Ko‘chmas mulkning zakoti

Assalomu alaykum! Hurmatli “Zikr ahlidan so‘rang” hay’ati a’zolari viloyatda doimiy istiqomat qiladigan kishining toshkent shahrida bir xonali uyi bor edi, uy toshkentga ish bilan borganda vaqtinchalik yashab turish maqsadida sotib olingan. Uy tijorat maqsadida sotib olinmaganligi uchun, uning o‘rtacha narxidan zakot chiqarilmagan. Shu yili uy egasining moliyaviy ahvoli yaxshilanib yana toshkentdan uch xonali uy sotib oldi. Hozirgi vaqtda ikkala uyham ijaraga berilgan. Uy egasi toshkentga ish bilan borib qolsa uch xonali uyida bir yoki ikki kecha qoladi ijarachilarning ruxsati bilan va uyning erkak kishisi uyda bo‘lgan vaqtda albatta. Savol shundan iborat: Hazirda bir xonali uyga ehtiyoj yo‘q, faqat pul kerak bo‘lganda sotaman degan niyatlari bor. Shunday holatda bir xonali uyning  o‘rtacha narxidan zakot chiqariladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Chiqargani afzal. Masala: Pulni band qilish maqsadida olinadigan uylardan zakot chiqariladimi? Javob: Uy, er sotib olinayotgan paytda odatda uchta narsani niyat qilinadi: 1. Keyinchalik uni sotib yuboraman deb niyat qilsa, har yili zakot berayotgan yildagi qiymatidan zakot chiqarish vojib bo‘ladi. وَمَا اشْتَرَاهُ لَهَا أَيْ لِلتِّجَارَةِ كَانَ لَهَا لِمُقَارَنَةِ النِّيَّةِ لِعَقْدِ التِّجَارَة “Tijorat uchun sotib olgan narsasi tijorat uchun bo‘ladi. Savdo vaqtida tijorat niyati topilganligi uchun”. (Durrul muhtor). يُعْتَبَرُ يَوْمُ الْأَدَاءِ بِالْإِجْمَاعِ وَهُوَ الْأَصَحُّ “Bil ijmo zakotni ado qilish kuni(dagi qiymat) e’tiborga olinadi. Shu sahihdir”. (Roddul muhtor); 2. Uy qurib o‘zim yashayman degan niyatni qilsa, bunday holatda sotib olingan xovlining qiymatidan zakot chiqarish vojib bo‘lmaydi. وَلَيْسَ فِي دُورِ السُّكْنَى “Yashab turgan xovlisidan zakot chiqarmaydi”. (Fatavoi Hindiya); 3. Hech qanday niyatsiz sotib olish. Bunda ham undan zakot chiqarish vojib bo‘lmaydi. وَلَيْسَ فِي دُورِ السُّكْنَى وَثِيَابِ الْبَدَنِ وَأَثَاثِ الْمَنَازِلِ وَدَوَابِّ الرُّكُوبِ وَعَبِيدِ الْخِدْمَةِ وَسِلَاحِ الِاسْتِعْمَالِ زَكَاةٌ لِأَنَّهَا مَشْغُولَةٌ بِحَوَائِجِهِ الْأَصْلِيَّةِ “Yashab turgan xovlisi, ustidagi kiyimi, uy jihozlari, ulovlar, xizmatkorlar, ish qurollarida zakot yo‘q. Chunki, ular asliy hojatlari hisoblanadi”. (Javharatun nayyira). Vallohu a’lam!

1 May 2022, 05:44 | Savol-javoblar | 171 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar