorasini ko‘rishlari kerak. Ana shunda ular to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘ladilar.
Oyati karimada:
«Pokiza ayollarga (bo‘hton) toshi otib, so‘ngra to‘rtta guvoh keltira olmaganlarni sakson darra uringlar», – deyilmoqda.
Odatda, ayollarni zinoda ayblash ko‘proq bo‘lgani uchun ular zikr qilinmoqda, lekin erkaklarni zinoda ayblaganlardan ham to‘rtta guvoh keltirish talab qilinadi, keltira olmasalar, jazoga tortiladilar.
Oyatda «(bo‘hton) toshi otib» deyilmoqda, ya’ni yomon so‘z aytish tosh otishga o‘xshatilmoqda. Bu ham birovni zinoda ayblash naqadar yomon ish ekanini ko‘rsatadi.
So‘ngra ayblovchi gapining rostligini tasdiqlash uchun to‘rtta guvoh keltirishi shart ekani ta’kidlanmoqda. Shariat hukmi bo‘yicha, to‘rtta guvoh keltirish faqat zinodagina talab qilinadi. Boshqa ishlarda bitta yoki ikkita guvoh kifoya qiladi. Boshqa holatlarda bo‘lgani kabi, bunda ham guvohlar tekshirib ko‘riladi, ular odil bo‘lmoqlari, shariat ishlariga xilof qilmagan bo‘lishlari shart qilib qo‘yiladi.
Birovni zinoda ayblashni shar’iy istilohda «qazf» deyiladi. Demak, bu oyatda gap qazf haqida ketmoqda. Boshqa xususda emas.
Misol uchun, o‘g‘rilik, aroqxo‘rlik yoki shariat harom qilgan boshqa ishlar sodir etishda ayblov tushadigan bo‘lsa, ayblovchi o‘z gapini tasdiqlab bera olmasa, hukumat unga nisbatan o‘zi bilib jazo qo‘llaydi. Ammo zinoda ayblash bo‘lganda, ushbu oyatning hukmiga amal qilish shart. Oyati karimadan «Erkak kishi ayol kishini zinoda ayblab, unga bo‘hton toshi otsa, qazf sodir bo‘ladi» degan ma’no chiqmoqda. Lekin, aslida esa erkak kishi erkak kishini, ayol kishi ayol kishini yoki ayol kishi erkak kishini qazf qilsa ham, baribir jazoga tortiladilar.
Oyati karimada ko‘rsatilgan jazoni qo‘llash uchun bo‘hton qiluvchi pokiza shaxsga nisbatan zino qilganlik aybini qo‘ygan bo‘lishi shart. Agar fisqu fujuri, zinokorligi bilan tanilgan odamni ayblasa, unga nisbatan bu jazo qo‘llanilmaydi. Balki o‘sha vaqtning hukumati sharoitni hisobga olib, oyatdagidan ko‘ra engilroq jazo beradi. Bir odam boshqasini zinoda ayblab, so‘ngra to‘rtta guvoh keltira olmasa, darhol uni ushlab, sakson darra urilavermaydi. Balki boshqa jinoyatlardagi, jumladan, zino sodir bo‘lgandagi kabi, oldin jinoyatchining, jabrlanuvchining shaxsi va qilingan jinoyat yaxshilab o‘rganiladi. Shu uch toifada – jinoyat, jinoyatchi va jabrlanuvchida kerakli shartlar topilgandagina, jinoyatchiga jazo beriladi.  ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 18:02 | Savol-javoblar | 157 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar