Nima qilish kerak?

Assalomu-alaykum muhtaram Shayh Hazratlari,Uylanganma, turmush o‘rtog‘im safarga chiqib, bir necha kundan keyin keldi. Qaytib kelgan kuni tunda yaqinlikni taklif qilagn edim, hayz ko‘rganligini aytib rad qildi. Men ham bunga rozi bo‘lib uhlab qoldim. Keyin uyquda yaqinlik qilishga harakat qilibman. Jinsiy aloqa qilishni yakuniga etkazishdan avval uyqum sal yozilib, hotinimning hazyda ekanligi, bu ishni qilmaslik kerakligini o‘ylaganim esimda,lekin o‘zimni to‘htata olmadim.Katta gnoh ish qilganligimni bilib qiynalyapman. Bilishimcha, hayz ko‘rishni boshlaganiga 10 kun bo‘lmagan.Qilgan ishimdan juda pushaymondaman.Bu holda nikoh buziladi deb ham eshitganday bo‘lyapman, shu to‘grimi?Bu ishni hukmi nima bo‘ladi?Endi kafforati uchun nima qilishim kerak?Javob uchun oldindan rahmat.Assalomu-alaykum
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
HAYZ PAYTIDA QILINGAN JINSIY YaQINLIKNING KAFFORATIIbn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayzli holdagi xotiniga jinsiy yaqinlik qilgan shaxs haqida: «Bir dinor yoki yarim dinor sadaqa qiladi», dedilar». «Sunan» egalari rivoyat qilishgan.Islom shariatida hayz ko‘rib turgan ayolga jinsiy yaqinlik qilish man etilgani ma’lum. Bu haqda Qur’onda ham, hadisda ham amr kelgan. Bu ishni qilgan odam gunohkor bo‘lishi aniq. Shu bilan birga bunday ishni qilishga jur’at etgan odamni jazolash, xushini joyiga keltirib qo‘yish uchun moliyaviy jazo ham belgilangan. Unday odam mazkur ishni qachon qilganiga qarab, bir yoki yarim dinor pul sadaqa qilishi lozim bo‘ladi. Qachon bir dinor, qachon yarim dinor sadaqa qilishining bayoni keyingi hadisda keladi. O‘sha vaqtda bir dinor 4, 25 gramm sof tillodan bo‘lgan, hozirgi paytda shu og‘irlikdagi tilloning qiymatini sadaqa qilish kerak bo‘ladi. Ana shundagina hayz paytida qilgan jinsiy yaqinlik gunohi yuviladi.Bu jazo gunohning yuvilishiga sabab bo‘lishi bi¬lan birga kelajakda mazkur harom ishni takrorlamas- likka eslatma ham bo‘ladi.Abu Dovud keltirgan rivoyatda: «Agar un(ayol)ga qon kelishining avvalida yaqinlik qilgan bo‘lsa, bir dinor, agar qon to‘xtashi paytida yaqinlik qilgan bo‘lsa, yarim dinor» deyilgan. Chunki hayz yangi boshlangan paytdagi jinsiy yaqinlikning zarari katta. Hayzning oxiridagi esa katta emas. Imom Ahmad va boshqa ba’zi ulamolar ushbu hadisni hujjat qilib, sadaqa qilish vojib, deganlar. Ko‘pchilik ulamolar esa bu hadis iztirobli, shuning uchun aslga e’tibor qilib, bu ishni qilgan odam tavba qilib, istig‘for aytsa kifoya, deganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kim hayzli ayolga yaqinlik qilsa yoki ayol kishining orqasidan yaqinlik qilsa, yoxud folbinga borsa, batahqiq, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil bo‘lgan narsaga kufr keltiribdi», dedilar». Termiziy rivoyat qilgan.Ushbu hadisda uch narsa kufr ish hisoblanmoqda: 1. Hayz ko‘rib turgan ayolga jinsiy yaqinlik qilish.2. Ayol kishiga orqasidan yaqinlik qilish.3. Folbinga borib, uning gapini tasdiqlash.Bu erdagi kufr Islom millatidan chiqaradigan kufr emas. Balki, musulmon odam qilishi mumkin bo‘lmagan, kofir odam qiladigan ishni qilish. Ushbu masalalar bo‘yicha shariat amriga kufr keltirish, deganidir. Bu ham ushbu ishlarning gunohi qanchalar og‘ir ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Shuning uchun ham mo‘min-musulmon erkak-ayollar bu ishda o‘ta hushyor bo‘lishlari, hayz paytida jinsiy yaqinlik qilishdan o‘zlarini tiyishlari lozim. Erkaklar hech qachon bu ishga xotinlarini majbur qilmasinlar. Shariat bo‘yicha hayz ko‘rgan ayollarga o‘ziga aro berib, pardoz-andoz qilmaslik, chiroyli kiyimlarini kiyib eriga ko‘rinmaslik, eri huzurida shahvatni qo‘zg‘atadigan gap-so‘z yoki qiliqlar qilmaslik tavsiya qilinadi.Hayz paytida sodir bo‘lgan jinsiy yaqinlik uchun kafforot berish vojib, degan ulamolar, xotin kishi o‘sha ishga sabab bo‘lsa, mone’lik qilmasa, gunohkor bo‘ladi va kafforot to‘laydi, deganlar.Islom hayvoniy nafsi va shahvati uchun o‘z sog‘ligiga zararli ish qilgan odamni aybdor hisoblaydi. Chunki Islom bo‘yicha kishi nafsining ham unda haqqi bor. Shuningdek, uning sog‘ligida oila a’zolarining va jamiyatning ham haqqi bor. Ana o‘sha asosga binoan, hayz paytida jinsiy yaqinlikka sharoit yaratgan ayol ham aybdor hisoblanadi.

25 Апрел 2022, 17:24 | Савол-жавоблар | 154 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar