Ulug‘ martabaga erishish

Assalomu alaykum! Sahobalar hayotini o‘rganib qanchalik ojizligimizni hech bo‘lmaganda ular qilgan ishni o‘ndan birini qila olarmikimmiz deb o‘ylab qolaman kecha va bugun Abdurahmon ibn Avf hamda Abu Dardo roziyallohu anhular haqida bilib, menda shunday savol tug‘ildi. Bilamizki insonoyatta boylikka o‘chlik, mol-dunyoga bo‘lgan hirs juda ham kuchli. Sizlarga beradigan savolim: qaysi insonni martabasi qiyomatta nisbatan ulug‘roq bo‘ladi misol uchun ilm o‘rganib ilm o‘rgatadigan oylikka ishlaydigan muallimmi yoki bo‘lmasa tijorat qilib boyligidan katta-katta ehson qilib oxiratiga o‘tkazadigan insonmi? Bu erda ikkala amal ham juda yaxshi savolimda nisbatan yaxshiroq demoqchiman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Hadisda quyidagicha keladi: عَنِ ابْنِ مَسْعُودٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا حَسَدَ إِلَّا فِي اثْنَتَيْنِ رَجُلٌ آتَاهُ اللهُ مَالًا فَسَلَّطَهُ عَلَى هَلَكَتِهِ فِي الْحَقِّ، وَرَجُلٌ آتَاهُ اللهُ الْحِكْمَةَ فَهُوَ يَقْضِي بِهَا وَيُعَلِّمُهَا. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالتِّرْمِذِيُّ  Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Faqat ikki narsadan boshqada hasad yo‘q. (Birinchisi) Alloh bir odamga molu dunyo bersa-yu, u o‘shani to‘g‘ri yo‘lda sarf qilsa, (ikkinchisi) Alloh bir odamga ilm bersa-yu, u o‘sha ilmi ila hukm chiqarsa va ta’lim bersa», dedilar».
Ikki Shayx va Termiziy rivoyat rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisning roviysi Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu bilan yaqindan tanishmiz.
«Hasad» aslida boshqaga berilgan ne’matning zavolini orzu qilishni anglatadi. Bu gunoh hisoblanadi. Gohida «hasad» so‘zi «havas qilish» ma’nosida, ya’ni boshqa kishiga berilgan ne’matni ko‘rib, uni o‘zida ham bo‘lishini orzu qilish ma’nosida ham ishlatiladi. Bunga arablar «g‘ibta» deydilar. Ushbu hadisi sharifdagi «hasad» so‘zi ana o‘sha g‘ibta – havas qilish ma’nosida kelgan.
Demak, faqat ikki narsadagina birovga berilgan ne’matni ko‘rib turib, o‘ziga ham o‘shanday ne’mat berilishini orzu qilish mumkin.
«(Birinchisi) Alloh bir odamga molu dunyo bersa-yu, u o‘shani to‘g‘ri yo‘lda sarf qilsa».
Ya’ni, «Menga ham Alloh shu odamga bergani kabi molu dunyo ato qilganida, men ham shu odamga o‘xshab, uni yaxshilik yo‘lida sarf qilar edim», deb havas qilsa bo‘ladi.
«(Ikkinchisi) Alloh bir odamga ilm bersa-yu, u o‘sha ilmi ila hukm chiqarsa va ta’lim bersa».
O‘sha odamga ham boshqa musulmonlar havas qilsa bo‘ladi. Ilm bilan hukm chiqarish o‘sha ilm taqozo etgan narsaga o‘zi amal qilish va odamlarni ham shunga chaqirishdan iboratdir.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Mol-dunyoni to‘g‘ri yo‘lda sarflashga targ‘ib.
2. Mol-dunyosi yo‘q kishilar ham, agar molu dunyosi bo‘lsa, yaxshilik yo‘lida sarflashni orzu qilishlariga targ‘ib.
3. Ilmga amal qilib, uni odamlarga o‘rgatishga amr.
4. Boshqalarni ham ilm olish, unga amal qilib, boshqalarga o‘rgatishga targ‘ib.
Hayotimizda bu hadisga amal qilishga nihoyatda muhtoj ekanligimizni aytib o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak.
Hozirgi kunda mol-dunyosi borlar ularni Alloh taoloning roziligi uchun sarflamaydilar. Aksincha, ko‘proq Alloh taoloning g‘azabini keltiradigan ishlarga ishlatadilar. Vaholanki, mulkdor, badavlat kishilarimiz bundan tiyilishlari, Alloh bergan molu dunyoni Alloh taolo rozi bo‘ladigan savob ishlarga sarflashlari lozim.
Ortiqcha mol-dunyosi yo‘qlar esa mulkdorlarga yomon ma’nodagi hasad ko‘zi bilan qaraydilar. «Nima uchun menda yo‘q mol-dunyo unda bo‘lishi kerak?» degan hasad bilan kuyib, yonadilar. Faqat hasad o‘tida yonibgina qolmay, o‘sha birodarining mol-dunyosi zavol topishini ham istaydilar.
Aslida esa badavlat odamga hasad emas, havas qilishimiz kerak. «Falonchiga ko‘z tegmasin. Alloh taolo molu dunyo ne’matini keragicha beribdi, o‘ziga buyursin! Alloh taolo bizga ham unga berganidek mol-dunyo ato etsa, biz ham yaxshi, halol-pok, savob yo‘llarga sarf qilishimizni nasib etsin», deydigan bo‘lishimiz lozim.
Hozirgi kunda ilmlilarimiz o‘zi nihoyatda kam. Ilmi borlar ichida ilmiga amal qiladiganlar undan ham kam. Ilmsizlarimiz esa juda ham ko‘p. Ilmlilarga hasad qilib, ularga dushmanlik qiladiganlar undan-da bisyor.
Bu holda hech qachon yaxshilikka erisha olmaymiz. Agar unga erishmoqchi bo‘lsak, xuddi ushbu hadisda irshod qilinganidek, hammamiz ilm olishga intilib, olim bo‘lishga harakat qilib yashamog‘imiz lozim. Alloh tomonidan ilm berilganlar o‘ziga berilgan ilmga amal qilishlari, boshqalarga ta’lim berishlari va o‘sha ilmga amal qilishni ularga ham tayinlashlari kerak. Ilmi yo‘qlarimiz esa ilmlilarga havas va ehtirom nazari bilan qarab, «Alloh bizga ham ilm bersa, unga amal qilib, boshqalarga o‘rgatsak edi», degan niyatda bo‘lishlari zarur. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

27 Апрел 2022, 05:27 | Савол-жавоблар | 178 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar