Yotdim tinch nomli duo

Assalomu alaykum! Bir do‘stim yotishdan avval yotdim tinch duosini o‘qib yotsa har-xil balo qazolardan saqlaydi hamda uyquda joni uzilib qolsa foydasi bor dedi. Qtishda o‘qiladigan duolar kelgan hadislar bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 60-bob. Uxlash uchun to‘shakka yotganda aytiladigan zikrlar Alloh taolo Oli Imron surasini 190-oyatida: «Albatta, osmonlar va erning yaratilishida, kecha va kunduzning almashinib turishida aql egalari uchun oyat-alomatlar bordir. Ular turganlarida ham, o‘tirganlarida ham, yotganlarida ham Allohni zikr qiladilar», deydi. 217/1. Huzayfa va Abu Zarr roziyallohu anhumlardan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlariga yotsalar: «Bismikallohumma ahya va amutu», der edilar. (Ma’nosi: Allohim, Sening isming bilan tirilaman va o‘laman.) Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 218/2. Alidan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima bilan Aliga roziyallohu anhumo: «To‘shakka yotsangiz, o‘ttiz uch martadan «subhanalloh, alhamdulillahi, Allohu akbar», deb aytinglar», deb tayinlaganlar. Buxoriy va Muslim rivoyatlari Boshqa rivoyatda: «Tasbihni o‘ttiz to‘rt marta aytingiz», yana bittasida: «Takbirni o‘ttiz to‘rt marta aytingiz», deganlar. Ali roziyallohu anhu : «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganimdan beri ularni aytishni tark qilganim yo‘q», degan edilar, «Siffin kechasida ham tark qilmadingizmi?» deb so‘rashdi. «Yo‘q», dedilar Ali roziyallohu anhu. 219/3. Abu Hurayradan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishi to‘shakka yotayotganida ko‘rpa va izorini qoqib tashlasin. Chunki uning orasida nima borligini bilmaydi. So‘ng: «Bismika robbiy vazo’tu jambiy va bika arfa’uhu, in amsakta nafsiy farhamha va in arsaltaha fahfazha bima tahfazu bihi ’ibadakas solihiyn», deb aytsin», dedilar. (Ma’nosi: Ey Rabbim, Sening isming bilan yotdim va Sening isming bilan turaman. Agar mening ruhimni olsang, unga rahm qil. Agar uni qo‘yib yuborsang, xuddi solih bandalaringni saqlaganingdek, uni ham hifzu himoyangga ol.) Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 220/4. Oisha roziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘shaklariga yotsalar, qo‘llariga suflab, ikkita «Qul a’uzu»ni o‘qir, so‘ng tanalariga surtar edilar». Buxoriy va Muslim rivoyatlari 221/5. Yana Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam agar ko‘rpalariga kirsalar, ikki kaftlarini jamlab turib, unga «Qul huvallohu ahad», «Qul a’uzu birobbil falaq», «Qul a’uzu birobbinnas»ni o‘qib, qo‘llari etgan joylarigacha surtar edilar. U ikki kaftlarini boshlari, yuzlari va jasadlarining old tomonidan boshlab uch martadan bajarardilar». Buxoriy va Muslim rivoyatlari

/6. Abu Mas’ud Ansoriy Badriydan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Baqara surasining oxirida ikki oyat borki, kim ularni kechasi o‘qisa, o‘sha kecha ofatlardan unga kifoya qiladi», dedilar. Buxoriy va Muslim rivoyatlari. 223/7. Barro ibn Ozib roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh alayhissalom menga: «Agar to‘shagingga kelsang, namozga tahorat qilganingdek tahorat qil, so‘ng o‘ng tomoningga yonboshlab: «Allohumma aslamtu nafsiy ilayka va favvaztu amriy ilayka va alja`tu zohriy ilayk, rog‘batan va rohbatan ilayk, la malja`a va la manja minka illa ilayk, amantu bikitabikallaziy anzalta va nabiyyikallaziy arsalta fain mitta mitta ’alal fitroh», deb ayt. Yotishdan oldin oxirgi aytadiganing shu bo‘lsin», dedilar. (Ma’nosi: Allohim, nafsimni Senga taslim etdim. Ishimni Senga topshirdim. Sening ne’matingga rag‘bat qilib, g‘azabingdan qo‘rqib, Senga suyandim. Sendan boshqa qochadiganim ham, najot topadiganim ham yo‘q. Nozil qilgan kitoblaringga va yuborgan payg‘ambarlaringga iymon keltirdim. Jonimni oladigan bo‘lsang, islom fitratida ol.) Buxoriy va Muslim rivoyatlari 224/8. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni ramazon zakotiga qo‘riqchi qildilar. Shunda bir kishi kelib, taomdan hovuchlab ola boshladi. Men uni ushlab: «Allohga qasamki, seni Rasululloh huzurlariga olib boraman», dedim. U : «Bolalarim ko‘p, juda muhtojman», deb aytgan edi, qo‘yib yubordim. Tong ottirganimda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Abu Hurayra, kechagi asiring nima qildi?» dedilar. Men: «Ey Rasululloh, ehtiyoji juda qattiqligini va bolalari ko‘pligini aytgan edi, unga rahm qilib, qo‘yib yubordim», dedim. Rasululloh: «U senga yolg‘on gapirgan bo‘lmasin, yana keladi», dedilar. Men Rasulullohning so‘zlaridan uning tag‘in kelishini bilib, kutdim. U kelib, yana taomdan hovuchlab ola boshladi. Ushlab olib: «Seni Rasululloh huzurlariga olib boraman», dedim. U yana: «Meni qo‘yib yubor, bolalarim ko‘p, shunga juda muhtojman, boshqa qaytib kelmayman», deb aytdi. Rahmim kelib, yana qo‘yib yubordim. Tong otgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Abu Hurayra, asiring nima qildi?» dedilar. Men: «Ehtiyoji juda qattiqligini va bolalari ko‘pligini aytgan edi, rahm qilib qo‘yib yubordim», dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Senga yolg‘on gapiryotgan bo‘lmasin, u yana qaytadi», dedilar. Uchinchi bora kuta boshladim. U kelib, yana taomdan hovuchlab ola boshladi. Uni ushlab oldim va: «Kelmayman, deysan-da, yana qaytib kelaverasan, bu oxirgisi, seni Rasulullohning huzurlariga olib boraman», dedim. Shunda u: «Meni qo‘yib yubor, agar qo‘yib yuborsang, senga bir nechta kalimalarni o‘rgatib qo‘yaman, u bilan Alloh senga naf beradi», dedi. «Qaysi kalimalar?» deganimda, «To‘shagingga yotsang, Oyatul kursiyni o‘qi, Allohning qo‘riqchisi doim seni qo‘riqlab turadi, tong otgunicha shayton senga yaqinlasha olmaydi», dedi, so‘ng men uni qo‘yib yubordim. Tong otgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kechagi asiring nima qildi?» deb so‘radilar. Men: «Ey Rasululloh, u Alloh foyda beradigan kalimalarni o‘rgatuvdi, quyib yubordim», dedim. Rasululloh: «Qaysi kalimalar ekan?» dedilar. Men: «Agar to‘shagingga yotsang, Oyatul kursiyni o‘qi, Allohning qo‘riqchisi doim seni qo‘riqlab turadi, tong otgunicha shayton senga yaqinlasha olmaydi», deb aytdi», dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘zi yolg‘onchi bo‘lsa ham, rost gapiribdi. Ey Abu Hurayra, uch kundan beri sen bilan gaplashayotgan kishi kimligini bilasanmi?» dedilar. «Yo‘q», dedim. «U shayton edi», deb aytdilar Nabiy alayhissalom». Imom Buxoriy rivoyatlari 225/9. Hafsa onamizdan roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yotishni xohlasalar, o‘ng qo‘llarini chakkalarining tagiga qo‘yib: «Allohumma qiniy ’azabaka yavma tab’asu ’ibadak», deb uch marta aytar edilar. (Ma’nosi: Allohim bandalaringni qayta tiriltiradigan kundagi azobingdan saqla.) Abu Dovud rivoyatlari 226/10. Abu Hurayradan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘shaklariga yotsalar: «Allohumma robbas samavati va robbal arzi va robbal ’arshil ’aziym, robbana va robba kulli shay`in. Faliqul habbi van nava munazzilut Tavroti val Injiyli val Qur’an. A’uzu bika min sharri kulli ziy sharrin anta axizun binasiyatih, antal avvalu falaysa qoblaka shay`un va antal axiru falaysa ba’daka shay`un va antazzohiru falaysa favqoka shay`un va antal batinu falaysa dunaka shay`un iqzi ’annad dayna vag‘nina minal faqr», deb aytardilar. (Ma’nosi: Allohim, Sen eru osmonning va ulug‘ arshning parvardigorisan. Ey Rabbimiz, Sen hamma narsaning tarbiyakunandasisan, urug‘, danaklarning yoruvchisisan. Tavrot, Injil va Qur’onni tushirgan zotsan. (Bandalaringning) peshonasidan ushlashingga sabab bo‘luvchi yomonlikning har qanaqasidan Sening noming ila panoh tilayman. Ey Alloh, Sen avvalsan, Sendan oldin biror narsa yo‘q. Va Sen oxirsan, Sendan keyin biror narsa yo‘q. Sen zohirsan, Sening ustingda biror narsa yo‘q. Sen botinsan, Sening pastingda biror narsa yo‘q. Ey Rabbim, qarzlarimni mendan ech, kambag‘allikdan meni behojat qil.) Muslim, Termiziy, Nasoiy, Ibn Mojalar rivoyati 227/11. Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh alayhissalom o‘rinlariga yotayotgan paytlarida: «Allohumma inniy a’uzu bivajhikal kariym va kalimatikat tammah, min sharri ma anta axizun binasiyatihi, Allohumma anta takshiful mag‘roma val ma`sam, Allohumma la yuhzamu junduka va la yuxlafu va’duka va la yanfa’u zal jaddi minkal jadd. Subhanakallohumma va bihamdik», deb aytardilar». (Ma’nosi: Allohim, karim sifatli yuzing bilan va mukammal kalimalaring bilan (bandangning) peshonasidan ushlashingga sabab bo‘luvchi yomonliklardan panoh tilayman. Ey Rabbim, Sen ziyon va gunohlarni ochuvchi zotsan. Ey Rabbim, Sening askarlaring engilmaydi, va’dang xilof qilinmaydi. Buyuklik Sendandir. Boshqaning buyukligi foyda bermaydi. Ey Rabbim, Senga hamd aytish ila Seni poklab yod eturman.) Abu Dovud va Nasoiylar rivoyati 228/12. Anasdan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘shaklariga yotadigan bo‘lsalar: «Alhamdu lillahillaziy at’amana va saqona va kafana va avana fakam mimman la kafiya lahu va la mu`viy», deb aytar edilar. (Ma’nosi: Bizni edirgan, ichirgan, kifoya qilgan va boshpana bergan Allohga hamd bo‘lsin. Qanchadan-qancha kishilarning saqlaguvchisi va boshpana berguvchisi yo‘q.) Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyatlari 229/13. Abu Zuhayr Anmoriydan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh alayhissalom kechasi joylariga yotsalar: «Bismillahi vazo’tu jambiy, Allohummag‘fir zanbiy va axsi’ shaytoniy va fukka rihaniy vaj’alniy fin nadiyyil a’la», deb aytardilar. (Ma’nosi: Allohim, gunohlarimni kechir, shaytonimni hayda, garovdagi narsalarimni ech va meni oliy jamoalar (ya’ni, farishtalar) majlisida qil.) Abu Dovud rivoyatlari 230/14. Navfal Ashjaiy roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Uxlashga shaylanganingda, «Qul ya ayyuhal kafirun»ni o‘qi, shirkdan seni uzoq qiladi», dedilar». Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari Abu Ya’lo Mavsiliyning «Musnad»larida Ibn Abbosdan roziyallohu anhurivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohga shirk keltirishdan saqlaydigan kalimalarni o‘rgataymi? Uxlashga shaylangan paytingizda «Qul ya ayyuhal kafirun»ni o‘qinglar», deganlar. 231/15. Irboz ibn Soriyadan roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uxlashdan oldin «Sabbaha, yusabbihu, subhana»lar bilan boshlanadigan suralarni o‘qiganlar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari 232/16. Oisha onamizdan roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Bani Isroilga taalluqli suralarni va Zumarni o‘qimagunlaricha uxlamas edilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari 233/17. Ibn Umar roziyallohu anhumo aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yotishga shaylansalar: «Alhamdu lillahillaziy kafaniy va avaniy va at’amaniy va saqoniy vallaziy manna ’alayya faafzola vallaziy a’toniy faajzala. Alhamdu lillahi ’ala kulli hal. Allohumma robba kulli shay`in va maliykahu va ilaha kulli shay`in. A’uzu bika minan nar», deb aytardilar». (Ma’nosi: Menga kifoya qilgudek narsa va maskan bergan, meni taomlantirgan, sug‘organ va menga afzal narsalarni berib, to‘la-to‘kis qilgan Allohga hamd bo‘lsin. Har qanday holatda Allohga hamd bo‘lsin. Ey Rabbim, Sen har bir narsaning tarbiyachisi, moliki va har bir narsaning ilohisan. Sening noming ila do‘zaxdan panoh tilayman.) Abu Dovud rivoyatlari 234/18. Abu Said Xudriy  roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim to‘shagiga yotayotgan paytda: «Astag‘firullohallaziy la ilaha illa huval hayyul qoyyum va atubi ilayh», deb uch marta aytsa, gunohlari dengiz ko‘pigicha yoki yulduzlar adadicha yoki bir-biriga jips qumlar sonicha yoki dunyo kunlarining adadicha bo‘lsa ham, Alloh taolo kechiradi», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari 235/19. Sahoba roziyallohu anhumlardan biri aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlarida o‘tirgan edim, bir sahobiy kelib: «Ey Rasululloh, mana shu kecha chayon chaqib olib, tong otgunigacha uxlaganim yo‘q», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar kech kirganida: «A’uzu bikalimatillahit tammati min sharri ma xolaq», desang, inshaalloh, biror narsa zarar bermaydi», dedilar. (Ma’nosi: Allohning mukammal kalimalari ila U xalq qilgan narsalarning yomonligidan panoh tilayman.) Abu Dovud rivoyatlari 236/20. Anasdan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishiga vasiyat qilaturib: «To‘shagingga yotsang, Hashr surasini o‘qi. Agar shu kuni o‘lsang, shahid holatda o‘lasan yoki jannat ahlidan bo‘lasan», dedilar. Ibn Sunniy rivoyatlari 237/21. Ibn Umar roziyallohu anhumo bir kishiga: «To‘shakka yotayotganingda: «Allohumma anta xolaqta nafsiy va anta tatavaffaha, laka mamatuha va mahyaha, in ahyaytaha fahfazha va in amattaha fag‘fir laha, Allohumma inniy as`alukal ’afiyah», deb ayt, bu duoni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganman», dedilar. (Ma’nosi: Allohim, Sen mening nafsimni xalq qilding va Sen uni o‘ldiruvchisan. Uning tirikligi ham, o‘limi ham Sening qo‘lingda. Agar uni tirik qo‘ysang, muhofaza qil. Agar o‘ldirsang, mag‘firat et. Ey Rabbim, Sendan ofiyat so‘rayman.) Imom Muslim rivoyatlari 238/22. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Abu Bakr Siddiq (r.a.): «Ey Rasululloh, menga biror kalima o‘rgating, men uni ertalab va kechqurun aytib yuray», deganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohumma fatiros samavati val arzi ’alimal g‘oybi vash shahadati robba kulli shay`in va maliykah, Ashhadu alla ilaha illa anta, a’uzu bika min sharri nafsiy va sharrish shaytoni va shirkih», deb erta tongda, kech kirganda va joyingga yonboshlab yotganingda ayt», dedilar. (Ma’nosi: Ey eru osmonni bor qilgan Rabbim, ey g‘oibni va shohidni biluvchi Rabbim, Sen har bir narsaning parvardigori va podshohidirsan. Guvohlik beramanki, Sendan boshqa iloh yo‘q. Nafsimning yomonligidan, shaytonning yomonligiyu shirkidan Sening noming ila panoh tilayman.) Abu Dovud va Termiziylar rivoyati 239/23. Shaddod ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon kishi to‘shagiga yotaturib, Allohning kitobidan biror surani o‘qisa, Alloh taolo unga bir farishtani vakil qilib qo‘yadi. Farishta unga zarar beradigan narsani yaqinlashtirmaydi, qachon biror narsadan ogoh bo‘lsa ogohlantiradi», dedilar. Termiziy va Ibn Sunniy zaif isnod bilan rivoyat qilishgan. 240/24. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar kishi to‘shagiga yotadigan bo‘lsa, farishta va shayton musobaqalashadi. Farishta: «Ey Rabbim, yaxshilik bitgin», deydi. Shayton: «Yomonlik bitgin», deydi. Agar kishi Allohni zikr qilsa, so‘ng uxlasa, farishta uni muhofaza qilgan holda tong ottiradi», dedilar. Ibn Sunniy rivoyatlari 241/25. Abdulloh ibn Amr ibn Osdan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh alayhissalom uyquga yonboshlasalar: «Allohumma bismika robbiy vazo’tu jambiy fag‘firliy zanbiy», deb aytardilar. (Ma’nosi: Allohim, Sening isming bilan yonboshimni qo‘ydim. Mening gunohlarimni kechir.) Ibn Sunniy rivoyatlari 242/26. Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim to‘shagiga pok holatda yotsa, to esnab uyqusi kelgunicha Allohni zikr qilsa va shu kechada Allohdan oxirat va dunyo yaxshiliklarini so‘rasa, Alloh taolo unga yaxshilikni beradi», dedilar. Ibn Sunniy rivoyatlari 243/27. Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhissalom agar to‘shaklariga yotmoqchi bo‘lsalar: «Allohumma amti’niy bisam’iy va basoriy vaj’alhumal varisa minniy, vansurniy ’ala ’aduvviy va ariniy minhu sa`riy. Allohumma inniy a’uzu bika min g‘olabatid dayni va minal ju’i fainnahu bi`saz zoji’», deb aytardilar. (Ma’nosi: Allohim, qulog‘im va ko‘zimni foydalanishim uchun qoldirib, ularni menga merosxo‘r qil (ya’ni, o‘lgunimcha, salomat qil) va dushmanlarimga qarshi menga yordam ber va o‘ch olishni menga ko‘rsat. Ey Rabbim, menga qarz g‘olib kelishi va ochlikdan Sening noming ila panoh tilayman. Chunki ochlik yomon yotib qoladigan hamrohdir.) Ibn Sunniy rivoyatlari 244/28. Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uxlaydigan bo‘lsalar, qo‘rqoqlikdan, dangasalikdan, malol ko‘rishdan, baxillikdan, kibrdan, ahli va molidagi yomon ko‘rinishdan, qabr azobidan, shayton va uning shirkidan panoh tilar edilar. Shu amallarini vafot etgunlaricha davom ettirdilar». Ibn Sunniy rivoyatlari 245/29. Oisha onamiz roziyallohu anho o‘zlari ham uxlamoqchi bo‘lsalar: «Allohumma inniy as`aluka ru`ya solihatan, sodiqatan g‘oyro kazibah, nafi’atan g‘oyro zorroh», deb aytar edilar va so‘ng hech bir so‘z gapirmas edilar. (Ma’nosi: Allohim, Sendan solih, yolg‘on bo‘lmagan, rostgo‘y, zararli bo‘lmagan, foydali tushni so‘rayman.) Ibn Sunniy rivoyatlari 246/30. Ali roziyallohu anhu: «Aqlli kishining Baqara surasining oxirgi uch oyatini o‘qimay uxlaganini ko‘rmadim», deb aytar edilar. Abu Bakr ibn Abu Dovud sahih isnod ila rivoyat qilganlar. 247/31. Yana Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Islomga kirgan aqlli kishilarning Oyatul kursiyni o‘qimasdan oldin uxlaganini ko‘rmadim». Bu rivoyatni ham Abu Bakr ibn Abu Dovud naql qilganlar. 248/32. Ibrohim Naxaiy aytadilar: «Agar to‘shaklariga yotadigan bo‘lsalar, ikkita «Qul a’uzu»ni o‘qishni o‘rgatar edilar». Boshqa rivoyatda: «Har kecha uch martadan «Qul huvallohu ahad», «Qul a’uzu birobbil falaq», «Qul a’uzu birobbin nas»ni o‘qish mustahab amal», deb sanardilar, deyiladi. Muslimning shartlariga binoan sahih. Vallohu a’lam!



20 Апрел 2022, 19:14 | Савол-жавоблар | 251 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar