«Mudallas» hadisi qanday hadislar tarkibiga kiradi?

Assalomu alaykum shayx janoblari! Sizga hamda ahli oilangizga Allohning barakoti yog‘ilsin! Savolim quyidagicha: «mudallas» hadisi qanday hadislar tarkibiga kiradi? Javob uchun rahmat.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- MUDALLAS HADIS Tadliysning ta’rifi.A). Mudallas so‘zi lug‘atda «tadliys» masdaridan olingan maf’uldir. Tadliys so‘zi esa, lug‘atda haridordan savdo molining aybini berkitishni anglatadi. Tadliys so‘zi aslida, «dalas»dan olingan bo‘lib, zulmat yoki qorong‘ilikni aralashib ketishidir. Bu ma’noni Feruzobodiyning «Qomusul muhiyt» kitobida aytilgan. Bundan mudallas hadis deganda, hadisni rivoyat qiluvchi shaxs, uning ishini zulmatga qo‘ydi, degan ma’no chiqadi. Ya’ni, berkitib, qorong‘ulikka qo‘ydi. Shu sababdan, bu hadis mudallas bo‘lib qoldi, deb aytiladi. B). Istilohda esa, mudallas sanaddagi aybi maxfiy tutilgan va sirtdan ko‘rinishini yaxshilashga urinilgan hadisdir. Ta’rifning sharhi. Muddalis – tadliys qiluvchi sanaddagi aybni berkitishga urinadi. U ayb sanaddagi inqito’-kesilishdan iborat edi. Mudallis o‘z shayxini tushirib qoldiradi va shayxining shayxidan rivoyat qiladi. Hamda hiyla bilan o‘sha shayxning tushirganini maxfiylashtiradi. U sanadning zohirini yaxshilaydi, odamlarga muttasil bo‘lib ko‘rinishini harakatini qiladi.Tadliysning qismlari. Tadliysning ikki qismi bo‘lib, birinchisi sanadni tadliysini qilish, ikkinchisi shayxlarni tadliys qilishdir. Sanadning tadliysi. Hadis ulamolari tadliysning ushbu navini bir necha ta’riflar bilan ta’riflaganlar. Ularning ichidan eng daqiq, nozik va sahihrog‘i Ahmad ibn Amr Bazzor va Abulhasan ibn Qatton nomli ikki imomning ta’riflaridir. U ta’rif quyidagidan iborat.A). Mudallas roviy o‘zi, eshitmagan kishidan eshitganini zikr qilmasdan rivoyat qilgan hadisdir. B). Ta’rifning sharhi. Tadliys qilinganda, roviy o‘zi ba’zi hadislarni eshitgan shayxdan rivoyat qiladi. Lekin hozirgi tadliys qilinayotgan hadisni undan eshitmagan bo‘ladi. Uni boshqa bir shayxdan eshitgan. Lekin uni tushirib qoldirib, avvalgi shayxni nomini zikr qiladi va bu erdagi rivoyatida undan yoki undan boshqadan ham eshitishi mumkinini ifoda qiladigan lafzlarni qo‘llaydi. Misol uchun, (aytdi) yoki (falonchidan) deydi. Lekin u ochiq-oydin eshitdim, menga so‘zlab berdi kabi gaplarni aytmaydi. Agar aytsa, kazzob bo‘lib qoladi.Tadliys qiluvchi odam, qasddan bir kishini tushirib qoldirishi ham mumkin yoki bittadan ortig‘ini tushirib qoldirishi ham mumkin.V). Mudallas hadis bilan maxfiy irsol o‘rtasidagi farq. Abulhasan ibn Qatton yuqorida zikr qilingan ta’rifni aytib o‘tganidan so‘ng, mudallas bilan maxfiy irsol o‘rtasidagi farq shuki, maxfiy irsolni eshitmagan odamdan rivoyat qilinadi. Bu gapning izohi shuki, mudallis (tadlis qiluvchi) bilan mursil (irsol) ikkisi ham bir shayxdan eshitmagan narsasini rivoyat qilishadi. Shu bilan birga, rivoyat qilishlarida eshitishni yoki boshqa narsani ehtimolini ko‘taradigan, ikki tarafga bursa bo‘ladigan lafzni ishlatishadi. Lekin mudallis, o‘sha shayxdan tadliys qilinayotgan hadisdan boshqa hadisni eshitgan bo‘ladi. Mursil esa, maxfiy irsol qilayotgan bo‘lsa, mazkur shayxdan hech narsani eshitmagan bo‘ladi. O‘zi irsol qilgan hadislarni ham, boshqa hadislarni ham eshitmagan bo‘ladi. Faqat o‘sha odam yashagan asrda yashagan yoki u bilan biror erda uchrashgan bo‘lib, hadis rivoyatida aloqalari yo‘q bo‘ladi.D). Mudallas hadisning misoli. Hokim Ali ibn Xashramga etib boradigan sanadi bilan, bizga Ibn Uyayna, Zuhriydan, dedi. Shunda undan, sen Zuhriydan eshitdingmi, deb so‘raldi. Bas, Ibn Uyayna yo‘q, Zuhriydan eshitgan odamdan ham eshitganim yo‘q, dedi. Menga Abdurrazzoq aytib berdi, u Ma’mardan, u Zuhriydan, deb turib hadisni keltirdi. Mana shu misolda Ibn Uyayna o‘zi bilan Zuhriy orasida ikki kishini tushirgan.Tasviya tadliysi.Boshqacha qilib aytganda, tekislash, rostlash va barobarlashtirish tadliysi. Tadliysning bu turi sanadning tadliysi turlaridan biridir.A). Uning ta’rifi. Tasviya tadliysi roviy o‘z shayxidan rivoyat qilish bilan birga bir-biri bilan uchrashgan ikki ishonchli roviy orasidagi zaif roviyni tushirib qoldirishidan iboratdir. Roviy ishonchli shayxdan bir hadisni rivoyat qiladi. Mazkur ishonchli kishi zaifdan rivoyat qilgan bo‘ladi. O‘sha zaif roviy esa, siqadan (ishonchli kishi) rivoyat qilgan bo‘ladi. Ana shu ikki siqa roviylar bir-birlari bilan uchrashgan odamlar bo‘ladi. Mudallis kelib, hadisni birinchi siqa odamdan eshitganman, deb aytadi. Keyin sanaddan zaifni tushirib yuborib, sanadni siqa shayxga ulab ketadi. Ulashi tufayli ikki siqaning orasidan bitta zaifni tushirib qoldiradi. O‘sha paytda sanaddagi roviylarning barchasi siqa ekanini ifoda qiluvchi lafzni ishlatib, faqatgina siqalar rivoyat qilgan ekan, degan holga keltirib qo‘yadi. Tadliysning mana shu turi eng yomon turidir. Chunki, bunda birinchi siqa, tadliys bilan ma’ruf bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Buni sanadni o‘rgangan odam biladi. Shunindek, tasviyadan keyin gohida, uni boshqa bir siqadan rivoyat qilishi mumkinki, shunga ishonib qolgan odamlar bu hadis sahih ekan, degan qarorni chiqarishi mumkin. Aslida esa, bu erda katta noaniqlik bor.B). Tasviya qiluvchilarning eng mashhurlari. Ular ikki kishidir: Birinchisi Baqiyaya ibn Validdir. Abu Mushir uning haqida, Baqiyayaning hadislari pokiza emasdir. Undan saqlangin, degan. Ikkinchisi Valid ibn Muslimdir. V). Tasviya tadliysiga uchragan hadisiga Misol. Ibn Abu Hotim o‘zining «al-Ilal» nomli kitobida keltiradi: Men otamdan eshitdim, dedi-da, Ishoq ibn Rohavayhi, Baqiyayadan rivoyat qilgan hadisni zikr qildi. Keyin menga Abu Vahb Asadiy, Nofe’dan, u Ibn Umardan hadis aytdi:«Bir odamning haqiqiy fikrini bilmay turib, Islomini maqtamanglar». Otam aytdi: «Mana shu hadisning o‘ziga xos ishi bor. Lekin uni tushunadiganlar kamdir. Bu hadisni Ubaydulloh ibn Amr, Ishoq ibn Abu Farvadan, u Nofe’dan, u Ibn Umardan, u Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan. Ubaydulloh ibn Amr siqadir. Uning kunyasi Abu Vahbdir. O‘zi Asadiydir. Uni Baqiyaya shunday kunyalagan va Bani asadga nisbat bergan. Buni Ishoq ibn Farvani tark qilsa ham, birov bilmay qoladigan bo‘lishi uchun qilgan».Shayxlarni tadliys qilish.A). Shayxlarni tadliys qilishning ta’rifi. Roviy o‘zi undan hadis eshitgan bir shayxdan rivoyat qiladi. Uning shaxsini yashirish uchun tanilmagan ismini yoki kunyasini yoki nasabini aytadi yoxud tanilmagan sifati bilan sifatlaydi. Ta’rifning sharhi: Roviy shayxni tadliys qilayotgan bo‘lsa, bir shayxdan o‘zi eshitgan hadisni rivoyat qiladi. Ya’ni, bu hadisda roviyni tushirib qoldirish yo‘q. Lekin bu erda bo‘yab ko‘rsatish va shayxning ismini yoki kunyasini yoki nasabini yoki sifatini berkitish bor. Buni tushunib olish uchun quyidagi misolni keltirishimiz mumkin. Shayxning ismi Mahmud ibn Ahmad Tohhan.Uning kunyasi Abu Hafs.Nisbati Tohhan. Sifati soqolining oqligi. Mudallis menga aytdi, deb so‘z o‘yini qiladi; 1. Ibn Ahmad. yoki 2. Abu Suhayl.yoki 3. Mahmud Halabiy.yoki 4. Oq soqollik. Mana shu holatda tadliys qiluvchi o‘sha shayxdagi bor narsalarni aytadi. Lekin uning taniladigan sifatlarini aytmasdan, tanilmagan gaplar bilan sharhlab odamlardan aybini berkitadi. Chunki, shayxida aybi bor bo‘lib, u zaif yoki yoshi kichik yoki bundan boshqa aybi bo‘lishi mumkin.B). Shayxlarni tadliys qilishning misoli: Abu Bakr ibn Mujohid, degan qorilarning imomlaridan biri, Abu Dovud Sijjistoniyni Abdulloh ibn Abu Abdulloh bizga aytdi, degan ekan. Holbuki, u kishi barchaga Abu Dovud nomlari bilan tanilganlar. Tadliysning hukmi: A). Sanadni tadliys qilish juda ham qattiq makruhdir. Uni ko‘p ulamolar mazammat qilganlar. Sho‘’ba tadliysni eng ko‘p tanqid qiladigan kishilardan edi. U hadisni tadliys qiladiganlar haqida har-xil gaplarni aytgan. Misol uchun, tadliys yolg‘onning akasidir, degan.B). Tasviya tadliysi esa, sanad tadliysidan ham karoxhti shiddatliroq ishdir. Hatto Iroqiy, «Kim tadliysi tasviya bilan qasddan shug‘g‘ilangan bo‘lsa, aybdor bo‘lib qoladi», degan. V). Shayxlarning tadliysi sanadning tadliysidan ko‘ra karohiyati engilroq ishdir. Chunki, mudallis bu erda biror kishini tushirib qoldirgani yo‘q. Karohat bo‘lishi rivoyat qilinayotgan shaxsni zoe qilish sababidan bo‘ladi. Uni eshitgan odam qanday qilib tanib olishi og‘ir bir yo‘lga aylanib qoladi. Buning karohati tadliys qiluvchining g‘araziga qarab har-xil bo‘ladi.9. Tadliysga olib boradigan g‘arazlar. A). Shayxlarni tadliys qilishga olib boradigan g‘arazlar to‘rttadan iboratdir:1. Shayxning hadis rivoyat qilishda zaif bo‘lgani yoki ishonchli bo‘lmagani sababidan uni tadliys qilinadi.2. Shayxning vafoti kechga qolib ketgani sababidan shogirdi u bilan birga boshqa jamoatdan hadis eshitadigan holatga kelib qoladi. Ya’ni, shayx va uning shogirdi ikkisi hamdars bo‘lib qolishadi. Hamdarsidan rivoyat qilgan ekan, degan gapdan qochib, shayxini nomini berkitadi.3. Shayxning yoshi kichik bo‘lib, o‘zidan katta odam undan hadis o‘rganishi. Men falonchidan hadis oldim, deb aytsa, odamlar o‘zidan qichiq odamdan dars olgan ekan dab kuladi. Shuning uchun shayxini nomini berkitib, boshqa nom bilan aytadi.4. O‘sha shayxdan ko‘p rivoyat qilgan bo‘lib, uning zikri ko‘payishini xoxlamaydi. B). Sanadni tadliys qilishga olib boradigan g‘arazlar beshtadir:1. Sanadni oliy ekanini vahmga solish uchun, odamlarni sanadi oliy ekan, degan xayolga tortish uchun tadliys qiladi.2. Ko‘p narsalarni eshitgan shayxdan ba’zibir hadislarni o‘tib ketishligi.3-4-5- Shayxlarni tadliys qilishdagi zikr qilingan avvalgi uchta shart.10. Mudallisni ayblashning sabablari uchtadir. A). O‘zi eshitmagan narsani eshitganga o‘xshatishga harakat qilmoqligi. B). Ochiq-oydin gapirish o‘rniga ehtimolli gapga burishi.V). Tadliys qilingan narsani aytsa, odamlar undan rozi bo‘lmasligi. 11. Mudallis rivoyatining hukmi.Ulamolar mudalisning rivoyatini qabul qilish yoki qilmaslik borasida bir necha qovllarni aytishgan. Ulardan eng mashhuri ikki qovldir:A). Mudallisning hamma rivoyatini mutlaqo qabul qilmaslik. Agar eshitdim, deb aytgan bo‘lsa ham rad qilinadi. Chunki, tadliys qilishning o‘zi ayb, jurhdir. Aybdor bo‘lib qolgan odamning gapi qabul qilinmasligi kerak. Lekin bu gap asossiz va kuchsizdir. B). Tafsilot ila yuzaga chiqadi. Ya’ni, qabul qilish yoki qilmaslik borasida batafsil bayon kerak bo‘ladi. Agar tadliys bilan nomi chiqqan odam hadis rivoyat qilsA).yu, uni ichida eshitdim so‘zini ishlatgan bo‘lsa, rivoyati qabul qilinadi. Agar eshitdim so‘zini aytmasa, Hن «an» desa yoki boshqa ba’zibir ikki tarafini ko‘taradigan so‘zlarni ishlatgan bo‘lsa, rivoyati qabul qilinmaydi. 12. Mudallisni tanib olish yo‘llari.Mudallisni ikki yo‘l bilan tanib olinadi.A). Mudallisning o‘zi aytadi. Buni nima qilgansan, deb so‘ralsa, tadliys qilganman, deb aytadi. Misol uchun, Ibn Uyayna o‘zi tadliys qilganini aytgan.B). Hadis ilmining imomlaridan bir imom o‘zi tanib, bilib, tekshirib, o‘rganib bo‘lgandan keyin folonchi mudallis, deb e’lon qilgan bo‘lsa, ana shundan bilinadi. Tadliys va mudallis haqidagi eng mashhur kitoblar.Tadliys va mudallislar haqida yozilgan kitoblar ko‘p bo‘lib, ularning mashhurlari uchtadir: A). Xatib Bog‘dodiyning tasnif qilgan kitoblari. Shulardan biri «at-Tabyyin li asmail mudallisiyn», deb nomlangan. Boshqa kitobida esa mazkur ikki narsadan har birini alohida qilgan. Tadliysni alohida, mudallisni alohida keltirgan. B). Burhoniddiyn ibn Halabiyning «At-Tabyyin li asmail mudallisiyn», degan kitobi bor. V). Hofiz Ibn Hajarning «Ta’rifu ahli at-taqdiys bimarotibil mavsufiyna bittadliys», degan kitobi bo‘lib, u chop qilingan.

3 May 2022, 04:08 | Savol-javoblar | 188 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar