Shaytonni qo‘rqishi va uyalishi

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, bir saytda shaytonning sifatlari xaqida o‘qib qoldim unda shayton Umar (r.a)dan qo‘rqadi va Usmon (r.a)dan uyaladi deyilgan. Buning xaqiqatga qanchalik yaqinligi va sababini tushuntirib bersangizlar sizdan minnatdor bo‘lardik. Agar savolim noo‘rin bo‘lsa uzr so‘rayman. Rahmat Allohim ilmingizni bundanda ziyoda qilsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Ularning qalblarida iymon komil bo‘lgan. Har bir narsaning uchta borlig‘i bo‘ladi. Asl o‘zining borlig‘i, tasavvurdagi borlig‘i va nominin borlig‘i. Iymonning o‘zi Alloh taolo suygan bandalarining qalbiga solgan bir nurdir. Oyat va hadislarda uning ziyoda bo‘lishi zaiflashishi hatto ba’zi vaqtlarda chiqib turishini ham aytilgan. Sahobalar iymon keltirganlaridan boshlab to vafot topgunlarigacha faqat ziyoda bo‘lishda davom etgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rgan onlaridayoq xosil qilgan iymonlariga shuni misol qilishmiz mumkinki, bir ulug‘ insondan Umar ibn Abdulaziz(dunyoni adolatga to‘ldirgan)dek zot afzalmi yoki Muoviya ibn Abu Sufyonmi – deb so‘ralganida, Muoviyani o‘zini qo‘ying, Umar ibn Abdulaziz Muoviyaning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga chiqqan g‘azotidagi otining burnining ustiga o‘tirgan changidan ham afzal bo‘lolmaydi deganlar. Chunki sahobalar qalblaridagi iymon ziyoda bo‘lishda eng oxirgi nuqtaga etgan. Ularni ilmlari “Ilmul yaqiyn” edi. Keyin “Aynul yaqiyn” bo‘ldi, so‘ng “Haqqul yaqiyn” bo‘ldi. Aslida iymon insonni harakatga keltiruvchi kuchdir. Namozga turgazuvchi ham issiqning kunida ro‘zaga sabr qilishga undovchi ham o‘rni kelsa jonini fido qilishga undovchi ham o‘sha kuch bo‘ladi. Iymon zaif bo‘lsa uxlagan insonni namozga turgaza olmaydi. Yaxshiliklarga chorlay olmaydi, yomonliklardan ham qaytara olmaydi. Shayton bilan bo‘ladigan jangda mag‘lub bo‘ladi. Shaytonning malayiga aylanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida: “Zinokor zino qilayotganda mo‘min holda zino qilmaydi, o‘g‘ri o‘g‘rilik qilayotganda mo‘min holda o‘g‘rilik qilmaydi, xamr ichuvchi xamr ichayotganda mo‘min holda ichmaydi(qalbidagi o‘sha nur tashqariga chiqib turadi)” deganlar. Tafsiri ibn Kasirda farishtalar imtihon uchun insonlarga sehrni o‘rgatish uchun tushirilganligi haqidagi oyatning tafsirida bir hikoya keltirilgan. Unda eri uzoqqa ketib bedarak yo‘qolgan bir ayol sehr o‘rgatuvchining oldiga keladi va sehr o‘rgatishini so‘raydi. Sehr qiluvchi nariroqda turgan ichida olov yonib turgan tandirga bavl qilib kelishini aytadi. Ayol borib qo‘rqib qaytib keladi. Bavl qildingmi deb so‘raydi. Ha degan javobiga nimani ko‘rding deb so‘raydi. Hech narsani ko‘rmadim – desa, bor sen bavl qilmapsan, bavl qilib kel deb buyuradi. Ikkinchi bor ham bavl qilmay qaytib keladi. Uchinchi bor borib bavl qilganida ichidan bir narsani chiqqanini ko‘radi. Sehr o‘rgatuvchi bavl qildingmi, nimani ko‘rding deb savol beradi. Ayol ha bavl qildim, ichimdan bir narsa chiqib ketdi deb javob beradi. Sehr o‘rgatuvchi: sen ko‘rgan sening iymoning edi, u chiqib ketdi, endi senga sehr o‘rgataman – dedi. Shunda ayol iymoni chiqqanidan qattiq qo‘rqib ortiga qaytadi, tavba qiladi va masalasini so‘rash uchun Madinai munavvaraga keladi. U vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot topib Abu Bakr xalifa bo‘lgan bo‘ladi. Ayol yig‘lab holini bayon qiladi. Abu Bakr “Men bir narsa deyolmayman” deydi. Sahobalardan bir nechtasini huzuriga boradi, barchalari “Men bir narsa deyolmayman” deyishadi. Hozirgi kundagi jinlar bilan bobolarim, momomlarim deb aloqa qiladiganlar ham huzuriga shifo so‘lab borganlarga hojatlarini so‘rab borganlarga: “Jinlarga, mozorlarga atab tovuq, xo‘roz kabi jonliqlar so‘ying. Biz kabi jinlar bilan aloqa qilishni bo‘yningizga oling” deyishadi. Bu esa shariatdagi Allohdan o‘zgaga atab jonliq so‘yish, ya’ni shirk keltirish hisoblanadi. Shu orqali iymonini sotgan hisoblanishadi. Ular ichidan chiqqan nurni ko‘rolmasalarda haqiqatni ham ko‘rolmaydigan ko‘r bo‘lib qolishadi. Bu iymonning asl o‘zidir. Iymon ziyoda ham kam ham bo‘ladi degan ulamolar shuni nazarda tutganlar.
Ikkinchisi iymonning tasavvuridir. Bunda har bir mo‘min-mo‘mina Allohga, farishtalariga, kitoblariga, rosullariga, qiyomat kuni bo‘lishiga, yaxshilik va yomonlik Allohdan ekanligiga, qiyomat kuni qayta tirilish haq ekanligiga iymon keltirishi kerak. Ulardan birortasini inkor qilmasligi kerak. Birortasini inkor qilsa mo‘min hisoblanmaydi. Bu iymon keltiradigan narsalar ozaymaydi ham ko‘paymaydi ham. Iymon ziyoda ham kam ham bo‘lmaydi degan ulamolar shuni nazarda tutganlar. Bularni har birini keng o‘rganishga harakat qilish kerak.
Uchinchisi iymonning nomi. Bu kalimai shahodatni tilda aytib iqror qilish bilan bo‘ladi. Kim shunday qilsa unga mo‘min degan nom berilaveradi. Kimning qalbida iymonning asl nuri bor yoki yo‘q ekanligiga ham qaralmaydi. Tilida iqror qilib tursa, kalimani aytib tursa unga mo‘min degan hukmni berilaveradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bir necha hadislarida “Laa ilaaha illalloh Muhammadur rosuululloh” kalimasini aytgan kishini mo‘min deb hisoblayverganlar. Hisobini Alloh taologa havola qilganlar va vafot topsa unga janoza o‘qiyverganlar. Sahobalarning iymonlari o‘ta mustahkam, kuchli va komil bo‘lganligidan shayton ularning oldida ojiz va notavon holida bo‘lgan. Vallohu a’lam!

1 May 2022, 22:32 | Savol-javoblar | 150 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar