O‘zimda bo‘lmagan narsani sotish

Assalomu alaykum! Do‘konimga kelgan odam istagan narsasi bo‘lmasa, boshqa joydan topib bering deb iltimos qiladi. Shunda topgan narsam uchun narxini ustiga narx qo‘yib aytib opkeltirib bersam, qo‘shgan pulimni unga aytmasdan olsam bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Siz huzuringizda bo‘lmasa o‘sha narsa bor joyga dalolat qilib jo‘natganingiz afzal. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘ziniki bo‘lmagan narsani sotishdan qaytarganlar. Musulmon savdogar tijorat molini hali qo‘liga olmay turib boshqaga sotmasligi lozim. Chunki, molni qo‘lga olishdan avval sotish va undan foydalanish shar’an haromdir. عن حكيم بن حزام قال : نهاني رسول الله أن أبيع ما ليس عندي Hakim ibn Huzom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limda bo‘lmagan narsani sotishimdan qaytardilar”. Nasoiy rivoyati. ان بيع المبيع قبل القبض لا يجوز من البائع ولا من غيره “Savdo molini qo‘lga olib, o‘ziniki qilib olmay turib sotuvchiga ham boshqasiga ham sotish joiz bo‘lmaydi”. (Mabsut kitobi). عن ابن عباس رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قال اما الذى نهى عنه النَّبِيّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فهوالطعام ان يباع حتى يقبض قال ابن عباس رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ ولا احسب كل شيء الا مثله Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qaytargan narsa taom bo‘lib, uni qo‘lga olmasdan oldin sotish mumkin emas”. Ibn Abbos roziyallohu anhu yana shunday qo‘shimcha qildilar: “Boshqa narsalarni ham taom kabi deb bilaman”. (Muttafaqun alayh). عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ : مَنِابْتَاعَ طَعَامًا فَلاَ يَبِيعُهُ حَتَّى يَسْتَوْفِيَهُ Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim taom sotib olsa, uni to‘liq qo‘lga kiritmay turib sotmasin” dedilar. Ibn Abbos roziyallohu anhuning boshqa bir rivoyatida: “O‘lchab olmagunicha” deyilgan” (Muttafaqun alayh). Vallohu a’lam!

1 May 2022, 05:55 | Savol-javoblar | 175 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar