Ajrashgan ayol jannatga kirishi

Assalomu alaykum! Ayol kishi eridan ajrashgan ya’ni taloq olib boshqa turmush qurmay o‘tsa jannatga Alloh roziligi bilan kiraveradimi yoki otasi yoki akasi yo ukasi rozi bo‘lib o‘tgan bo‘lsa ham kiradimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Turmush qurgan erkakning dinining yarmi mukammal bo‘libdi, qolganida Allohga taqvo qilsin” deganlar. Bu ayollarga ham tegishlidir. Taloq olgach boshqa turmush qurish harakatida bo‘lish, valiylari ham bunga jiddiy e’tibor qaratishlari kerak. Ayol kishi yolg‘iz hamma tomondan to‘liq ta’minlangan hayot kechirsa ham bechora va faqira hisoblanadi. Chunki Alloh erkagu ayolni bir biriga muhtoj qilib yaratgan. Ayollar beva qolsalar yoki biror sabab tufayli turmushidan ajrasalar albatta yana turmush qurishga harakat qilishlari zarurdir. Bu borada hayo qilmaslik kerak. Ota-ona va farzandlar ham bunga qarshi bo‘lmasligi kerak. Chunki barcha zino, oila buzish kabi ishlar ko‘pincha beva ayol va beva erkaklar tarafidan sodir bo‘ladi. Qolaversa, salomatligi uchun ham bu zarur narsalardan hisoblanadi. Harom ish qilib oxiratini kuydirganidan ko‘ra halol bilan hayot kechirishga harakat qilish kerak. Alloh taolo "Nur" surasida marhamat qiladi: وَأَنكِحُوا الْأَيَامَى مِنكُمْ وَالصَّالِحِينَ مِنْ عِبَادِكُمْ وَإِمَائِكُمْ إِن يَكُونُوا فُقَرَاء يُغْنِهِمُ اللَّهُ مِن فَضْلِهِ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ۝ 32. Oralaringizdagi nikohsizlarni va qulu cho‘rilaringizdan solihlarini nikohlab qo‘ying. Agar faqir bo‘lsalar, Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilur. Alloh qamrovi kengdir, o‘ta biluvchidir. Ushbu oyatda biz «nikohsiz bo‘lgan» deb tarjima qilgan ibora arab tilida «ayyim» deyiladi. Ko‘pchilik bu so‘zdan tul erkak va beva xotinni tushunadi. Aslida esa bu noto‘g‘ri tushunchadir. «Ayyim» xotini yo‘q erkak va eri yo‘q ayolni bildiradi. Avval oila qurganmi, qurmaganmi, farqi yo‘q. Ushbu oyatda Alloh taolo musulmonlar jamoasiga xitob qilib: «Oralaringizdagi nikohsizlarni va qulu cho‘rilaringizdan solihlarini nikohlab qo‘ying», – deb buyurmoqda. Binobarin, musulmon jamiyati a’zolari o‘z oralarida nikohsiz kishilarni qoldirmaslikka harakat qilishlari lozim bo‘ladi. Hattoki qul va cho‘rilarning, agar xojalari ularda ahli solihlik sifatini topsa, uyli-joyli bo‘lishlariga yordam bermoqlari lozim. Shuning uchun ham hozirgacha musulmonlar orasida balog‘atga etgan yoshlarni tezroq uylash, biror sabab bilan oilasiz qolgan eru xotinlarni nikohli bo‘lishga undash juda kuchli. Mazkur ishlar ushbu oyati karimaga hamda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Nikoh mening sunnatimdir, kim mening sunnatimga rag‘bat qilmasa, mendan emas» degan va boshqa ko‘pgina shunga o‘xshash hadislariga amal qilganimiz tufayli bajariladi. Nikoh orqali eru xotinning bog‘lanishi jinsiy maylni qondirishning eng tabiiy va halol yo‘lidir. Shuning uchun Islomda halol nikoh orqali oila qurib yashashga qattiq targ‘ib qilinadi. Oila qurish yo‘lidagi to‘siqlar olinadi va barcha kerakli omillar yuzaga keltiriladi. Ba’zi odamlar turli bahonalar qilib, uylanish, oilali bo‘lishni orqaga suradilar. Ushbu bahonalarning eng kattasi kambag‘allik bo‘ladi. Shuning uchun ham oyatning davomida bunga o‘xshash bahonalar bilan nikohni orqaga surish yaxshi emasligi ta’kidlanmoqda: «Agar faqir bo‘lsalar, Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilur». Ya’ni faqirlikni bahona qilib, nikohdan qochmasinlar. Balki nikohga rag‘bat qilsinlar. Alloh O‘zi bilib, kerak bo‘lsa, boy qilib qo‘yadi. Darhaqiqat, ko‘pchilik odamlarning oila qurganidan keyin jiddiylashib, ro‘zg‘or uchun astoydil harakat qilib, iqtisodiy holati yaxshilanib ketgani kuzatilgan. «Alloh qamrovi kengdir, o‘ta biluvchidir». Alloh fazli keng, o‘ta biluvchi Zotdir. Xohlagan bandasini O‘z fazlidan boy qilib qo‘yadi. Ammo O‘zi bilib qiladi. Nima qilishini esa o‘ta biluvchilik sifati ila O‘zi yaxshi biladi. Hamma imkonini topib, nikohlanib, halol-pok holda oilaviy hayot kechirsa, ayni murod. Ammo ba’zi kishilar o‘zlarida qanchalik rag‘bat bo‘lsa ham, turli sabablarga ko‘ra nikohlanish uchun imkon topa olmay qolishlari mumkin. Ular nima qiladilar? Mana shu savolga kelgusi oyati karima javob beradi. وَلْيَسْتَعْفِفِ الَّذِينَ لَا يَجِدُونَ نِكَاحًا حَتَّى يُغْنِيَهُمْ اللَّهُ مِن فَضْلِهِ 33. Nikoh(imkoni)ni topa olmaganlar, to Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilgunicha, iffatlarini saqlasinlar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 07:27 | Savol-javoblar | 307 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar