Sehr qilganga javob

Assalomu alaykum! Bir kishi sizga doimo xasad qilib ziyon etkazaversa, bu sizga hatto sog‘likdan ayrilishga olib kelsa, shariatimizda bunga qanday javob berish kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Sehrning muolajasi. Alloh taoloning bu dunyoda joriy qilib qo‘ygan qonun-qoidalarini taammul bilan o‘ylab ko‘rgan kishi turli ofatlar va bemorliklarning oriz bo‘lishi ham borliqdagi muqaddar qonun-qoidalardan biri ekanligini anglab etadi. Bularning hammasi Alloh taolo tomonidan bo‘ladigan sinovdir. Kim «Solih bandalar balo va musibatlardan uzoqda bo‘ladi», deb o‘ylasa, xato qiladi. Solih kishiga ofat va musibatlarning etib turishi Allohning unga bo‘lgan muhabbatining alomatidir. Solih kishiga, jumladan, bemorliklarning etib turishi Alloh taoloning unga yaxshilikni iroda qilganligi alomatidir. Ofat va bemorliklar bunday kishilar uchun gunohlarining kafforotidir. Ha, agar musibatga uchragan banda solih bo‘lsa, musibat uning uchun gunohlariga kafforot yoki darajotlarining ko‘tarilishidir. Agar osiy bo‘lsa, musibat uning uchun yomonliklarini yuvish va bu dunyo bevafoligini eslatishdir. Gohida sehr va ko‘z tegishi orqali ham bandaga musibat etadi. Shuning uchun musulmon odam mazkur ikki narsadan saqlanish yo‘llarini yaxshi bilib olishi kerak. Saqlanish muolaja qilishdan ko‘ra osonroqdir. Sehr va ko‘z tegishidan saqlanish bir necha uslublar ila amalga oshadi. 1. Tavhid ila ruhni tetiklashtirish. 2. Borliqdagi barcha narsaning tasarrufini faqatgina Alloh taoloning O‘zi qilishiga iymon keltirish. 3. Yaxshiliklarni ko‘p qilish. 4. Sehrgarligi va ko‘zi borligi bilan mashhur bo‘lgan odamlardan uzoqda bo‘lish. 5. Allohdan sehr va ko‘z tegishidan panoh so‘rab, kerakli duo va zikrlarni o‘qib yurish. 6. Mazkur duo va zikrlarning haq ekanligi va ularning foydasi borligiga iymon keltirish. Mazkur iymon qancha kuchli bo‘lsa, o‘sha duo va zikrlarning ta’siri ham shuncha kuchli bo‘ladi. 7. Mazkur duo va zikrlarni aytganda qalb hozir bo‘lishi. Chunki g‘ofil qalb ila qilingan duo qabul bo‘lmaydi. 8. Kunduzgi duo va zikrlar Bomdoddan, kechkilari esa Asr namozidan keyin aytiladi. 9. Sehr va ko‘z tegishidan saqlanish uchun «Oyatul Kursiy», «Baqara» surasining oxirgi ikki oyati, «Ixlos», «Falaq» va «Naas» suralari o‘qiladi. Boshqa o‘qiladigan duo¬lar va zikrlar ushbu kitobning tegishli joyida keladi. 10. Sehrlanib qolganlik va ko‘z tekkanlik alomatlari quyidagicha: kishining a’zolari sog‘ bo‘la turib, boshining u er-bu eri og‘risa, yuzi sarg‘aysa, ko‘p terlasa va bavl qilsa, ishtahasi yo‘qolsa, yuragi bezovta bo‘lsa, belining va ikki kuragining pas¬tida og‘riq tursa, uzrsiz xafalik va yurak siqilishi bo‘lsa, u odam sehrlangan yoki unga ko‘z tekkan bo‘ladi. Shuningdek, bir odam bekordan-bekorga xavfsirayversa, achchig‘i chiqaversa, odamlarga qo‘shilgisi kelmay qolsa, dangasa bo‘lib qolsa, uyqusi kelaversa, qo‘yingki, tibbiyotga oid bo‘lmagan holatlarga uchrasa, unga sehr ta’sir qilgan yoki ko‘z tekkan bo‘ladi. Musulmon odamning iymoni va qalbi kuchli bo‘lib, vasvasaga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Sehr qilingan odam bir necha yo‘l bilan muolaja qilinadi. Birinchisi – sehrning joyi aniq bo‘lsa, uni olib, «Falaq» va «Naas» suralarini o‘qib turib, tugunlari echiladi. So‘ngra kuydirib yuboriladi. Ikkinchisi – sehr o‘ziga o‘xshash sehr bilan muolaja qilinadi. Bu ish haromdir. Uchinchisi – shar’iy dam solish yo‘li bilan muolaja qilinadi. Bunda «Fotiha», «Falaq» va «Naas» suralari yoki Payg‘abarimiz alayhissalomdan rivoyat qilingan duolar o‘qiladi. Imom Abdurrazzoq o‘zining «Musannaf» nomli kitobida sehrning muolajasi haqida quyidagi ma’noni keltirgan: «Sidrning bargidan ettita olinadi. Ular ikki toshning orasiga olib, tuyiladi. Unga «Kaafi¬run», «Ixlos», «Falaq» va «Naas» suralari uch marta o‘qi¬ladi. So‘ngra suvga solib, ichiladi va g‘usl qilinadi. Alloh shifo berguncha takrorlanadi». To‘rtinchisi – sehr qilingan narsa qorinda bo‘lsa, ich surish bilan, boshqa joyda bo‘lsa, qon olish yo‘li bilan xalos bo‘linadi. 11. Dam solishning shartlaridan biri – uning Allohning ismlari va sifatlari hamda rivoyat qilingan duolar bilan bo‘lishidir. 12. Dam solish arab tilida bo‘lishi yoki boshqa tilda bo‘lsa, ma’nosi tushunarli bo‘lishi shart. 13. Dam solish o‘zicha ta’sir qilmasligi, shifoni faqat Allohning O‘zigina berishiga e’tiqod qilmoq shart. 14. Dam soluvchi taqvodor, solih musulmon bo‘lishi kerak. U qanchalar taqvodor bo‘lsa, ta’siri shuncha kuchli bo‘ladi. 15. Dam solish jarayonida Allohga sidqidildan yuzlanish va yolvorish lozim. 16. Kishi o‘ziga-o‘zi dam solgani afzal. 17. Dam soldiruvchi kishi solih mo‘min bo‘lishi kerak. 18. Dam soldiruvchi kishi shifoni Alloh taoloning O‘zidan ixlos bilan so‘rashi lozim. 19. Shifo bo‘lmayapti, deb shoshilmaslik kerak. 20. Ko‘z tegishidan xavfsiragan joylarga tumor, ko‘zning shakli, otning taqasi, isiriq kabi narsalarni osish mumkin emas. 21. Sehrgarlar odamlarni o‘ziga ishontirish uchun taqvodor bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladilar. Buning uchun ular namoz o‘qishlari, zikr qilishlari va odamlarni jalb qiladigan boshqa ishlarni amalga oshirishlari bor. 22. Sehrgarlarning alomatlari ko‘p. Shulardan biri – ular bemorning va uning onasining ismini so‘raydilar. Holbuki, shar’iy dam solishda bu ismlarning hech keragi yo‘q. 23. Sehrgarlar ba’zi kiyimlarni yoki kiyim parchalarini keltirishni so‘raydilar. 24. Sehrgarlar ma’lum sifatga ega bo‘lgan hayvonni keltirishni so‘raydilar. Ularni jinlarga atab so‘yishlari yoki qonini bemorga surtishlari mumkin. Bu ham sehrgarlikning alomatlaridandir. 25. Sehrgarlar ma’nosini tushunib bo‘lmaydigan tilsim va shakllarni chizadilar. 26. Sehrgarlar bemorga to‘rtburchak shakllar ichiga turli harflar va raqamlar yozilgan varaqlar berishadi. 27. Sehrgarlar bemorlarga odamlarga aralashmay, ma’lum muddat alohida xonada yashashni amr qiladilar va hokazo.("Hadis va Hayot" kitobidan). Sehr haqida yanada to‘liq ma’lumotni "Hadis va Hayot" kitobining 18-juzidan o‘qib olishingiz mumkin. Vallohu a’lam!

1 May 2022, 18:23 | Savol-javoblar | 226 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar