Sabrning boshlanishi va oxirgi, chegarasi

Sabrning boshlanishi va oxirgi, chegarasi shariatda qanday belgilangan? G‘azzoliyda "Sabr haromdir" degan gap bor, shuning izohi qanday?  
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
SABR 

«Sabr» so‘zining ma’nolaridan biri tanglik ila o‘zini tutib turishdir. Ushbu maqomda biz uchun sabrning xuddi shu ma’nosi zarur.
Sabrning istilohiy ma’nosi haqida ulamolar bir-birini to‘ldiruvchi bir necha ta’riflarni aytganlar:
Rog‘ib: «Sabr nafsni aql va shariat taqozo qilganidek tutib turishdir yoki ikkisi taqozo qilgan narsadan tutib turishdir», degan.
Munoviy: «Sabr hissiy va aqliy og‘irlik va alamlarga chidashdir», degan.
Sabrning ta’rifida aytilgan gaplardan:
Sabr nafsni qayg‘u va achchiqlanishdan, tilni shikoyatdan va a’zolarni tashvishdan tutib turishdir.
Sabr nafsning fozil axloqlaridan biri bo‘lib, qilinishi yaxshi va go‘zal bo‘lmagan narsalardan saqlanishdan iboratdir.  
Sabr Qur’on va Sunnat ahkomlarida sobit turishdir.
Sabr balo etganda go‘zal odob ila turishdir.
Sabr iztirob paytida qalbning sobit turishidir.
Sabrning turlari:
Hilmiy aytadi: 
«Sabr uch turlidir: Jabborning toatiga sabr qilish. Jabborning ma’siyatidan sabr qilish. Jabborning imtihoniga sabr qilish».
Ibn Qayyum aytadi:
«Sabr o‘zi bog‘langan narsa e’tiboridan uch qismga bo‘linadi: Amr va toatlarni ado etishga sabr. Nahiy va xiloflarni qilmaslikka sabr. Qazoi qadarlarga rozi bo‘lishga sabr».
Feruzobodiy aytadi:
«Sabr uch turlidir: Allohga sabr. Alloh bilan sabr. Alloh uchun sabr».
Alloh taolo sabrni Qur’oni Karimda bir yuz uchta oyatda zikr qilgan. Quyida o‘sha oyatlarda ba’zilarini namuna uchun qisqacha o‘rganamiz.
1. Toatlarga sabr qilish haqidagi oyatlardan.
Alloh taolo «Baqara» surasida:
 «Sabr va namoz ila yordam so‘rang. Va, albatta, u nafsi siniqlardan boshqalarga juda katta ishdir», degan (45-oyatlar).
Biz, yordam so‘rang, deb tarjima qilgan ibora arab tilida «ista’iynu» deb kelgan. Bu so‘zning ma’nosi bir ishga urinib turib, yana qo‘shimcha yordam so‘rashni anglatadi.  
Demak, musulmon kishi har bir ishga astoydil urinadi va shu bilan birga, Allohdan yordam so‘raydi. Sabr ko‘pchilik xayol qilganiday salbiy ma’noda, ya’ni, nima bo‘lsa ham sabr qilyapman, deb harakatsiz turish emas, balki Allohning aytganini bajarish jarayonida duch keladigan mashaqqatlarni engishdan iborat.  
Eng bosh sabr havoyu nafsni, rohat-farog‘atni, mansabni tark qilib, Allohning aytganiga yurishga chidamdir.
Namoz esa, bandani Allohga bog‘lab turuvchi narsa bo‘lib, inson namoz orqali quvvat, matonat, chidam va bardoshga erishadi. Payg‘ambar alayhissalom qachon boshlariga qiyin ish tushsa, namoz o‘qishga shoshilar edilar.
Alloh taolo «Oli Imron» surasida:
«Yoki Alloh sizlardan jihod qilganlarni bilmasdan va sabrlilarni bilmasdan turib, jannatga kiraveramiz, deb hisoblaysizmi? ! » degan (142 - oyat).
Alloh taolo ushbu oyatda musulmonlarning g‘alaba  va mag‘lubiyat, mukofot va jazo haqidagi tasavvurlarini to‘g‘rilamoqda. Oliy maqsadlarga, jannatga erishish oson emasligini bayon qilmoqda. Ha, albatta, bu yo‘l qiyinchilik va mashaqqatlarga to‘la. Maqsadga erishish uchun o‘zidagi hamma imkoniyatlarni oxirigacha ishga solish kerak.  
Ammo buning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki sabr ham lozim. Sabr g‘alabaga erishgandan so‘ng o‘z burchini ado etish vaqtida ham zarur.  
Shuning uchun bo‘shashmaslik va xafa bo‘lmaslik  kerak. Haq yo‘lini bilgandan keyin, qanchalik qiyin bo‘lmasin, undan sobitqadam bilan borish lozim.  
Alloh taolo «Toha» surasida:
 «Ahlingni namozga amr et va o‘zing unga sabr qil. Biz sendan rizq so‘ramasmiz. Biz senga rizq beramiz. Oqibat taqvonikidir», degan (132- oyat).
Musulmonning burchi ahlini, oilasini musulmon qilishdir. Bu ishda namoz muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun ahlingni, oila a’zolaringni namoz o‘qishga buyur. O‘zing ham sabr ila namozda bardavom bo‘l va ahlingni namozga undashda davom et.
2. Balo-sinov-larga sabr qilish haqidagi oyatlardan:
Alloh taolo «Muhammad» surasida:
«Va ta’kidki, Biz sizlarni sinarmiz, toki sizlardan mujohidlarni, sabrlilarni bilsak va xabarlaringizni imtihon etsak», degan (31 - oyat).
Albatta, sinov ko‘p narsalarni oshkor qiladi. Sinov bo‘lmay, hama ish ravon ketaversa, odamlar bir-birlarining haqiyqatini bila olmaydilar. Kim haqiqiy mo‘min, kim munofiqligi ham ayon bo‘lmaydi. Aksincha, sinov yo‘q paytida munofiqlar oldingi safga chiqib, o‘zlarini fidokor qilib ko‘rsatadilar. Xuddi shu ma’noga oyatning davomida ishora qilinmoqda.
«…toki sizlardan mujohidlarni, sabrlilarni bilsak va xabarlaringizni imtihon etsak. . . ».
Bilgandan so‘ng undan o‘z o‘rnida foydalanish kerak. Goh xursandlik, goh xafalik, goh engillik, goh og‘irlik, goh baxtiyorlik, goh musiybat bilan sinov o‘tishi inson ruhidagi, nafsidagi o‘sha berkitilgan narsalarning oshkor bo‘lishiga yordam beradi. Insonlarning bu narsalarni anglashi kelajak hayotlarida yordam beradi.  
Aslida mo‘min banda sinov va imtihonni orzu qilmaydi, balki Allohdan doimo ofiyat va rahmatni so‘raydi. Shundan so‘ng ham sinov-imtihonga uchrasa, sabr qiladi. Buning hikmati borligini idrok qiladi, hamma narsa Allohning xohishi bilan bo‘lishiga iymon keltiradi. O‘ziga Allohning rahmati va ofiyati etishini kutadi.
Alloh taolo «Luqmon» surasida:
 «Ey o‘g‘ilcham, namozni to‘kis ado qil, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytar va o‘zingga etgan musiybatga sabr qil. Albatta, bular azm etilajak ishlardandir», degan (17 - oyat).
Mo‘min-musulmon odam gohida qarshilikka uchraydi. Odamlardan unga turli ozorlar etadi. Shunday hol ro‘y bersa:
«. . . o‘zingga etgan musiybatga sabr qil».
Sabr qilmasang, ish bitmaydi.
Mo‘min bandaga amr qilingan ishlar azmu qaror bilan ado etilishi lozim bo‘lgan ahamiyatli ishlardir. Shuning uchun ham ularni ado etishda sabr kerak bo‘ladi.
Alloh taolo «Zumar» surasida:
 «Sen (Mening tarafimdan): «Ey iymon keltirgan bandalarim, Robbingizga taqvo qiling. Bu dunyoda go‘zal amal qilganlarga go‘zallik bordir. Allohning eri kengdir. Albatta, sabr qilguvchilarga ajrlari hisobsiz, to‘liq berilur», deb ayt», degan (10 - oyat).
Ba’zi ulamolarimiz, sabr qiluvchilarga ajrlari berilayotganda hisoblab o‘tirmasdan, ulgurji berib yuboriladi, deb ta’vil qilganlar.
3. Sabr nabiy va solihlarning siymosidir.
Alloh taolo «Anbiyo» surasida:
«Va Ismoil, Idris va Zul-kiflni esla. Ularning har biri sabr qilguvchilardandir.  
Va ularni O‘z rahmatimizga kiritdik. Albatta, ular solihlardandir», degan (85 – 86 - oyatlar).
Bu erda Ismoil alayhissalomning sabr-toqatlariga alohida urg‘u berilmoqda. Ismoil alayhissalom haqiyqatda yuqori darajada sabr namunalarini ko‘rsatganlar. U kishi o‘simlik o‘smaydigan sahrolarda sabr qilib o‘sganlar. Baytullohni qurishda otalari Ibrohim alayhissalomga sabr va matonat bilan yordam berganlar. O‘zlarini qurbonlik uchun so‘yish amri kelganida ham sabr qilganlar.
Idris alayhissalom ham qavmlarining kirdikorlariga sabr qilganlar. Ushbu oyatda ham u kishining sabr sifatlari yod etilmoqda.
Zul-kifl alayhissalom ham sabr qilguvchilar qatoriga qo‘shilmoqdalar.
Sabrlari tufayli Alloh taolo ularni o‘z rahmatiga kiritdi. Yaxshiliklar ato etdi. Ular ahli solihlardan bo‘ldilar. Shuning uchun ham Qur’onda zikr qilinmoqdalar.
Alloh taolo «Ahqof» surasida:
«Bas, azmu matonat sohibi bo‘lgan Payg‘ambarlar sabr qilgandek sabr qil, ularga (azob etishiga) shoshilma! Ular va’da qilingan narsani ko‘rganlarida xuddi (bu dunyoda) kunduzdan bir lahzagina turganga o‘xsharlar. Bu etkazishdir! Bas, faqat fosiq qavmlargina halok qilinur, xolos! », degan (35 - oyat).
«Ulul azm», ya’ni azmu matonat sohibi bo‘lgan Payg‘ambarlar - Nuh, Ibrohim, Muso, Iyso alayhissalomlardir. Bu buyuk Payg‘ambarlarning har birlarining boshlariga iymon yo‘lida, dinu diyonat yo‘lida qanchadan-qancha kulfatlar yog‘ilgan. Lekin ular sabr matonatda zarbulmasal bo‘lganlar.  
Bu haqiyqatni ko‘pchilik, jumladan, Muhammad alayhissalom va u zotning ummatlari ham yaxshi biladilar. Shuning uchun o‘z davrlarida Makka mushriklarining qarshiliklariga uchrab, qiyin holga tushganlarida «Ulul azm» nomini olgan buyuk Payg‘ambarlardan o‘rnak olishga chaqirilayaptilar.  
«Bas, azmu matonat sohibi bo‘lgan Payg‘ambarlar sabr qilgandek, sabr qil, ularga (azob etishiga) shoshilma! »
U zoti bobarakot bu ilohiy amrga amal qildilar va o‘zlari ham «Ulul azm» Payg‘ambarlar safidan o‘rin olishga muyassar bo‘ldilar.
Sabr haqida kelgan hadislardan namunalar:
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«O‘zi eshitgan ozorga sabr qilishda Alloh taologa teng keladigan biror zot yo‘q. Ular U zotga tengdosh qilurlar. Ular U zotga bola qilurlar. Shunday bo‘lsa ham U zot ularni rizqlantirur va afv qilur», dedilar».
Ikki Shayx rivoyat qilgan.
O‘ziga ozor berganlarning qilmishlariga sabr qilish va ularni afv qilib yuborish Alloh taoloning sifatlaridan biri ekan.  
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam taqsim qildilar. U zot ba’zi taqsimlariga o‘xshatib taqsim qildilar. Shunda ansorlardan bir kishi:
«Allohga qasamki, bu taqsimlashda Allohning roziligi iroda qilinmadi», dedi.
Bas, men: «Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xabar beraman», dedim-da, U zotning huzurlariga bordim. U zot sahobalari bilan ekanlar. Men U zotga u aytgan gap haqida sir ravishda xabar berdim. Bu U zotga og‘ir botdi. Yuzlari o‘zgarib, g‘azablari chiqib ketdi. Hatto men: «U zotga xabar bermasam bo‘lar ekan», dedim.  
So‘ngra U zot:
«Alloh Musoni rahmat qilsin! U bundan ham ko‘proq ozor eb, sabr qilgan edi», dedilar».
Ikki Shayx va Termiziy rivoyat qilgan.
Bu rivoyatda nomi zikr qilinmagan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qattiq ozor bergan odam Me’tab ibn Qushayr nomli munofiq edi.
Ushbu hadisi sharifning boshqa rivoyatini ham o‘rganish jarayonida to‘liqroq ma’lumot olsak ajab emas.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Hunayn kuni bo‘lganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: taqsimlashda ba’zi odamlarni ustun qo‘ydilar. U zot Aqra’ ibn Hobisga yuzta tuya berdilar. Uyaynaga ham shuncha berdilar. Arablarning ashroflaridan ba’zilariga ham berdilar va o‘sha kuni ularni taqsimlashda ustun qo‘ydilar.  
Shunda bir kishi:
«Allohga qasamki, bu taqsimlashda adolat qilinmadi. Bunda Allohning roziligi iroda qilinmadi», dedi.
Bas, men: «Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xabar beraman», dedimda u zotning huzurlariga borib, u aytgan gap haqida xabar berdim.  
U zotning yuzlari o‘zgarib teri bo‘yaladigan qizil qonga o‘xshab ketdi va:
«Agar Alloh va Uning Rasuli adolat qilmasa, kim adolat qiladi? ! Alloh Musoni rahmat qilsin! U bundan ham ko‘proq ozor eb sabr qilgan edi», dedilar.
Shunda men: «Bundan keyin u zotga gap ko‘tarib kelmasam bo‘lar ekan», dedim».
Muslim rivoyat qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qalblarini ulfat qilish lozim bo‘lgan kishilarga o‘ljadan ko‘p narsa bergan edilar. Ularning ichida ushbu rivoyatda nomlari zikr qilingan Aqra’ ibn Hobis, Uyayna va boshqalar bor edi. Taqsimlashdagi hikmatni anglab etmagan Me’tab ibn Qushayr nomli munofiq bu ishda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni adolatsizlikda ayblashga borib etdi. Ammo U zot ushbu taqsimlash ayni adolat ekanini va haligi tanqidchining gapi ozor ekanini bayon qildilar. U zot o‘zlariga ozor bergan odamni jazolashga qodir bo‘lsalar ham sabr qilib, uni afv etdilar.
Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Hech kimga sabrdan ko‘ra yaxshiroq va kengroq ato berilmagan», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilgan.
Ushbu rivoyat Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning uzun hadislaridan olingan iqtibosdir. Mazkur hadisda shular aytiladi:

Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Ansoriylardan bir qancha odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan (mol) so‘radilar. Bas, U zot ularga berdilar. So‘ngra yana so‘radilar, yana berdilar. So‘ngra yana so‘radilar, yana berdilar. Hatto, huzurlaridagi narsa qolmadi. Shunda U zot:
«Huzurimda nima yaxshilik bo‘lsa, sizlarga bermay olib qolmasman. Kim iffat talab bo‘lsa, Alloh uni iffatli qilur. Kim behojatlik talab qilsa, Alloh uni behojat qilur. Kim sabr talab qilsa, Alloh uni sabrli qilur. Hech kimga sabrdan ko‘ra yaxshiroq va kengroq ato berilmagan», dedilar».  
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Ushbu hadisi sharifda musulmon inson o‘ziga berilgan rizq qancha bo‘lsa, o‘shanga chidab, qanoat hosil qilib yurishi yaxshi ekani targ‘ib qilingan. Musulmon inson turmushni yaxshi ta’min qilish uchun imkoniyatidagi barcha halol vositalarni ishga solib, harakat qilaveradi. Ammo rizq berish Allohdan ekanini hech qachon unutmaydi. Shuning uchun o‘ziga berilgan rizq-nasibani Allohning irodasidan, deb biladi. Oz bo‘lsa, norozi bo‘lmaydi, ko‘p bo‘lsa, xovliqib ketmaydi. Chunki Allohning irodasiga qarshi chiqish musulmon odam uchun to‘g‘ri emas.
Mazkur rivoyatlarda musulmon inson o‘ziga berilgan va berilmagan rizqqa nisbatan qanday tutishi lozimligi haqida bir necha ko‘rsatmalar berilmoqda:
Iffatli bo‘lish.  
Birovning molidan umidvor bo‘lishni or deb, bilish. Kim o‘zini iffatli tutishga urinsa, Alloh taolo uni iffatli qilib qo‘yishi turgan gap.
O‘zida birovning sariq chaqasiga ham ehtiyoji yo‘qligini izhor qilish.  
Bunday odamni Alloh taolo ko‘zini to‘q qilib qo‘ygani uchun undan hech bir ochko‘zlik sodir bo‘lmas ekan.
Kam bo‘lsa ham o‘ziga berilgan rizqqa sabr qilish.  
Sabr Alloh taolo tomonidan bandaga in’om etilgan eng katta va keng ato hisoblanadi. Sabrli kishi rizqning oziga ham, yo‘qchilikka ham chidab o‘zini xor qilmay, boshini tik tutib kun ko‘radi. Sabr ne’matidan bebahra banda esa dunyoning yarmiga ega bo‘lsa ham, ochko‘zligini bildirib qo‘yadi.
Musulmon odam Alloh tomonidan berilgan etarli rizqqa sabr qilib qanoatli bo‘lib o‘tsa, dunyodagi eng katta najotga erishgan shaxs bo‘ladi.
Haqiqiy boylik molu-dunyoning ko‘pligida emas, nafsning to‘qligidadir.
Ushbu ta’limotlarni har bir musulmon yaxshilab o‘rganib, o‘ziga singdirib olishi va hayotga tatbiq qilishi lozim. Ana shundagina oramizda besh tanga pul kuyiga tushib, odam o‘ldiradiganlar, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, riboxo‘rlik qiladiganlar, firibgarlik, aldamchilik, yolg‘onchilik va boshqa razolatlarni qiladiganlar qolmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Odamlarga aralashib, ularning ozorlariga sabr qilgan musulmon ularga aralashmaydigan va ozorlariga sabr qilmaydigan musulmondan yaxshidir», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.
Bundan odamlarning ozoridan qo‘rqib, ularga aralashmay qo‘yish durust emasligi chiqadi. Odamlarga aralashib ularning ozorlariga sabr qilgan odam savob oladi. U o‘sha aralashishi davomida ularga yaxshilik ham qilib yurgan bo‘ladi. Odamlarga aralashmagan kishi esa ko‘pchilikka foyda etkazishdan bosh tortgan bo‘lishi mumkin.
Abdulloh roziyallohu anhu aytadilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirsam, U zot bemorlikdan qiynalayotgan ekanlar.
«Ey Allohning Rasuli, siz bemorlikdan qattiq qiynalmoqdasiz-ku? ! » dedim.
«Shunday. Albatta, men bemorlikdan sizlardan ikki kishining qiynalganicha qiynalurman», dedilar.
«Sizga ikki hissa ajr bo‘lishi uchun shundaydir-da? » dedim.
«Shunday. Xuddi shunday. Qay bir musulmonga biror musiybat etsa, biror tikon kirsa ham, albatta, Alloh uning sababidan o‘sha bandaning yomonliklarini xuddi daraxt o‘z barglarini to‘kkanidek to‘kadir», dedilar U zot».
Ikki Shayx rivoyat qilishgan.  

Abu Molik al-Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan uzun hadisda  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jumladan:
«. . . Sabr ziyodir», deganlar.
Muslim, Termiziy va Nasaiylar rivoyat qilgan.  
«Ziyo» bir jismning o‘zidan chiqqan yorug‘likdir. Misol uchun, quyoshdan chiqqan yorug‘lik «ziyo» deyiladi.  
Bir jism o‘zidan boshqadan olgan yorug‘likni qaytarib chiqarsa, «nur» deyiladi. Misol uchun, oy quyoshdan olgan yorug‘likni qaytarib taratgani uchun «oy nuri» deyiladi.  
Alloh taolo Qur’oni Karimda: «U quyoshni ziyo, oyni nur qilgan zotdir», degan. Ziyo nurdan kuchli bo‘ladi.
Sabrning ziyo bo‘lishi, avvalo inson sabr ila ma’siyatlar zulmatidan chiqadi. Qolaversa, sabr bora-bora mo‘min inson qalbidagi ziyoga aylanadi. Chunki Allohning dini va toati yo‘lidagi qiyinchiliklarga sabr qiladigan odamning qalbida ziyo paydo bo‘ladi. O‘sha ziyo ibodatlar va turli mashaqqatlarning yanglish yo‘lini unga yoritib beradi.  
Shuningdek, sabrning ziyosi mo‘min kishiga qabrida ham, qiyomat kunida ham foyda beradi.
Ko‘pchilik orasida sabr tushunchasi noto‘g‘ri talqin qilinadi. Sabr deganda, birov tomonidan qilingan zulmga javob bermay, jim turish tushuniladi. Aslida esa bu sabr emas, qo‘rqoqlikdir. Sabr esa ijobiy tushunchadir.  
Islomda sabr deyilganda, avvalo iymon-e’tiqod, dinu diyonat yo‘lida qiyinchiliklarga sabr qilish tushuniladi. Allohning amrini bajarish, qaytarganlaridan qaytishga nafsni majbur qilib, chidatish tushuniladi.  
Sabr deganda, Allohning kalimasi er yuzida hamma kalimalardan ustun bo‘lishi uchun kurash qiyinchiliklariga dosh berish nazarda tutiladi. Islom dini adolatidan butun dunyoni bahramand qilish uchun olib boriladigan da’vat mashaqqatlariga chidash, halol, pok yurish, yashash va ishlash qiyinchiligiga chidashni sabr deyiladi.   Sabrning foydalaridan:
1. Sabr og‘ir vaziyatlarda nafsni tutishga yordam beradi.
2. Sabr moddiy va ma’naviy talablarni amalga oshirishda shoshilishga va qo‘pollikning oldini olishga yoram beradi.
3. Sabr g‘azabni qo‘zg‘aydigan narsalar sodir bo‘lganda o‘zni tutib olishga yoram beradi.
4. Sabr xavf tug‘ilganda o‘zni o‘nglab olishga yordam beradi.
5.   Sabr ta’magirlik qo‘ziydigan vaziyatlarda o‘zni o‘nglab olishda asqotadi.
6. Sabr moddiy va ma’naviy yaxshiliklarga erishish yo‘lidagi jismoniy va ruhiy alamlarga chidashda yordam beradi.
7. Sabr iymon barkamolligi va Islom go‘zalligi dalilidir.
8. Sabr qalbda hidoyat hosil qilishga yoram beradi.
9. Sabrning samarasi Alloh taoloning va odamlarning muhabbatidir.
10. Sabr er yuzida tamkin topish sababchisidir.
11. Sabr jannatga erishish va do‘zaxdan qutilishdir.
12. Sabr Alloh taolo bilan birga bo‘lishdir.
13. Sabr qiyomat kunidagi katta qo‘rqinchdan omonlikdir.
14. Sabr mardlik va yaxshi oqibatning alomatidir.
15. Sabr Alloh taoloning rahmati va barakotidir.
 SABRNING TURLI ISMLARI

Sabr ikki xil bo‘ladi:
Birinchisi - badaniy sabr.
Bunda qiyinchiliklarga badan ila chidaladi.   
U fe’liy - amaliy bo‘lishi mumkin. Misol uchun, og‘ir va mashaqqatli ishlarni va ibodatlarni chidam hamda sabot bilan ado etish.
Yana badaniga etgan og‘irlikni ko‘tarish bilan ham bo‘ladi. Misol uchun kaltakka, og‘ir bemorlikka yoki jarohatga chidash.
Mazkur turdagi sabr shariatga muvofiq bo‘lsa, maqtalgan ish bo‘ladi.
Ikkinchisi - ma’naviy sabr.
Bunda tabiati tortgan va havoyi nafs ishtaha qilgan narsalarga sabr qilinadi. Mana shu sabr eng kuchlisidir.  
Xuddi shu sabr o‘zi bog‘liq bo‘lgan narsaga qarab turli ismlar bilan ataladi:
Agar qorin va farj shahvatiga sabr qilish bo‘lsa, iffat deb nomlanadi.
Agar dod - voy qilmasdan musiybatga chidash bo‘lsa, sabr deyiladi.
Agar boylikni ko‘tarish bo‘lsa, o‘zini tutib olish deyiladi.
Agar zamon qiyinchiligiga injiqlik qilmaslik bo‘lsa, bag‘ri kenglik deyiladi.
Agar mayishatparastlikdan yuz o‘girish bo‘lsa, zuhd deyiladi.
Agar oz nasibaga sabr qilish bo‘lsa, qanoat deyiladi.
SABRNING QISMLARI

Ba’zi oriflar, sabrning maqomi uchtadir, demishlar:
Birinchi maqom shahvatni tark qilishdan iborat bo‘lib, uni tavba qiluvchilar darajasi deyiladi.
Ikkinchi maqom taqdir qilingan narsaga rozi bo‘lishdan iborat bo‘lib, uni zohidlar darajasi deyiladi.
Uchinchi maqom Robbining ravo ko‘rgan narsasiga muhabbat qilishdan iborat bo‘lib, uni siddiqlar darajasi deyiladi.
Sabr hukm jihatidan ham bir necha qismga bo‘linadi:
1. Farz.  
Shariatda harom va man qilingan narsalarga sabr qilish farzdir.
2. Nafl.
Makruh – yoqimsiz narsalarga sabr qilish nafldir.
3. Harom.
Shariat man qilgan sabrni qilish haromdir.
Misol uchun, bir kishining qo‘lini boshqasi zulm yuzasidan kessa sabr qilib turishi haromdir. Balki o‘zini himoya qilishi farzdir.
Shuningdek, mahram ayollariga tajovuz qilganlarga rashk qilmay, sabr qilib turish ham harom.
4. Makruh.
Shariat makruh sanagan tomondan etgan ozorga sabr qilib turish makruhdir.  
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, sabrning o‘lchovi shariatga muvofiq bo‘lishi kerak.
Sabrning darajalari:
Ovomning darajasi. Qalbni toatlarni qilishga va gunohlardan qaytishga tutib turish.
Xoslarning darajasi. Nafsning riyozot va mujahodotlarda ushlash, hollarning yo‘lida qiyinchiliklarga solish va pardani ko‘tarishga harakat qilish.
Xoslarning xosining darajasi. Ruhni mushohada va muoyana huzurida tutish.  
 doimo sabr kerak
Bandaga bu dunyoda uchraydigan barcha narsalar uning havoyi nafsiga muvofiq keladigan yoki muvofiq kelmaydigan ikki turga bo‘linadi. Banda bularning ikkisida ham sabrga muhtoj bo‘ladi. Demak, banda barcha holatlarda sabrga hojatmanddir.
1. Havoyi nafsga muvofiq keladigan sabr haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, sihat – salomatlik, molu dunyo, obro‘ va mansab, yoru do‘stlarning ko‘pligi kabi narsalarda bo‘ladi.
Ma’lumki, mazkur narsalarning barchasi dunyoning lazzatbaxsh matohlaridan hisoblanadi. Agar banda bu narsalardan o‘zini tiymasa, yo‘ldan urilishi va tug‘yonga ketishi turgan gap.
Alloh taolo «Alaq» surasida:
 «Yo‘q! Inson, albatta, tug‘yonga ketur. Gar o‘zini boy ko‘rsa», degan (5-6 – oyatlar).  
Ba’zi oriflar: 
«Baloga mo‘min sabr qiladi. Ofiyatlarga faqatgina siddiq sabr qiladi», degan.
Sahobalar roziyallohu anhum: 
«Qiyinchilik sinoviga uchraganimizda sabr qildik. Osonlik sinoviga uchraganimizda sabr qila olmadik», deganlar.
Shuning uchun ham Alloh taolo bandalarini mol, ahli ayol va bolalar fitnasidan hazir bo‘lishga chaqirgan.
Eng yaxshi odam mazkur dunyo matohlariga berilib ketishdan o‘zini tiyib sabr qilgan kishidir.  
U dunyo matohidan o‘ta xursand bo‘lib ketmaydi, ularga ruju’ qo‘ymaydi, maiyshatparastlikka berilmaydi, o‘yin- kulgi, ko‘ngilxushi ketidan quvmaydi, havoyi nafsi ishtaha qilgan narsalarda sabr qiladi.
O‘ziga berilgan barcha ne’matlarda Alloh taoloning haqini rioya qiladi. Molidan infoq qiladi, badani ila xaloyiqqa yordam beradi. Tili ila rostgo‘ylikni tarqatadi va hokazo.
Ushbu turdagi sabr shukr bilan chambarchas bog‘liqdir.  
2. Havoyi nafsga muvofiq kelmaydigan narsalarga sabr qilish.  
Bu xildagi sabr uch qismga bo‘linadi: 
Birinchi qism.
Toat va ma’siyatga o‘xshash bandaning ixtiyoriga bog‘liq narsalarga sabr qilish.  
- Toatga sabr qilish og‘ir kechadi. Chunki odatda nafs ubudiyat – bandalikni emas, rububiyat – xojalikni ishtaho qiladi. Shuning uchun ham har bir bandaning o‘z qo‘l ostidagi shaxslarga nisbatan o‘zini katta olishini ko‘ramiz.
Bas, ubudiyat nafs uchun mutlaqo mashaqqatli ko‘rinadi. So‘ngra ibodatlardan ba’zilari namozga o‘xshab dangasalik sababidan yoqmaydi. Ba’zilari zakotga o‘xshab baxillik tufayli yoqmaydi. Ba’zilari hajga o‘xshab mazkur ikki narsa sababidan yoqmaydi. Bas, toatlarga sabr qilish qiyinchiliklarga sabr qilishdir.
Toat qiluvchi banda toatiga sabr qilish uchun uch holatga hojati tushadi.
Birinchisi toatdan oldingi holat bo‘lib, unda niyat va ixlosni to‘g‘rilash, riyokorlik va boshqa ofatlardan hazir bo‘lishda sabr qilish kerak bo‘ladi. Niyat va ixlosning haqiyqatini bilganlar uchun bu sabr eng qiyin sabrlardan biridir.
Shuning uchun ham Alloh taolo Qur’oni Karimning «Hud» surasida sabrni amaldan oldin keltirib:
 «Magar sabr etgan va amali solih qilganlar», degan (11 – oyat).
Ikkinchisi amal paytidagi holat bo‘lib, unda banda amalni bajarish davomida Allohdan g‘ofil bo‘lmasdan oxirigacha sunnat va odoblarni o‘rniga qo‘yib, sabr qilishi kerak bo‘ladi. Bu sabr ham qiyinlik bilan yuzaga keladigan sabrdandir.
Alloh taolo «Ankabut» surasida:
«Amal qilguvchilarning ajri qanday ham yaxshi! Ular sabr qilgan va Robbilarigagina tavakkul qiladigan zotlardir», degan (58 – 59 – oyatlar).
Uchinchisi amaldan keyingi holat bo‘lib, unda maqtanchoqlik va riyodan hamda amaliga manmanlik va minnatni aralashtirishdan tiyilishga sabr qilish kerak bo‘ladi. Bu ham qiyin hisoblanadi.  
Alloh taolo «Baqara» surasida:
 «Ey iymon keltirganlar! Sadaqalaringizni minnat va ozor berish bilan, molini Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmasa ham kishilarga riyo uchun nafaqa qilganga o‘xshab bekorga ketgazmang», degan (264 – oyat).
Ma’siyatga sabr qilish ham bandaning doimo hojati tushib turadigan ishlardan biri.  
Bu boradagi eng mashaqqatli ish odatga aylanib qolgan ma’siyatlarga sabr qilishdir. Odat kishilarga singib ketgan narsa bo‘ladi. Agar odatga shahvat qo‘shilib qolsa bormi, shaytonning navkarlaridan ikki navkar birlashadi va ularni engish qiyinlashadi.
Shuningdek, ma’siyat qilish oson ishlardan bo‘lsa, unga sabr qilish ham dushvor bo‘ladi. Bunga g‘iybat, yolg‘on, riyokorlik, o‘zini maqtash, ozorli mazah, haqorat kabi til ma’siyatlari misol bo‘ladi.   
Bular katta ma’siyatlar bo‘lsa ham sodir qilinishi oson bo‘lgani uchun ko‘p qilinadi va o‘rganib qolingani uchun inkor ham qilinmaydi. Gohida odamlar bir makruhi tanzihiy ishni qilgan odamni gunohi kabiyra qilgandan qattiqroq inkor qilishadi, ammo u bilan o‘tirib olib yuqoridagi til ma’siyatlarini tap tortmay, huzur ila qilishaveradi.
Kim tiliga kuchi etmasa, u bilan qilinadigan ma’siyatlarni qaytarishga sabri bo‘lmasa, yolg‘izlikni lozim tutishi vojibdir. Uning najoti yolg‘izlikdan boshqada emas.  
Ikkinchi qism.
Musiybat va falokatlarga o‘xshash bandaning ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan narsalarga sabr qilish.  
Yaqin kishilarning o‘limi, molu mulkning halokatga uchrashi, bemorlik etishi kabi ishlarga sabr qilish ushbu qism qismga kiradi. Bunday musiybat va falokatlarga sabr qilish sabrning oliy maqomlaridan sanaladi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
«Qur’ondagi sabr uch turlidir: 
Alloh taoloning farzlariga sabr qilish. Unga yuz daraja beriladi.
Alloh taolo harom qilgan narsalarga sabr qilish. Unga olti yuz daraja beriladi.
Musiybatga birinchi zarba paytida sabr qilish. Unga to‘qqiz yuz daraja beriladi», deganlar.
Alloh taolo «Baqara» surasida:
«Albata, Biz sizlarni bir oz qo‘rqinch va ochlik bilan, mol-mulkga, jonga mevalarga nuqson etkazish bilan sinaymiz. Va sabrlilarga bashorat ber.
Ular musiybat etganda: «Albatta, biz Allohnikimiz va, albatta, biz Unga qaytuvchimiz», derlar.  
Ana o‘shalarga Robbilaridan salovatlar va rahmat bor. Ana o‘shalar hidoyat topganlardir», degan (155-157 - oyatlar).
Qo‘rqinch deganda dushmandan bo‘ladigan xavf-xatar tuyg‘usi tushuniladi.  
Qahatchilik yoki boshqa sabablardan kelib chiqadigan ocharchilik ham Alloh taoloning bir navi sinovidir.  
Shuningdek, Alloh mol-mulkka, o‘g‘ri olish, ofat etishi yoki zolimlarning tajovvuzi tufayli nuqson etkazib, jonga, yaqin kishilarni, yor-birodar va sheriklarning o‘limi, kasalligi bilan nuqson etkazib, mevalarga ofat etkazish, barakasini ketkazish bilan nuqson etkazish bilan sinab ko‘ramiz, deydi.  
Boshiga shunday sinov kelgan, musiybat etgan banda nima qilsa yaxshi bo‘ladi? Bu haqda Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad alayhissalomga xitob qilib ko‘rsatma bermoqda:
«Va sabrlilarga bashorat ber. Ular musiybat etganda, «Albatta, biz Allohnikimiz va, albatta, biz Unga qaytuvchimiz», derlar».  
Demak, musiybat etganda musulmon kishi sabrli bo‘lishi va Janobi Haqning O‘zi o‘rgatgan duoni qilishi kerak.  
Bu duo Qur’on tilida:
«Innaa lillahi va innaa ilayhi roji’uun», deb talaffuz etiladi. Buni aytishni qisqacha «istirjo‘» deyiladi. E’tibor qilinsa, istirjo‘da ulkan ma’no yotibdi.  
«Albatta, biz Allohnikimiz». Ya’ni, barchamiz, bor-budimiz Allohniki, haqiqiy ega Uning O‘zi. Nimani, qachon, qanday tasarruf qilishni O‘zi  biladi.  
«Va, albatta, biz Unga qaytuvchimiz». Ya’ni, ertami-kechmi baribir Unga qaytishimiz bor. Bizga etib turgan musiybat ham Uning O‘zidan. Biz sabr qilishimiz lozim va shunday qilamiz ham. Shu bois istirjo‘ga ko‘p savoblar va’da qilingan.
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: 
«Bir kuni Abu Salama R-m. Ning huzurlaridan keldi-da, R-m. Dan bir gap eshitib undan xursand bo‘ldim. U zot: «Musulmonlardan biriga musiybat etganda istijo‘ aytsa va so‘ngra «Allahumma ajirni fi musiybati vaxluf li xoyrom-minha» - «Allohim, menga musiybatimda ajr bergin va uning o‘rniga yaxshirog‘ini bergin» desa, aytgani bo‘ladi», dedilar», deb aytdi».  
Bularni men yodlab oldim. Abu Salama vafot etganida, istirjo‘ aytdim va haligi duoni o‘qidim. So‘ngra o‘zimcha «Menga Abu Salamadan yaxshiroq er qayda», dedim.  
Iddam chiqqandan so‘ng Rasululloh kelib kirishga izn so‘radilar. Teri oshlab o‘tirgan edim, qo‘limni yuvib, kirishlariga izn berdim. U kishiga ichiga xurmoning yumshoq qobig‘i to‘latilgan teri yostiq berdim. O‘tirganlaridan so‘ng, menga uylanmoqchi ekanliklarini aytdilar.  
U zot gaplarini tugatgach, men: 
«Yo Allohning Rasuli, sizga rag‘bat qilmasligim mumkin emas, lekin men juda rashkchi ayolman, sizga yoqmaydigan narsa mendan sodir bo‘lib, Allohning azobiga duchor bo‘lmay, deb qo‘rqaman. So‘ngra yoshim katta bo‘lib qoldi, buning ustiga, bolalarim bor», dedim.  
Rasululloh alayhissalom: 
«Sen aytgan rashkni Alloh tezda ketkazadi. Yosh to‘g‘rida gapirsang, mening ham yoshim bir erga borib qoldi. Bolalaring bo‘lsa, ular mening ham bolalarim», dedilar. . .  
Alloh menga Abu Salamaning o‘rniga undan yaxshi zotni–Rasulullohni berdi».
Ahmad rivoyat qilgan.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
 «Alloh taolo: «Ey o‘lim farishtasi, sen bandamning farzandini, ko‘zining qorachig‘ini, qalbining samarasining jonini oldingmi? » deydi.  
Farishta: «Ha», deydi.  
Alloh: «U nima dedi? » deb so‘raydi.  
Farishta: «Senga hamd va istirjo‘ aytdi», deydi.  
Shunda Alloh: «Jannatda bandamga bir uy bino qilinglar va uni «Hamd uyi», deb nomlanglar», deydi», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Birortangizning oyoq kiyimi ipi uzilsa ham, istirjo‘ aytsin. Chunki u ham musiybatlardan», dedilar».
Bazzor rivoyat qilgan.   
Demak, kattayu kichik har bir ko‘ngilsiz hodisada sabr kerak. Ko‘zining qorachig‘i, jigarbandi, bolasi o‘lganda ham, oyoq kiyimining ipi uzilganda ham. Musiybat etgandan keyin darhol istirjo‘ aytib, sabr qilish kerak, hamma narsa Allohniki va bari Allohga qaytadi, degan e’tiqodni mahkam tutishi kerak.
Uchinchi qism.
O‘ziga ozor bergan kishidan intiqom olishga o‘xshash kelishi o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan, ammo ketishi uning ixtiyorida bo‘lgan narsalarda sabr qilish.
Misol uchun, bandaga birov tomonidan gap, harakat yoki uning joni yoki moliga qarshi jinoyat qilish ila ozor etkazilganda, javob chorasi ko‘rishga qodir bo‘la turib sabr qilish.
Alloh taolo «Ibrohim» surasida:
«Nima uchun biz Allohga tavakkul qilmas ekanmiz? ! Holbuki, U bizni yo‘limizga hidoyat qildi. Bizga bergan ozorlaringizga, albatta, sabr qilamiz. Tavakkul qiluvchilar faqat Allohgagina tavakkul qilsinlar», dedilar», degan (12 – oyat).
Alloh taolo «Oli Imron» surasida:
«Albatta, molu jonda sinovga uchraysiz. Albatta, sizdan oldin kitob berilganlardan va shirk keltirganlardan ko‘plab ozor eshitasiz. Agar sabr qilsangiz va taqvo qilsangiz, albatta, bu salmoqli ishlardandir», degan (186 – oyat).
Alloh taolo «Muzzammil» surasida:
«Va ularning gaplariga sabr qil va ulardan chiroyli chetlashla, chetlab tur», degan (10 – oyat).
Alloh taolo «Nahl» surasida:
«Agar iqob qiladigan bo‘lsangiz, o‘zingizga qilingan iqobga o‘xshash iqob qiling. Agar sabr qilsangiz, albatta, u sabr qilguvchilar uchun xayrlidir.
Sabr qil, sening sabring faqat Alloh ila bo‘lur. Ular(holi)ga xafa bo‘lma. Ular qilayotgan makrdan siqilma», degan (126 – 127- oyatlar).
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam taqsim qildilar. U zot ba’zi taqsimlariga o‘xshatib taqsim qildilar. Shunda ansorlardan bir kishi:
«Allohga qasamki, bu taqsimlashda Allohning roziligi iroda qilinmadi», dedi.
Bas, men: «Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xabar beraman», dedimda U zotning huzurlariga bordim. U zot sahobalari bilan ekanlar. Men U zotga u aytgan gap haqida sir ravishda xabar berdim. Bu U zotga og‘ir botdi. U zotning yuzlari o‘zgarib, g‘azablari chiqib ketdi. Hatto men: «U zotga xabar bermasam bo‘lar ekan», dedim. So‘ngra U zot:
«Alloh Musoni rahmat qilsin! U bundan ham ko‘proq ozor eb sabr qilgan edi», dedilar.
Ikki Shayx va Termiziy rivoyat qilgan.   SABR DAVOSI HAQIDA

Sabr qilish qiyin va mashaqqatli bo‘lsa ham ilm va amal qorishmasidan uning ma’junini tayyorlasa bo‘ladi. Zotan, qalbning barcha xastaliklariga xuddi shu ikki narsa, ilm va amal qorishmasidan davo tayyorlanadi. Ammo har bir bemorlik uchun alohida ilm va alohida amal kerak.  
Sabr turli qismlarga bo‘lingani kabi uni man qiluvchi illatlar ham turli-tumandir. Illatning turiga qarab ilojning turi ham o‘zgaradi.
Bu ishning batafsil bayon qilish cho‘zilib ketishini e’tiborga olib, qisqa bir misol bilan kifoyalanamiz.
Deylik, birovning jinsiy shahvati g‘olib kelib, sabr qilishga ehtiyoji tushib qoldi. Farjini zinodan tiyishga qiynalmoqda yoki farjini tiysa ham, ko‘zini tiya olmayapti. Ko‘zini tiysa ham, qalbini va nafsini tiya olmayapti. Nafsi uni shahvatga oid narsalarni esiga solib, zikr, fikr va solih amallardan qoldirmoqda.
Sabr o‘zi diniy malakaning havoyi nafs bilan kurashidan iborat ekanini yaxshi bilamiz. Ikki kurashchidan qay biri g‘olib kelishini istasak, o‘shani quvvatlab, qarshi tarafni zaiflashtirishga harakat qilishimiz lozim bo‘ladi. Demak, diniy omilni quvvatlashga va havoyi nafsni kuchsizlantirishga urinishimiz shart.
Diniy omilni quvvatlash ikki xil yo‘l bilan bo‘ladi:
Birinchisi - mazkur odamni havoyi nafsga qarshi kurashishning bu dunyo va oxiratdagi foyda va samaralaridan umidvor qilish. Bu unga sabrning fazli va uning oqibati ikki dunyoda yaxshilik ekanini yaxshilab anglatish bilan bo‘ladi.
Bu uslub ma’rifiy malaka bo‘lib, iymonga bog‘liq bo‘ladi va gohida kuchlanib, gohida zaiflashib turadi. U kuchlanganda diniy omil ham kuchlanadi va zaiflashganda diniy omil ham zaiflashadi.
Ikkinchisi - diniy malakani havoyi nafsga qarshi kurashishni odatlantirish yo‘li. Bir narsani ko‘p takrorlash tufayli kishida o‘sha ishni ado etishga quvvat va mahorat ortib boradi. Takrorlab turmaganlarda quvvat ham, mahorat ham bo‘lmaydi. Yukchi va dehqonlarning attor va o‘qituvchilardan kuchli bo‘lishlari ham shundan.
Bu ishda kuchli bo‘lish uchun ikki xil ishni amalga qo‘yish kerak. Avvalo, ado etiladigan fazilatli ishning ortidan keladigan yaxshiliklarni takror va takror eslatib, va’dalarni berib turish kerak.
Qolaversa, bolalarni yoshlikdan havoyi nafsga, shahvatga qarshi kurashish ruhida atroflicha tarbiyalab o‘stirish lozim.
Jinsiy shahvatni zaiflashtirish esa uch xil yo‘l bilan amalga oshiriladi:
1. Avvalo, shahvatni kuchlantiruvchi oziq – ovqat mahsulotlariga nazar solib, ularning turlari va miqdorini o‘rganiladi. Keyin davolanayotgan odamga ro‘za tutishni, iftor vaqtida mazkur shahvatni kuchaytiruvchi taomlarni tanovul qilmaslikni tavsiya qilinadi.  
2. Jinsiy shahvatning qo‘zishiga sabab bo‘ladigan omillarni yo‘qotiladi. Misol uchun, shahvatni qo‘zg‘otadigan narsalarga nazar solishning oldini olinadi.  
Alloh taolo: 
«Sen mo‘minlarga aytgin! Ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar. Mana shu ular uchun pokroqdir. Albatta, Alloh nima qilayotganlaridan o‘ta xabardordir. Va mo‘minalarga aytgin! Ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar», degan. (Nur: 30-31-oyatlar)

Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Nazar iblisning zaharlangan o‘qlaridan bir o‘qdir. Bas, Kim uni Allohdan qo‘rqib tark qilsa, U zot azza va jalla unga halovatini qalbida topadigan iymon ila mukofotlaydi», dedilar».  
Tobaroniy va Hokim rivoyat qilgan.
3. Eng yaxshisi shahvatni halol yo‘l – nikoh yo‘li bilan qondirishga sharoit yaratishdir.
Boshqa sabrga muhtoj bo‘linadigan holatlarda ham shunga o‘xashash ish tutiladi. Har bir muammoni halol yo‘llarni ishga solib, atroflicha muolaja qilish maqsadga muvofiqdir.

21 Апрел 2022, 12:24 | Савол-жавоблар | 370 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar