Daraxtlarning ruhi

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, bir do‘stim bilan tortishib qoldik. Uni aytishicha daraxtda ham ruh bo‘lar ekan. Ular ham o‘sib unadiku deb aytdi. Shundaymi? Oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ularni ruhi bor yoki yo‘qligi haqida gap yo‘q. Alloh taolo “Isro” surasida marhamat qiladi: تُسَبِّحُ لَهُ السَّمَاوَاتُ السَّبْعُ وَالأَرْضُ وَمَن فِيهِنَّ وَإِن مِّن شَيْءٍ إِلاَّ يُسَبِّحُ بِحَمْدَهِ وَلَكِن لاَّ تَفْقَهُونَ تَسْبِيحَهُمْ إِنَّهُ كَانَ حَلِيمًا غَفُورًا۝ 44.  Uni etti osmonu er va ulardagi zotlar poklab yod eturlar. Uni hamdi ila poklab yod etmagan hech bir narsa yo‘q. Lekin ularning tasbehini anglamaysizlar. Albatta, U o‘ta halimdir, o‘ta mag‘firatlidir. Arab tilida tasbeh aytish «Allohni poklab yod etish» degan ma’noni anglatadi. Ushbu oyati karima butun borliq, barcha mavjudot Alloh taoloni aybu nuqsondan poklab, tasbeh aytishini ta’kidlamoqda. «Uni etti osmonu er va ulardagi kimsalar poklab yod eturlar». Alloh taologa etti osmon ham tasbeh aytadi. Er ham tasbeh aytadi. O‘sha etti osmonu erdagi kimsalar ham tasbeh aytadilar, poklab yod etadilar. «Uni hamdi ila poklab yod etmagan hech bir narsa yo‘q». Borliqdagi hamma narsa Allohga hamdu sano va tasbeh aytadi. Ularning har biri o‘ziga xos uslub va o‘z tili ila aytadi. «Lekin ularning tasbehini anglamaysizlar». Ey insonlar, sizlar g‘aflatda bo‘lganingiz uchun, e’tiborsiz bo‘lganingiz uchun borliqdagi mavjudotlarning Alloh taologa hamdu sano va tasbeh aytishlarini anglamaysizlar. «Albatta, U o‘ta halimdir, o‘ta mag‘firatlidir». Halimligidan butun mavjudot Uni poklab yod etib turganda, ojiz inson shirk keltirsa ham, uni darhol azoblamaydi, qo‘yib qo‘yadi. Sermag‘firatligidan shuncha beodoblik va gunoh qilsalar ham, tavba etgan bandalarini mag‘firat qilaveradi. “Duxon” surasida:  فَمَا بَكَتْ عَلَيْهِمُ السَّمَاء وَالْأَرْضُ وَمَا كَانُوا مُنظَرِينَ۝ 29. Bas, ularga osmon ham, er ham yig‘lamadi va ular muhlat berilganlardan ham bo‘lmadilar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Ushbu oyati karimaning tafsirida ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda “Har bir maxluqotning osmonda rizqi tushadigan va amali ko‘tariladigan darvozasi bo‘ladi. Mo‘min vafot topganida osmondagi o‘sha darvoza berkiladi. Shunda samo unga yig‘laydi, o‘sha mo‘min erda namoz o‘qiydigan va zikr qiladigan joyi uni topolmagach u ham yig‘laydi. Fir’avn qavmining erda solih amallari va yaxshi ishlari bo‘lmagani uchun samoga ulardan yaxshilik ko‘tarilmagani uchun Alloh taolo “Ularga osmon va er yig‘lamadi” deb xabar berdi” deganlar. Vallohu a’lam!

1 May 2022, 00:17 | Savol-javoblar | 147 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar