Uyat va hayajonni engish

Assalomu alaykum! Ko‘pincha shariatda kamgaplikka targ‘ib bor. Ya’ni befoyda va gunoh gaplarlardan tiyilishga. Lekin hozirda odamlar ko‘chada huddi shunaqa befoyda, bemano va gunoh gaplarni gapirishadi. Ulardan tiyilish maqsadida ularni tark qilish kerak, hech bo‘lmaganda ularni oldida jim turish kerak. Odam kam gapirgani yolg‘iz qolgani sayin unda uyat hayajon paydo bo‘ladi. Dinimizda odamlardan uyalish va hayajonlanish hamda ularni qanday qilib yengish haqida hadislar yoki hikmatlar bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Uyalishning hammasi ham yaxshi. عَنْ أَبِي مَسْعُودٍ عُقْبَةَ قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِنَّ مِمَّا أَدْرَكَ النَّاسُ مِنْ كَلَامِ النُّبُوَّةِ: إِذَا لَمْ تَسْتَحِي فَاصْنَعْ مَا شِئْتَ Abu Mas’ud Uqbadan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Hayo qilmasang, xohlaganingni qilaver» (degan gap) odamlarga etib kelgan nubuvvat so‘zlaridandir», dedilar». Sharh: Bu hadisi sharifdagi gap barcha nabiylar, avvalgilaru oxirgilar, hamma-hamma ittifoq qilgan va yaxshi deb bilgan ma’nolardan biri ekan. Hayo insonni boshqa jonzotlardan ajratib turuvchi sifatlardan biridir. Hayo insonga ziynat hisoblangan ulug‘ bir sifatdir. Hayo bircha nabiylarga mushtarak sifat bo‘lgan narsadir. Hayo aynan iymon emas. Ammo hayo bo‘lmasa, iymon ham komil bo‘lmaydi. Bas, hayo iymonning sho‘’balaridan biridir. Hayo mo‘min-musulmonlarning maqtalgan sifatlaridandir. Shuning uchun ham har bir mo‘min-musulmon hayoli bo‘lishga harakat qilmog‘i lozim. Hayo har bir odam uchun lozim va lobud narsadir. Hayo bo‘lmagandan keyin har qanday gap ortiqcha bo‘ladi. Uyatsiz, besharm, behayo odam nima qilsa qilaversin. Zero, uning iymoni ham ishonchsizdir. Har bir mo‘min, har bir musulmon sharm-hayoli bo‘lishi lozim. Mo‘min-musulmon kishi noshar’iy, odobdan tashqari ishlar qilishdan hayo qilishi tabiiy bir holdir. Ma’siyatlar hayoni ketkazadi. Ma’siyatlarning kasofatlaridan biri qalb hayoti moddasi bo‘lgan hayoni ketkazishidir. Hayo barcha yaxshiliklarning asosidir. Uning ketishi barcha yaxshiliklarning ketishidir. Ma’siyatlar asta-sekin hayoni zaiflashtirib borib, bir yo‘la yo‘q qilib yuborishi ham mumkin. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الْإِيمَانُ بِضْعٌ وَسِتُّونَ - أَوْ بِضْعٌ وَسَبْعُونَ – شُعْبَةً، أَفْضَلُهَا لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ، وَأَدْنَاهَا إِمَاطَةُ الْأَذَى عَنِ الطَّرِيقِ، وَالْحَيَاءُ شُعْبَةٌ مِنَ الْإِيَمانِ Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Iymon oltmish nechta yoki etmish nechta sho‘’badan iboratdir. Ularning eng afzali «Laa ilaaha illalloh»dir va eng kichigi – yo‘ldagi ozor beruvchi narsani olib tashlashdir. Hayo – iymondan bir sho‘’badir», dedilar». عَنْ أَبِي سَعِيدٍ قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَشَدَّ حَيَاءً مِنْ عَذْرَاءَ فِي خِدْرِهَا، وَكَانَ إِذَا كَرِهَ عَرَفْنَاهُ فِي وَجْهِهِ Abu Sa’iddan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam pardanishin qizdan ham hayoliroq edilar. Bir narsani yoqtirmasalar, yuzlaridan bilib olar edik». (“Adab al-Mufrad” kitobidan). Vallohu a’lam!

1 May 2022, 06:29 | Savol-javoblar | 198 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar