Ayol dinini o‘rgartirmasdan musulmon unga nikohlansa bo‘ladimi

Assalomu alaykum, hurmatli Shayx Hazratlari! Meni bir qiz o‘rtog‘im bor. U qiz g‘ayri din va g‘ayri millat vakili. Hozirda u qiz bir o‘zbek yigitini yoqtirib qolgan va o‘sha yigitga turmushga chiqmoqchi. Mendan kecha "Men o‘sha yigit bilan nikohdan o‘tishim uchun albatta Islom dinini qabul qilishim shartmi" deb so‘radi. Men bo‘lguvchi kuyov bilan shaxsan tanish emasman. Lekin bu qizni Islom diniga moyilligi bor. Ustoz men u qizga nima deb javob bersam to‘g‘ri bo‘ladi? Hazrat shu muammo masala nazarda tutilgan rus tilida biron bir kitob(tavsiyangiz) bormi? Yana ham chuqurroq Islom va islomiy nikoh haqida ma’lumotga ega bo‘lsa insha Alloh iymon bersa. Hozirda u qiz Moskvada yashaydi. Oldindan rahmat!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Musulmon erkak masihiya yoki yahudiya ayolga uylansa bo‘ladi. Ammo, muslima ayol masihiy yoki yahudiy erkakka turmushga chiqishi mumkin emas. Muslima ayol faqat musulmon erkak bilangina turmush qurishi mumkin. G‘ayri din erkakka erga tegish muslima ayolga qattiq man’ qilingan. Bu borada erkak ahli kitob bo‘lsa ham bo‘lmaydi. Islom o‘zidan odingi dinlarni tan oladi. Jumladan, masihiy va yahudiy dinlarini ham tan oladi. Masihiy va yahudiy dinlari esa, Islom dinini tan olmaydilar. Shu asosda masihiya yoki yahudiya ayolga uylangan musulmon erkak o‘z xotininng dinini tan oladi va hurmat qiladi. Shuningdek, uning ilohiy kitobi–Injil yoki Tavrot–ni ham tan oladi va hurmat qiladi. Payg‘ambari Iyso alayhissalom yoki Muso alayhissalomni ham tan oladi va hurmat qiladi. Masihiy va yahudiy dinlarida esa, bu narsalar haqida umuman bir og‘iz ham so‘z yo‘q. Masihiy yoki yahudiy erkak esa, Islom dinini tan ham olmaydi, hurmat ham qilmaydi. Qur’oni Karimni tan ham olmaydi, hurmat ham qilmaydi, balki haqorat qiladi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ham tan olmaydi, hurmat qilmaydi. Balki, aldamchi, firibgar va xotinboz, deb haqorat qiladi. Bunday holda muslima ayol u bilan qandoq qilib turmush qila oladi? Qolaversa, Islom masihiyya va yahudiya ayolga musulmon erkak bilan yashash davomida uning barcha huquqlarini himoya qiluvchi, dini, erki, moli va boshqa narsalarning daxlsizligini taminlovchi ochiq-oydin qonun-qoidalarni joriy qilib qo‘ygan. Nikoh insoniy aloqalar ichida eng muqaddas va ahamiyatlisidir. Bu aloqa odam bolasining ko‘plab xohish istaklariga javob beradi. Nikohdagi ikki shaxs bir-biriga eng yaqin shaxslar hisoblanadi. Bu holga erishish avvalo qalblarning birlashmog‘ini, qalblarning birlashmog‘i esa, aqida birligini taqozo etadi. Chunki har bir insonning hayotiy yo‘lini belgilaydigan o‘lchov diniy nuqtai nazari bo‘ladi. Shu boisdan Islomda aqidasi buzuq ayollarga uylanish, mushrik erkaklarga turmushga chiqish man qilinadi. «Mushrika ayollarni iymon keltirmagunlaricha nikohingizga olmang». Musulmon erkak Islom aqidasidan o‘zga aqidadagi mushrika ayolga uylanishi mumkin emas. Lekin u ayol o‘z dinini tark etib, Islom diniga kirib, mo‘mina bo‘lsa, shundan keyin uylansa bo‘ladi. Bu hukmdan yahudiy va masihiy dinidagi ayollar mustasno. Ular o‘z dinlarida tursalar ham, musulmon erkak ularga uylansa bo‘ladi. Boshqa oyatlar munosabati ila bu masalani yana o‘rganarmiz, inshaalloh. Mushrika ayollarga uylanishni man qilgandan keyin Alloh taolo ayollarning qaysisi o‘zining huzurida yaxshi ekanligini bayon qilmoqda: «Shubhasiz, mo‘mina cho‘ri mushrikadan, gar u sizni ajablantirsa ham, yaxshidir». Allohning huzurida ayol kishining yaxshi-yomonligini o‘lchashdagi bosh mezon uning iymonidir. Agar ayol kishi cho‘ri bo‘lsa ham, mo‘mina bo‘lsa, bas, boshqa har qanday ayoldan yaxshidir. To‘g‘ri, mushrika ayol o‘zining ozodligi, husni jamoli, shakli-shamoili, molu-dunyosi, nasli-nasabi va yana qandaydir jihatlari bilan erkaklarni ajablantirishi, ularga yoqishi mumkin. Lekin mushrikaligi, iymonining yo‘qligi, Allohga shirk keltirishi hamma narsadan yomon. Unday mushrika ayoldan cho‘ri bo‘lsa ham, xunuk bo‘lsa ham, kambag‘al bo‘lsa ham, nasli-nasabi go‘yo past bo‘lsa ham, mo‘mina ayol yaxshidir. Qalbdagi iymoni uni yuqori darajalarga olib chiqadi.

21 Апрел 2022, 16:37 | Савол-жавоблар | 158 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar