Yomg‘irning qachon yog‘ishi g‘ayb ilmiga kiradimi?

Shayx Hazratlari! Adashmasam ob havo ma’lumotlari haqidagi bir savolga “g‘ayb emas” deb javob bergan ekansiz. Hazrat, ba’zi birlar shu javobingizni yuzaki tushunib internetga qarab olib “bo‘ldi, ertaga falon vaqtda yomg‘ir yoki qor yog‘ar ekan” deb, necha kun yog‘ishini ham aniq biladiganday aytishadi. Men sizning ma’ruzalaringizdan birida bir hadisni eshitdim " bir sahoba inson bolasi itining sababidan shirk keltirib qo‘yishi mumkin “mana shu kuchuk bo‘lmaganida, uyimga o‘g‘ri tushmasdi” deb. Uyni kuchuk emas Allohning o‘zi saqlaydi" mazmunidagi xato bo‘lsa ma’zur tutgaysiz. Hazrat savolim shu ediki, o‘sha insonlarni qilayotgan ishlari to‘g‘rimi? Ob havo ma’lumotlarini ko‘rmasinlar demayman, ko‘rsinlar. Lekin Alloh hohlasa yog‘adi, hohlamasa yog‘maydi degan aqiyda bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Hattoki o‘zimning jiyanim bilan tortishib qoldik. U ob havo ma’lumotlarini ko‘rib olib “mana bu vaqtda aniq yomg‘ir yog‘arkan” deb turib oldi. Mayli yog‘diyam deylik. Misol uchun ba’zi vaqtda (Allohning o‘zi saqlasin) ba’zi birovlardan “Falonchi folbinga borgan ekan, foli to‘g‘ri chiqibdi” degan gaplarni eshitib qolamiz. Ular tushunmaydiki, Alloh sinash uchun ham bir xil qilib qo‘yishi mumkinku!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Mulohazalaringiz o‘rinli. Bu dunyodagi barcha narsa faqatgina Alloh taoloning xohishi bilan bo‘ladi. Ammo Alloh taolo O‘zi yaratgan tabiatdagi narsalarni sababiyat qonuni bilan bir biriga bog‘lab qo‘ygan. Misol uchun tuproqqa suv quysa ho‘l bo‘ladi, ko‘proq quysa loy bo‘ladi. Mana shunga o‘xshash narsalarni aytgan odamning aqidasiga futur etmaydi. Ob-havo borasidagi ilmlar ham rivojlandi, ma’lum hajmdagi va namlikdagi bulut qancha tezlikda yurishi, undan qancha suv tushishini bilish imkoni tug‘ildi. Bularni ilmini biluvchilar axborot bersalar hechqisi yo‘q. Ammo mo‘min inson doimo har bir narsa Alloh taoloning xohishi bilan bo‘lishini bir zum ham esdan chiqarmasligi lozim. Buni o‘sha ob-havo ma’lumotlar tez-tez noto‘g‘ri chiqishi ham tasdiqlaydi.

1 May 2022, 15:47 | Savol-javoblar | 153 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar