Kelinlar xaqida

Assalomu alaykum! Sizning saytingiz, telegramda kanalingiz juda keng tarqalgan ulanganlar orasida ayol- qizlarimiz ham etarli. Savol-javoblarda asosan ayolning erdagi haqqi, erning ayoliga nafaqasi va shunga o‘xshash er kishi majburiyatlari kelmoqda. Ayol qizlarimiz o‘zlariga yoqimli joylarini qirqib olib, bir-birlariga jo‘natganlarini ham guvohi bo‘ldim. (E’tirozim yo‘q Alloh buyurganini so‘zsiz bajaramiz In shaa Alloh) Hattoki eriga taom tayyorlash ham xotinning vazifasi emas ekan degan ayollar uchun, mana ilmli odamlar yozibdi siz shunga majbursiz degan ayollar uchun, siz ham o‘z o‘rningizni biling degan ma’noda hadis yoki fatvolar bormi? Erning ayolda ham haqqi yoki xotinning vazifalari ham bormi? Yoki faqat er to‘shakka chaqirsa inkor etmaslik xolosmi? Qo‘pol savol berib nodonlik qilgan bo‘lsam uzr. Mendan rozi bo‘ling sizdan Alloh rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Avvalo har kim o‘z haqqini tanib olishi shart. Keyin ikkisiga nasihat qilinadi. Bir yosh yigit yo‘lkira haqqini to‘lab avtobusda ketayotgan bo‘lsa manziliga etib olgunicha o‘sha joyda o‘tirishi uning shar’iy haqqi hisoblanadi. Mabodo biror yoshi keksa yoki bemor odam chiqib ro‘parasida tursa unga joy bo‘shatmaslik uning shar’iy haqqi bo‘lsada diyonatan betamizlik hisoblanadi. Chunki u qodir bo‘laturib o‘zidan boshqani hurmatini joyiga qo‘ymagan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning keksalarni hurmat qilish, nochorlarga yordam berish, o‘z haqqidan o‘zgalarni ustun ko‘rish kabi so‘zlariga amal qilmagan bo‘ladi. Erning ham haqqlari bayon qilingan. Xotin o‘shanga amal qilishi zimmasiga vojib, lekin o‘sha oilani tinchligi uchun, farzandlari uchun va mehnat qilib kelgan erga “Sizni kiringizni yuvish, taomingizni pishirish mening vazifam emas” deyish o‘sha betamizlikka kiradi. Er-xotin o‘rtasida faqat qonunlargina ishlashdan tashqari bir-biriga mehr-muruvvat, bir-birini xizmatini qilish kabi ishlarni ham qilish kerak. Vallohu a’lam!

1 May 2022, 13:24 | Savol-javoblar | 174 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar