Ovqatga pashsha tushsa

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ovqatga pashsha tushsa uni ikki qanotini ham ovqatga cho‘ktirishni aytganlar. Pashsha tushgan ovqatni eyish kerakmi yoki uni tashlab yuborish kerakmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ َأِبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه، عَنِ النَّبِيِّ صلي الله عليه و سلم قَالَ: إِذَا وَقَعَ الذُّبَابُ فِي إِنَاءِ أَحَدِكُمْ فَلْيَغْمِسْهُ كُلَّهُ ثُمَّ لْيَطْرَحْهُ فَإِنَّ فِي أَحَدِ جَنَاحَيْهِ شِفَاءً وَفِي الْآخَرِ دَاءً. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ وَزَادَ: وَإِنَّهُ يَتَّقِي بِجَنَاحِهِ الَّذِي فِيهِ الدَّاءُAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachonki birortangizning idishiga pashsha tushib qolsa, uning hammasini suyuqlikka botirsin, so‘ngra tashlab yuborsin. Chunki uning ikki qanotining birida shifo, boshqasida dard bor», dedilar».Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilganlar.Abu Dovud: «Va albatta, u (pashsha) dard bor qanoti ila himoyalanadi»ni ziyoda qilgan.Sharh: Bu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam siz bilan biz – ummatlariga idishimizdagi suyuqlikka pashsha tushib qolsa, qanday tasarruf qilishimiz haqida maslahat bermoqdalar. Bu maslahatga binoan, idishdagi suyuqlikka tushgan pashshaning suyuqlikka tushmay qolgan tomonini ham botirib turib, so‘ngra olib tashlash kerak ekan. Bu sirtdan qaraganda g‘aroyib tuyuladi. Pashsha va unga o‘xshash hasharotlar taomga tushganda iloji boricha uni o‘sha narsaga kam tekkizishga harakat qilish mantiqqa to‘g‘riga o‘xshaydi. Bu hadis bilan tanishuvchi har bir insonda shu kabi fikr paydo bo‘lishini e’tiborga olgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yuqoridagi gapni nima uchun aytganlarini sharhlab: «Chunki uning ikki qanotining birida shifo, boshqasida dard bor», dedilar».Imom Abu Dovud keltirgan rivoyatda esa:«Va albatta, u (pashsha) dard bor qanoti ila himoyalanadi» deb, pashsha biror suyuqlikka tushib, xatarga yo‘liqqanda o‘zini saqlash uchun dard bor qanotini xatar tomonga to‘g‘rilashini bayon qildilar. Demak, har bir pashsha taomga tushganda, albatta zararli qanoti bilan tushar ekan. Mazkur zararni daf qilish uchun uning shifoli qanotini ham taomga botirish kerak ekan. Bu hadisi sharifga nisbatan odamlarning munosabati tarix davomida o‘zgarib kelgan. Pay¬g‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davr¬larida sahobai kiromlar o‘z odatlari bo‘yicha bu hadisi sharifni eshitishlari bilan darhol «Eshitdik va bo‘ysundik», deb, amal qilib ketaverishgan. Keyinchalik hadisi shariflarni chuqur o‘rgangan va ulardan turli hukmlarni chiqargan ulamolarimiz esa «Birovning idishiga pashsha tushib qolsa, uni avval botirib, keyin olib tashlashi kerak», deb aytganlar va yozganlar. Undan so‘ng asrlar o‘tib, ba’zi bir chala olimlar paydo bo‘lib, pashshani taom yoki ichimlikka botirib olish ilmga to‘g‘ri kelmaydi, pashshada turli mikroblar bo‘ladi, u suyuqlikka qancha ko‘p botsa, mikroblari shunchalik ko‘p to‘kiladi, deya bong urdilar. Bu fikrni ba’zilar Islomni, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni qoloqlikda, johillikda ayblash uchun ishlatdilar. Ba’zi bir Islomni o‘zicha «himoya» qilmoqchi bo‘lganlar esa ushbu hadisni to‘g‘ri emas, zaif hadis, deb e’lon qilishga shoshildilar. Lekin ilm rivojlanishi bilan hamma narsa o‘z o‘rniga tushdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam johil emas, olim ekanlar. Olim bo‘lganlarida ham, mo‘’jiza gaplarni aytadigan olim ekanlar. Bu hadisi sharif sahih ekan. Sahih bo‘lganda ham, Imom Buxoriy rivoyat qilgan sahih hadis ekan. Turli hasharotlarning, jumladan, pashshaning ham tuzilishi, tarkiblari chuqur o‘rganildi. Ularning ba’zilarida ham dard, ham shifo mavjud ekanligi aniqlandi. Ularning dard bor joyi insonga tegsa, achishib og‘rishi, qichishi, qizarib yoki ko‘karib, shishib chiqishi, hasosiya (allergiya) va boshqa kattaroq ofatlarga ham sabab bo‘lishi aniqlandi. Shu bilan birga, o‘sha hasharotlar o‘zlari bilan turli kasalliklarning mikroblarini tashishlari ham ravshan bo‘ldi. Yana o‘sha zarari bor hasharotlarning ba’zilarida shifo, ya’ni foydali xususiyatlar ham borligi ayon bo‘ldi. Misol uchun, asalari ham chaqadi, ham asal beradi. Eng qizig‘i, hamma hasharotlarda ham o‘zini himoya qilish sezgisi, vositasi bor ekan. Ular o‘zlariga nisbatan xavf-xatarni sezganda o‘sha vositani ishga solar ekanlar. Shuning uchun ham ko‘pchilik hasharotlarni bilmay, bosib olsak, darhol chaqib olar ekan. Bu tuyg‘u ularda tabiiy bo‘lib, xavf-xatar paydo bo‘lganda o‘z-o‘zidan ishga tushar ekan. Hayvonot olamini yaxshi o‘rgangan olimlarning ta’kidlashlaricha, bu hadisda pashsha haqida kelgan gap haq ekan. Pashshada zaharlash quvvati bor ekan. Agar pashsha biror joyga qulaydigan bo‘lsa, o‘zini himoyalashga urinib, zaharli qanoti ila qular ekan. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uning zararini kesish maqsadida suyuqlikka ikkinchi, shifoli qanotini botirib olishni maslahat bergan ekanlar. Shu bilan birga, ta’kidlash lozimki, hadisda pashshani botirib, olib tashlash aytilgan, xolos. U tushgan ichimlik yoki taomni tanovul qilish amr qilinmagan. Ko‘ngli tortgan tanovul qilsin, ko‘ngli tortmagan qilmasin. Bu erda Pay¬g‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam pashshaning zararini qanday qilib yo‘qotish va halol narsani zoe qilmaslik maslahatini berganlar, xolos. Bu narsani yaxshilab tushunib olish, mo‘min-musulmon kishi bunday sahih hadis ila sobit bo‘lgan narsaga e’tiroz qilmasligi kerak. Agar u bunga o‘xshash narsalarni to‘g‘ri tushunib etsa, juda yaxshi. Agar tushuna olmasa, men tushuna olmayapman, ilmim etmayapti, deb, odob saqlashi zarur. Darhol e’tiroz bildirishga shoshilmasligi kerak. Chunki mazkur narsani u bilmasa, boshqalar biladi, bugun bilinmasa, ertaga yoki yuz yil, ming yil o‘tgandan keyin bilinadi. Ko‘pgina oyat va hadislarning sir-asrorlari asr¬lar o‘tib, ilm rivojlanishi bilan kashf bo‘lmoqda.("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 07:10 | Savol-javoblar | 213 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar