Tishlarga qo‘yilgan plomba g‘uslga to‘siq bo‘ladimi?

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuxu!Muhtaram ustoz sizga muhim masalada savol bilan murojaat qilmoqdaman.Ayrim xanafiy mazhabi kitoblarida tishlariga tilladan plomba qo‘ydirgan kishining g‘usli sahih emas, deyilgan ekan. Xanafiy mazhabida og‘izni yuvish farz bo‘lganligi uchun, tishlar ham poklanishi lozim. Tishlardagi to‘siq suvni tishlarga etishidan to‘sganligi uchun unday kishining qilgan g‘usli sahih emas. Unday kishining imomligi ham durust emas deyilgan. "Saodati abadiya. Tom ilmi hol" kitobida mazkur masalada uzundan-uzoq bahs yuritilgan ekan. Unda mazmunan aytilishicha, tishiga plomba qo‘ydirgan xanafiy g‘usl chog‘ida qalbi bilan shofe’iy va molikiy mazhablariga ko‘ra g‘usl tahorati qilishni niyat qiladi. Shunday xaraj paytida boshqa mazhabga taqlid qilish joizdir. Xanafiy olimlarining barchasining ittifoq qilishlaricha, tishiga plomba qo‘ydirgan kishining g‘usli sahih emasdir. Unday kishi shofe’iy va molikiy mazhablariga ko‘ra g‘usl qiladi. Chunki bu ikki mazhabga ko‘ra g‘uslda og‘izni poklash farz emas, sunnatdir.Imom Rabboniy (r.a) "Maktubot"ning 22-maktubida shunday tushuntiradi: " "Durr-ul-muxtor"da namoz vaqtlari tushuntirilganda, uning oxirida, aytadiki, “Zarurat zamonida boshqa mazhabga taqlid qilinadi”. Ibni Obidiyn ham bu hollarni tushuntirishda, deydiki, “Bu erda ikki qavldan biri bildirilgandir. Ikkinchi qavlga ko‘ra, zarurat bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham haraj kuchli bo‘lganda boshqa uch mazhabdan biriga taqlid qilinadi. Muxtor bo‘lgani ham shudir. Qilinishda qiyinchilik bo‘lganda, o‘z mazhabi engillik bersa yoki qilinishini afv etsa boshqa mazhabga taqlid etishga o‘rin qolmaydi."Muhtaram ustoz mazkur masalada xanafiy mazhabining biror kitobida engillik tomoni ko‘rsatilganmi? Men ham ibodatda bo‘lmagan chog‘imda oldingi tishlarimning sal noto‘g‘ri o‘sganligi sababli, tilla suvi yuritilgan metalldan plomba qoplatganman. Meni qilgan g‘usllarim, shuncha vaqt shu tahorat bilan o‘qigan namozlarim endi nima bo‘ladi? Shu masalalarni o‘qiganimdan beri bezovtaman. Sizdan iltimos men yo‘l-yo‘riq ko‘rsating.Hurmat va ehtirom bilan g‘oyibona talabangiz Umidjon Tursinov, Namangan viloyati, Chust shahri.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Plomba va sun’iy tish to‘g‘risidagi siz yozgan gaplar assosiz. Ulamolar ruxsat bergan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida ham bo‘lgan. Bularni biz yozaverib chirchadik. TIShGA PLOMBA QO‘YISh75-SAVOL: Bugungi kunda zamonaviy tibbiyot har bir dardning davosini topmoqda, xususan tish emirilishining ham. Lekin aytishlaricha, qo‘yiladigan plomba tahorat va g‘uslga mone’lik qilar emish. Shu gap rostmi?75-JAVOB: Bismillahir rohmanir rohiym.Ba’zi kishilar plomba tahorat va g‘uslga mone’lik qiladi, shuning uchun harom, mutlaqo mumkin emas, degan gapni tarqatishmoqda. Hatto o‘liklarning tilla qoplama tishlari bo‘lsa, o‘lgandan keyin bo‘lsa ham ko‘chirib tashlab keyin g‘usl qildirish kerak, degan gaplarni takror va takror ayt-moqdalar. O‘z shogirdlariga mabodo oldingi qo‘ydirgan qoplama tishlari bo‘lsa, ularni ham oldirib, tishlarning sarg‘aygan va emirilgan holda yurgani afzal ekanligini ta’kidlashdan charchamayaptilar. Bularning hujjatsiz va dalilsiz aytadigan birdan-bir gaplari aynan tahorat va g‘usl paytida kasal tishga suv etmay qolishidir. Lekin Islom shariati kishilarning dardini ziyoda qilish yoki uni muolaja qilishni man etish uchun Alloh taolo tarafidan nozil qilingan din emasligini mazkur azizlarimiz unutib qo‘yadilar. O‘tgan ulamolarning bu masaladagi ijtihodlariga va yozgan kitoblariga murojat qilmaydilar. Balki shu qattiq tutishlik, xudbinlik asosidagi gaplarni o‘zlari uchun faxr deb biladilar va bunga hammaning amal qilishi lozimligini da’vo qiladilar. Bu kishilarning gaplariga kirmasdan avvalgi mujta-hidlarning gapini olgan, Islom ruhidan kelib chiqib, hadislardan, sahobalar amalidan o‘rnak olgan, sog‘lig‘i uchun qayg‘urib, tishini davolatib, yaxshi bir holatda yurgan kishilarni malomat qiladilar. Tishlarga plomba, qoplama, xususan tilla qoplama qo‘ydirish muolajasi qadimdan qilib kelinayotgan ishdir. Bunga fatvolar, hadislar, rivoyatlar bor. Tish davolatganda plomba yoki qoplama qo‘ydiriladimi, ularni qo‘ydirayotganda g‘usl va ta-horat bilan qo‘ydirsa, bu narsa xuddi bosh-qa a’zolardagi yara yoki shunga o‘xshash jarohatlarning ustini bog‘lab qo‘yganlik hukmiga o‘tadi. Buni shariatda «jabira», deyiladi. Mana shu narsa bo‘lsa g‘usl va ta-horat paytida u erga suv tegishi shart bo‘lmay qoladi. Shu qoplangan narsaning ustiga tekkan suv uning ham poklanishiga olib keladi. Buning mumkin ekanligiga hadislardan, rivoyatlardan ochiq-oydin dalillar keltiramiz. Yana aytib qo‘yishimiz kerakki, bunga hamma fuqaholar ittifoq qilgan va barcha kitoblarda bu ishning joizligi aytilgan. Ammo “Bu ish mumkin emas”, degan kitobni hozircha ko‘rganimiz yo‘q. Endi dalillarga kelsak, Islom olamida oltita sahih hadis kitobi deb tan olingan olti kitobning uchtasida rivoyatlar kelgan. Ana shu rivoyatlarni buyuk imomlarimizdan Abu Dovud as-Sijistoniy va imomi Shuayb An-Nasa’iy va imomi Abu Iyso at-Termiziylar o‘z kitoblarida keltirganlar. Abdurahmon ibn Torfa degan kishidan rivoyat qilinadi. U kishining bobolari al-Jahfa ibni As’ad roziyallohu anhuning Kilob urushi kuni burunlari kesildi. U kishi esa o‘zlariga kumushdan burun qilib oldilar. Lekin u foyda bermasdan sasib ketdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam u kishiga tilladan burun qilib olishni amr qildilar. U kishi esa tilladan burun qilib oldi. Mana shu al-Jahfa ibni As’ad roziyallohu anhuning holatlari boshqa taraflarga qiyos qilinadi. Tilla odamning badaniga to‘g‘ri ta’sir qilib, shifobaxsh xususiyati bor ekan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga bu Alloh tarafidan bildirilgan. Tilladan mazkur sahobiy burun qilib olganlaridan keyin yaralari bitib, ana shu tilla bilan tahorat va g‘usl qilib yurganliklari rivoyat qilingan. Dardga malham bo‘lish dinimizning asosiy maqsadlaridan biridir. Tishning emirilishi ham og‘ir dardlardan biridir. Shu bois, havas uchun emas, dardiga malham topish maqsadida tishni qaratish va qoplama qo‘ydirishga ruxsat berilgan. Imomi Tabaroniy roziyallohu anhu va imomi Zayla’iy o‘z kitoblarida ulug‘ saho-biy Umar ibn Xattob roziyallohu anhu tilladan tish qoplatganlarini keltirishgan. Umar roziyallohu anhuning bu qilgan ishlari ham dalil bo‘la oladi. Shuningdek ikkinchi bir buyuk sahobiy Usmon ibni Affon roziyallohu anhu ham o‘zlariga tilla tish qoplatgan ekanlar. Yana ulug‘ sahobalardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oldilarida 10 yil turib, u zotning har bir qilgan ishlarini va har bir aytgan so‘zlarini sinchkovlik bilan o‘rgangan, o‘zlari ta’lim olgan narsalarni keyin butun Islom olamiga rivoyat qilgan Anas ibn Molik roziyallohu anhu ham tilla tish qo‘ydirgan ekanlar. Mana shu aytilgan narsalarning ulug‘ sahobiylar tomonidan bajarilgani uni qilish joiz ekaniga ochiq-oydin dalildir. Faqat mana shu plomba yoki qoplamalar qo‘yilayotgan paytda tahoratli va g‘uslli bo‘lish lozimdir. Vallohu a’lam.

21 Aprel 2022, 07:10 | Savol-javoblar | 206 | Tahorat
|
Boshqa savol-javoblar