Yozish tarixi

Assalomu alaykum! Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi arab lafzi va nutqida 1-yozgan zot Ismoil ibn Ibrohimdir. Ali ibn Burxoniddin Halabiy “Siyrat al-Sahih” tarix asarida arabiy xatni Ismoilni o‘g‘li Nizor ibn Ma’add ibn Adnondir degan. Boshqa tarixshunoslar Idris payg‘ambar deydi. Idris alayhissalom qaysi tilda yozganlar?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bu borada kelgan rivoyatlarni o‘rganib chiqadigan bo‘lsak, ularda arab tilida birinchi yozgan odam haqida turli xil xabarlar kelganiga guvoh bo‘lamiz. Rivoyatlarni o‘rganib shuni aytish mumkinki, arab tilida birinchi bo‘lib yozgan odam haqida falonchi deb qat’iy aytib bo‘lmaydi. Bir rivoyatda birinchi bo‘lib Odam alayhissalom yozgan deyilsa. boshqasida Ismoil alayhissalom deyilgan. Yana birida esa Adnon ibn Ad qabilasidagi Abjad, Huz, Hutti, Kalman, Sa’fas va Qarshat ismli kishilar yozgan, deyiladi. Doktor Abdulloh esa o‘zining «Arab tilida birinchi bo‘lib yozgan odam» nomli maqolasida arab tilini  Anbor qabilasidan bo‘lgan Miror ibn Murra va Aslam ibn Durralar birinchi bo‘lib yozishgan degan rivoyatni haqiqatga yaqinroq deb bilgan. Ka’bul Ahbor roziyallohu anhudan rivoyat qilingan xabarda esa arab yozuvining ilk asosichsi va uning davomchisi haqida shunday yozilgan: «Ibriy, siryoniy va boshqa barcha tillarda birinchi bo‘lib yozgan kishi bu Odam alayhissalomdir. U kishi bu yozuvlarni vafotlaridan 300 yil oldin loyga yozib keyin loyni olovda pishirgan. Nuh alayhissalom davrida er yuzini suv bosganda, o‘sha yozuvlar qolgan va tirik qolgan qavmlarga nasib qilgan. Keyin ular o‘ziga nasib qilgan yozuvda yoza boshlagan. Arab tili esa o‘sha paytda hech kimga nasib qilmagan. Alloh Ismoil alayhissalom arab tili ila xoslagan va u kishi o‘sha Odam alayhissalomning yozib qoldirgan yozuvlaridan nasibador bo‘lib arab tilida yozgan». Endi sizning Idris alayhissalom qaysi yozuvda yozganlar, degan savolingizga keladigan bo‘lsak, manbalarda Idris alayhissalomni arab tilida birinchi yozgan odam sifatida emas, qalam  bilan birinchi yozgan odam sifatida ko‘p zikr qilingan. U kishi payg‘ambar qilib yuborilgan xalq 72 tilda gaplashar edi. Idris alayhissalom ularning har biriga o‘z tilida dinni etkazganlar ya’ni 72 ta tilni puxta bilganlar. Zero Alloh Qur’onda: «Biz har bir payg‘ambarni (hukmlarimizni) bayon qilib berishi uchun o‘z qavmining tili bilan (so‘zlaydigan qilib) yubordik», deb marhamad qilgan. (Ibrohim surasi:4). Xulosa qilib aytganda Idris alayhissalom birinchi bo‘lib arab tilida yozgan odam emas, birinchi bo‘lib qalamda yozgan odam hisoblanadilar. Vallohu a’lam!

1 May 2022, 05:55 | Savol-javoblar | 157 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar