ZIKR XAKIDA MUXIM SAVOLLAR ! ! !

ASSALOMU ALAYKUM VA RAHMATULLOHI VA BAROKATUHU!Hurmatli ustoz, shayx janoblari sizni kirib kelgan muqaddas Ramazon oyi bilan muborakbod etaman! Ummatga qilayotgan sharafli xizmatlaringizda Allohdan madad va nusrat tilab qolaman. Ahli baytingizga ham Allohdan Ramazonning fayzu-barokatini ato qilishini tilab qolaman!Sizga ayrim savollarim bilan murojaat qilishimga ijozat bergaysiz:1. Hozirda ko‘pgina kishilarimiz birodarlarini “xoji aka”, “qori aka” deb chaqirishadi. Aslini olganda o‘sha yuqoridagi nom bilan chaqirilayotgan kishilar o‘sha nomga umuman loyiq emasliklarini ko‘ramiz. Ular na xajga borishga va na Qur’on o‘qishadi. Kishini o‘zida bo‘lmagan xislat va fazilat bilan chaqirish, murojaat qilish joizmi? 2. Barchaga ma’lumki Qur’on oyatlari tajvid qoidalari asosida tartil bilan qalbdan o‘qilsagina kishining ruhiy holatiga ta’sir o‘tkazadi. Ramazondagi xatmi Qur’onda qorilar ko‘pincha oyatlarni juda tez, orqasidagi odam anglab ololmaydigan darajada o‘qishadi. Bizda xatmlar 6, 10 kunlik bo‘lgani uchun 30 porani tez o‘qib bitirish kerak. Xatmda Qur’onni juda tez o‘qish mumkinmi? 3. Yaqinda bir hadis o‘qidim. O‘sha hadisni roviysi va sanadlari yozilmagan ekan. Faqat matn bor xolos. Quyida o‘sha hadisni keltiraman:Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “O‘lim sharbatini totish paytidagi rohat – Qur’on qiroatidadir. Qabrning nuri kechasi namoz o‘qishdadir. Qiyomat qo‘rqinchidan, uning shiddatidan najot ro‘zadadir. Sirot ko‘prigidan o‘tish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishdadir. Tarozu og‘irligi “Lo iloha illollohu Muhammadur rasululloh” kalimasidir. Parvardigorning rizosi sadaqani ko‘p berishdadir. Rizqning barakasi choshtgoh namozidadir. Umrning ziyoda bo‘lishi silai rahm (qarindoshlarga oqibatli bo‘lish)dadir. Do‘zaxdan najot Alloh Taolo qo‘rqinchidan ko‘p yig‘lashdadir”.Mazkur hadisni sanadlari va roviysi kimligini aytib bersangiz. Uni o‘rganib olib, birodarlarga ham o‘rgatmoqchiman. 4. “Bahouddin Balogardon” nomli kitobda Naqshband hazratlarining bir so‘zlari bor ekan: - Xojamizdan so‘radilar: Junayd Bag‘dodiy (q.s)ning “Koriylardan kech, sufiylarga etish” so‘zlarini tushuntirib bersangiz.- U zot aytdilar: “Qoriy ism bilan mashg‘ul bo‘ladi, so‘fiy esa ism egasi bilan”Bu hikmatdan nimani tushunsak bo‘ladi? 5. “Hujjat ul-islom Imom G‘azzoliy aytadilarki, Haq Taolo odamning diliga bir sir qo‘ygan, bir gavharni unga omonat qo‘ygan. Dilkash, mavzun ovozni eshitish, o‘sha gavharni junbushga keltiradi. - Samo’ shunday bir sirriy munosabatki, odam ruhi olami arvoh bilan qo‘shilib, shunday junbush qiladiki, bu olamdan butkul uziladi, olamda nima bo‘lsa hammasidan bexabar qoladi. A’zolarining quvvati ketib behush yiqiladi. Kimki so‘fiylarning hollarini, vajd va samo’ni inkor qilsa, o‘z “ma’rifati”dan kelib chiqib aytgan bo‘ladi. Bu uzrdir, chunki insonning odati shuki, o‘zida bo‘lmagan, bilmagan narsasini inkor qiladi. Kimda bu holat (so‘fiylardagidek holat) bo‘lsa, u inkor qilmaydi. Sen bu narsalarning borligiga iymon keltir, toki ularning hollari barokotidan mahrum qolmagaysan. Shundaylar toifasidan bo‘lmaginki, Haq taolo ular haqida bunday degan: “Qachonki ularga bu to‘g‘rida hidoyat kelmasa, bu qadimiy afsonadir, deyishadi”. “MUHIBB UL-BORIY” RISOLASIDAN.Ustoz Imom G‘azzoliy aytgan samo’, musiqa qanday musiqa bo‘lishi mumkin. Hozirda ham shunday qalbga ta’sir qiladigan musiqani topib, eshitsa bo‘ladimi? 6. Naqshbandiya tariqatiga ixlosim baland. Bu tariqatda zikr maxfiy bo‘lishini bilaman. “Alloh” lafzi jalolasini tilimni tanglayga bosib, og‘zimni yumib, qalbdan aytishga ko‘p harakat qildim, lekin qalbim guyoki zikr qilmayotganday tuyulmoqda. Ustoz zikrni qalbda o‘rnashishi uchun qanday zikr turini qo‘llasam bo‘ladi? 7. Jahriy zikrning aytilishi qanday bo‘ladi, ya’ni ovoz qay darajada ko‘tariladi? 8. Naqshbandiya vazifalarining ichida xuftondan oldin istixora namozi o‘qilar ekan. Buni doimiy ravishda o‘qishni odat qilib olsa bo‘ladimi? 9. Naqshbandiya tariqatiga ko‘ra inson jasadi (tanasi)ning beshta joyida xufyona tarzda zikr ya’ni «La ilaaha illalloh» kalimasi aytiladi. Bu «Latoifi xamsa» (Besh latifa) deyiladi. Latifa - Allohning ilohiy lutfi. Latifai avval - bu qalb. Uning maqomi chap siyna osti.Payg‘ambar alayhissalom aytadilar:«Odamlarning qalblarii Alloh taoloning ikki qudrat barmog‘i orasida. Uni qanday xohlasa, shunday aylantiradi».Ikkinchi latifa –ruh. Uning maqomi - o‘ng siyna osti. Alloh taolo aytadi: «(Ey, Muhammad,) Sizdan ruh haqida so‘raydilar. Ayting: “Ruh faqat Rabbimning ishidandir». (Isro surasi, 85-oyat.)Uchinchi latifa – sir. Uning maqomi - chap siyna usti.Alloh taolo aytadi:«U (Alloh) sir tutganu oshkor qilgan narsalaringizni bilur». (An’om surasi, 3-oyat.)To‘rtinchi latifa – xafiy. Uning maqomi - o‘ng siyna usti.Alloh taolo: «Rabbilaringizga xufyona zikr qilinglar» (A’rof surasi, 25-oyat),- deyilgani uchun bu «Latifai xafiy» deb aytiladi.Beshinchi latifa – axfo. Uning maqomi nafas yo‘li bo‘lib, o‘ng va chap siyna usti o‘rtasidadir.Alloh taolo aytadi: «Agar (Siz) oshkora gapirsangiz ham (yoki xufyona gapirsangiz ham), albatta, u sirni ham, eng maxfiy narsalarni ham bilur». (Toho surasi, 7-oyat.)Mazkur besh joy insonning ko‘krak qafasida joylashgan va uni hayotiy ehtiyojlarning asosiysi bilan ta’minlaydigan a’zolardir. Naqshbandiya tariqatining ulug‘ mashoyixlari «Latifai qalb»da xafiy zikr aytish tartibini quyidagicha izohlaganlar: «Til tanglayga yopishtirilib, nafas kindikning tagidan ichga tortiladi. «Laa ilaaha» aytilganda kindikdan peshonaga qadar ko‘tarilib, «illalloh» aytilganda qalbga zarb bilan uriladi. «Muhammadur rasululloh» esa xayolga keltiriladi. Zikr aytishda toqlikka rioya qilinishi shart. Bir nafasda ushbu kalima 3 marta yoki 5 marta yoxud 7 marta yoinki 9 marta, shuningdek 21 martagacha aytiladi. Kimki bir nafasda bu adaddan ko‘proq aytib bilsa, oxirini toq qilib tugatib boshqa nafas oladi va yangi nafas olganda yana shu hol takrorlanadi. Zikr 1001 marta aytiladi». Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: «Aql qalbda bo‘ladi». Ya’ni qalb butun a’zoni boshqaradi, hukm beradi. Miyadagi aql esa, uning hukmini ijro etadi. Ibn Sinodek zot aqldan ozganlarni adviyai qalbiya, ya’ni qalb dorilari bilan davolaganlar.- Ustoz yuqoridagi latoiflarga qarab zikr qilish joizmi? Latoifga qarab zikr qilishni qalbga, ruhga ta’siri bo‘lishi mumkinmi? - “Ibn Sinodek zot aqldan ozganlarni adviyai qalbiya, ya’ni qalb dorilari bilan davolaganlar” jumlasini tushuntirib bersangiz. Bu qanday davo turi bo‘lishi mumkin? 10. Fiqh va kalom olimlaridan bir qanchasi shartlari mukammal bo‘lgan ijmo’dan tashqari chiqqanlarning kufrga tushishlariga ittifoq qilganlar. Dalillari ushbu oyat: “Kim haq yo‘lni aniq bilganidan keyin payg‘ambarga xilof ish qilsa va mo‘minlarning yo‘llaridan boshqa yo‘lga ergashib ketsa, biz uni ketganicha qo‘yib beramiz. So‘ngra jahannamga dohil qilamiz. Naqadar yomon joydir u!” (Niso surasi, 115-oyat). Hadisdan dalillari: “Kimki jamoatga bir qarich muxolifat qilsa, undan islomning libosi egnidan echilur”. Yuqoridagi masalani tushuntirib bersangiz. Ijmo’ nima va uni inkor qilish, undan tashqari chiqishning oqibatlari nimaga olib kelishini batafsil tushuntirib bersangiz. Yuqoridagi fatvoga hozirda ham amal qilinadimi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
1. Joiz emas.2. Tajvid qoidalarini buzish darajasida o‘qish mumkin emas.3. Buni bilmayman.4. O‘quvchi quruq nomni o‘rganadi. So‘fiy nomning egasini, deganidir. Ya’ni, so‘fiy narsaning mohiyatini biladi. Boshqalar faqat nomini biladi, degani.5. Samo’ degani faqat musiyqa emas.6 Ustozdan o‘rganish kerak.7. O‘zidan boshqaga eshitilgan ovoz jahriy bo‘ladi.8. Har kim o‘zi biladi. Aslida bu namoz bir ishni qilishda ikkilanganda o‘qiladi. 9. Bu mashoyixlarning tajribasidir. Albatta, zikrning ta’siri bo‘ladi.- “Ibn Sinodek zot aqldan ozganlarni adviyai qalbiya, yahni qalb dorilari bilan davolaganlar” jumlasini tushuntirib bersangiz. Bu qanday davo turi bo‘lishi mumkin? - Buni bilmayman.10. Agar yuqoridagi talablar asosida ijmo’ qilingan bo‘lsa, mujtahidlarning barchalari bir voqe’a borasida biror hukmga yakdil fikr bildirsalar, ana shu ijmo’ asosida qilingan hukmga muxolif bo‘lmasdan ergashmoqlik vojibdir. Keyin hech kim, hech bir asrda ham uning hukmini o‘zgartira olmaydi. Chunki ijmo’ asosida sobit bo‘lgan hukm qat’iy shar’iy hukmga aylanadi va unga muxolif bo‘lishga yoki uni nasx qilishga o‘rin qolmaydi. Ijmo’ bilan iroda qilingan narsa xuddi Qur’on va Sunnat kabi yaqiyn-o‘ta ishonchli ilm yo‘li bilan sobit bo‘ladi.Ijmo’ning dalili qat’iy bo‘lsa, u holda ijmo’ mustaqil hujjat bo‘lmaydi, biroq o‘sha dalilni quvvatlovchi bo‘ladi. Bu kabi ijmo’lar hukmi bayon qilinayotganida dalilini yordamchisi sifatida aytiladi. Agar ijmo’ning dalili zonniy bo‘lsa, bunda ijmo’ning o‘zi mustaqil hujjat sifatida dalil keltirilishiga kifoya qiladi. Ijmo’ qilishda suyanilgan zonniy dalilini keltirishga hojat qolmaydi. Bu vaqtda uni o‘zi yangi shar’iy hukm paydo qildi degan ma’noga borilmaydi, balki ijmo’ shariat masdarlaridan bir masdar hisoblanadi.Ko‘pchilik ulamolar nazdida ijmo’ning hukmi qat’iy dalildir. Agar ijmo’ bizga mutavotir tarzda naql qilingan bo‘lsa, unga muxolif bo‘lgan kimsa, kofir bo‘ladi yoki zalolatga ketgan deyiladi yoxud bid’atchi hisoblanadi. Ammo ijmo’ ohod yo‘l bilan naql qilingan bo‘lsa, yoki sukutiy bo‘lsa, u zonni ifoda qiladi va shu bilan birga muxolifga kufr yoki zalolat va bid’atchi nisbati berilmaydi, balki fosiq deyish mumkin.Omadiy, Imomul Haramayn, Isnaviy va Ibn Hojib kabi ulamolar tahqiqi shuni ko‘rsatadiki, ijmo’ni inkor qilgan odam kofir bo‘lmaydi. Biroq besh vaqt ibodat yoki tavhid, risolat va nubuvvat kabi aqiydaviy vojib ishlardan va shu kabi dinda zarur bo‘lgan ishlardan iborat ijmo’larning inkor qilsa, kofir bo‘ladi. - Bir shaxs ijmo’ni e’tirof qilib, ijmo’ qiluvchilar sidqini naql qilib, so‘ng uni inkor qilsa va yolg‘onga chiqarsa, shariatni yolg‘onga chiqargan bo‘lib qoladi. Kimki shariatni yolg‘onga chiqarsa, kofir bo‘ladi.

1 May 2022, 04:40 | Savol-javoblar | 169 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar