Nikoh kechasi

Xurmatli Shayx hazratlari. Savol: Nikoh kechasi ikki yosh birinchi marta qo‘vushishdan oldin Qur’ondan ba’zi suralar o‘qilar ekan. Bu qanday suralar? So‘ng oynaga qaralar ekanmi-ey, so‘ng namoz o‘qib duo qilinar ekan. Hali uylanmaganim uchuin boshimga bunday ish tushmagan. Aslida nikohning birinchi kechasi qovushishdan oldin qanday amallar qilishlik ma’quldir. .Agar ushbu savolimda odobsizlik, xaatolik bo‘lsa oldindan uzur!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
KUYoVNING KELIN HUZURIGA DASTLABKI KIRIShITo‘y tugab, mehmonlar tarqalib ketganda so‘ng, odatda kuyovning o‘zlari uchun tayyorlangan xonalarida kutib o‘tirgan kelin huzuriga dastlab kirishiga alohida e’tibor berilishi turgan gap. Albatta, bir umrlik savdo bo‘lmish nikohli hayotni amaliy boshlash hodisasi alohida his-hayajon, orzu istaklar bilan to‘lib toshgan bo‘lishi bor. Bunday paytda qilinadigan har bir ish, bosiladigan har bir qadam va aytiladigan har bir so‘z umr bo‘yi esda qoladigan bo‘lishi ham tabiiy.Shuning uchun bo‘lsa kerak, odamlarda bu hodisaga alohida ahamiyat berish odati bor. Ushbu munosabat ila kelajak hayotning baxtli bo‘lishiga oid deb o‘ylangan irim sirimlar ham ko‘paygan. Ayniqsa, ayollar ichidagi gap-so‘zlar juda ham ko‘payib ketgan. Bu borada kelin kuyovga beriladigan maslahatlar ham ko‘payib ketadi. Ba’zi erlarda avvallari kelinning rizqi o‘zi bilan kirsin deb, yangi xonasiga kirayotgan kelinning boshiga non bog‘lab qo‘yishar edi. O‘sha ishni qilganlarda kelin bilan kuyov o‘z xonalarida dastlab ko‘rishgandan kim ikkinchisining oyog‘ini oldin bosib olsa, oilada o‘shaning gapi o‘tadigan bo‘ladi, deyishardi. Yana kelin kuyovga oynani ko‘rsatib, qandaydir savollar berishar va o‘sha savollarga mos javob berishni talab ham qilishar edi. Hatto ba’zi kitoblarda kuyov uyning burchagiga oyog‘ini yuvishi yana nimalardir haqida yozilgan ham ekan odamlar o‘sha yozilgan narsalarga amal qilish yoki qilmaslik borasida savollar ham berishgandi.Ehtimol, bundan boshqa gap-so‘zlar, bid’at xurofotlar ham bordir. Ehtimol, ko‘plari yo‘qolib ham ketgandir. Lekin shar’iy tushunchalarda bu haqda qanday ko‘rsatmalar borligi bilan har bir musulmon shaxs qiziqishi turgan gap. Ulamolar kuyov kelin oldiga birinchi bor kirishida nimalar qilinishi haqida uncha ko‘p gaplarni aytmaganlar va rivoyatlarni keltirmaganlar. Bu to‘g‘risida ushbu satrlarni yozishdan oldin hozirgi vositalar orqali ham qidirib ko‘rib juda ko‘p narsa yo‘qligiga ishonch hosil bo‘ldi. Ya’ni, ma’lumot ko‘pligidan qay birini olish qiyinlashadigan darajada emasligi ayon bo‘ldi. O‘zimiz avval yozgan ba’zi narsalarga keyin topgan ma’lumotlarni qo‘shib taqdim etishga ijozat bergaysiz.Dastlabki ma’lumot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kuyovlari hazrati Ali rog‘iyallohu anhuning qizlari Fotimai Zahro roziyallohu anhoning oldilariga to‘ydan keyin birinchi kirishlaridan oldin qilganishlari va duolari haqidadir.“To‘y kechasi bo‘lganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuyov bo‘lmish Ali ibn Abu Tolibga:«Ey Ali, kelinga bir to‘y ham qilmoq kerak», dedilar.Shunda Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu:«Menda bir qo‘chqor bor!» dedi.Ansoriylardan bir guruhi bir necha soh jo‘xori jamlab kelishdi. Ana o‘sha narsalardan to‘y ziyofati uyushtirildi. Ziyofatdan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ali ibn Abu Tolibga:«Menga uchramaguncha bir narsa qilmay tur», dedilar. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anho turgan joyga bordilar-da u kishiga:«Menga suv keltir», dedilar.Kelinlikka tayyorlanib olgan Fotima roziyallohu anho bir idishda suv keltirdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u suvdan Fotima roziyallohu anhoning ko‘ksilariga va boshlariga sepdilar-da:«Allohim, men Sendan bunga va buning zurriyotlariga shaytoni rojiymning yomonligidan panoh tilayman», dedilar.So‘ngra u zot yana suv keltirishni talab qildilar. Bu safar Ali ibn Abu Tolib borib, haligi idishda suv keltirdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga ham xuddi Fotima roziyallohu anhoga qilgan ishlarni va duolarni qildilar va:«Allohim, ikkovlariga baraka bergin, ikkovlarining ustlaridan baraka nozil qilgin va ikkovlarining zurriyotlarini barakali qilgin», dedilar.So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki muavvizataynni tilovat qildilar va:«O‘z ahling oldiga Allohning ismi va barakasi ila kiraver», dedilar”.Ushbu iqtibosdan kuyovning kelin oldiga birinchi bor kirishidan oldin qavmning kattalari qiladigan ishlar va duolar haqida ma’lumot olishimiz mumkin.- Kuyov kelinning oldiga birinchi bor kirishda xursandlik, ochiq chehra va muloyimlik bilan kirishi kerakligi kitoblarimizda tavsiya qilingan. Chunki, kelin his-hayajonda, xavfda, xijolat va o‘zgacha holatda turadi. Bismillahi aytib, o‘ng oyoq bilan salom berib kiradi. So‘ngra kelinning peshonasiga qo‘lini qo‘yib turib quyidagi rivoyatda kelgan duoni o‘qiydi.Amr ibn Shu’aybdan, u otasidan, u bobosidan rivoyat qiliadi:“Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:“Qachon biringiz biror ayolga uylansa yoki xodim sotib olsa, «Allohumma! Innii ashaluka xoyrahaa va xoyra maa jabaltahaa alayhi. Va ahuzu bika min sharrihaa va min sharri maa jabaltahaa alayhi», desin”. Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilgan.Duoning ma’nosi: «Allohim! Sendan uning yaxshiligini va Sen unga bergan jibilliyat-axloqning yaxshisini so‘rayman. Hamda sendan uning sharridan va Sen unga bergan jibilliyat-axloqning yomonidan panoh so‘rayman».Kelin-kuyovga boshqalar duo qilishlari bilan birga, ularning o‘zlari o‘zlariga va bir-birlariga duo qilishlari ham juda yaxshidir. Albatta, o‘shandoq baxtli soatlarda Alloh taolodan o‘ziga va umr yo‘ldoshiga baxt-saodat tilab, duo qilmoq muhimdir.So‘ngra ikkovlari birgalikda, kuyov imom bo‘lib, kelin orqada iqtido qilib ikki rak’at namoz o‘qisalar juda ham yaxshi bo‘ladi. Har kim o‘zi o‘qisa ham bo‘laveradi.Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:“Qachon biringiz biror ayolga uylansa, qo‘shilish kechasida ikki rak’at namoz o‘qisin, u(kelin)ga ham ortida namoz ikki rak’at namoz o‘qishni aytsin. Albatta, Alloh uyda yaxshilikni (paydo) qiluvchidir”.Bazzor rivoyat qilgan.Albatta, bu kabi namozlar xayrga, barakaga, yaxshilikka sabab bo‘lishi turgan gap. Musulmon inson uchun namoz uning hayotidagi eng aziz narsadir. Yuqorida keltirilgan narsalar kuyov va kelinlar uchun ularning birinchi kechalarida istasa qiladigan ishlar va duolardan iboratdir. Yaxshi umid ila qilsa, go‘zal ish bo‘ladi. Ammo qilmasa, shar’iy jihatdan hechqisi yo‘q. Bularni qilmaganlar, bu ishlarni qilmagan edik, endi nima bo‘ladi, kabi xayollarga bormasliklari lozim.

20 Апрел 2022, 19:28 | Савол-жавоблар | 183 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar