Namozni qazo qilish

Assalomu alaykum! Aziz uztozlar, men namozni o‘qishni boshlaganimga sal kam bir yil bo‘lib qoldi. Savolim shundan iboratki mening asosiy vaqtim o‘qishda yoki qo‘shimcha darslarda bo‘ladi. U erda namoz o‘qish uchun sharoit yo‘q. Shu sababdan peshin yoki shom nomozlarim qazo bo‘lib qolayapti. Shunda bu qazoni atayin qilayotgan bo‘lmaymanmi? Buning xukmi qanday?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Hozir namozga sharoit yo‘q bo‘lgan joyning o‘zi yo‘q. Xuddi qorningiz ochganida amallab sharoitini qilib qorningizni to‘ydirganingizdek nima qilib bo‘lsa ham sharoit qilib namozlarni vaqtida ado qiling. Hech bo‘lmaganda amallab farzini bo‘lsa ham o‘qib olish lozim. Namozga uzr yo‘q. Alloh taolo “Maa’uun” surasida marhamat qiladi: فَوَيْلٌ لِّلْمُصَلِّينَ۝ الَّذِينَ هُمْ عَن صَلَاتِهِمْ سَاهُونَ۝ 4. Bir «namozxonlar»ga vayl bo‘lsinki… 5. Ular namozlarini unutuvchilardir. Ya’ni namozning ma’nolarini, hikmatlarini, insonning vijdonini poklashini, qalbda marhamat-shafqatni qo‘zg‘ashini unutganlarning holiga voy! Joyi jahannam! Alloh taolo «Ankabut» surasining 45-oyatida: «…albatta, namoz fahsh va munkardan qaytarur», – degan. Kim namoz o‘qisa-yu, yomon ishlardan qaytmasa, u namozini unutganlar jamoatidan bo‘ladi. Ushbu oyatlarning ma’nosi haqida mufassirlarimiz bir qancha ta’villar aytganlar. Abul Oliya: «Bular namozni o‘z vaqtida o‘qimaydiganlar, ruku’ va sajdalarini yaxshilab, batamom qilmaydiganlar», – degan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Bu shunday namozxonki, u o‘zi o‘qigan namozidan savob umid qilmaydi va uni o‘qimasa, iqobidan qo‘rqmaydi», – deganlar. Ibn Jarir Tobariy keltirgan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ushbu oyat haqida so‘ralganda, «Ular namozni o‘z vaqtidan orqaga suradiganlar», – deganlar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Апрел 2022, 10:49 | Савол-жавоблар | 237 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar