Tushda ko‘rish

Assalomu alaykum! Bundan 10-13 yilcha avval payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni tushda ko‘rish uchun “Vash-shamsi” surasini dushanba yoki payshanba kunlari, uyqudan oldin, tahorat bilan, etmish marotaba o‘qish kerak degan gapni eshitgan edim. Biroq manbaasini eslay olmayman. Bu gap qanchalik haqiqat? Janob payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni tushda ko‘rish uchun shariatimizda biror bir ko‘rsatma yoki tavsiya bormi? Javobingiz uchun tashakkur.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Siz aytgan gap kimningdir tajribasi bo‘lishi mumkin. U zotni tushda ko‘rish muhim emas, balki u zotning sunnatlariga amal qilish muhimdir. Abu Lahab, Abu Tolib, Abdulloh ibn Ubay ibn Salullar u zot bilan tirikliklarida quchoqlashib ko‘rishgan, birga taomlanishgan. Lekin ularning bu amallari ularga foyda keltirmadi. U zotga yaqin bo‘lish, shafoatlariga sazovor bo‘lish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari “Qiyomat kuni sizlarni menga majlis jihatidan eng yaqin bo‘ladiganingiz, xulqi chiroyli bo‘lganlaringizdir” deganlar. Boshqa bir hadislarda : “Juma kuni va kechasida menga ko‘p salovat aytinglar. Kim menga bir bor salovat aytsa, Alloh unga o‘nta rahmatini yuboradi” deganlar. Shoyad shu amallarda bardavom bo‘linsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tushda ko‘rish ham nasib bo‘lib qolar. Odatda bu amallarda bardavom bo‘luvchilar tushida u zotni ziyoratiga musharraf bo‘lganlar. Vallohu a’lam.

25 Апрел 2022, 17:23 | Савол-жавоблар | 197 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar