Itoatsiz ayol

Assalomu alaykum! Uztozlar, agar xotin eriga gap qaytarsa, itoat qilmasa, eriga nisbatan behurmatlik qilsa, yolg‘on gaplarni ko‘p gapirsa. U ayolga eri qanaqa jazo tayinlashi joiz mumkin?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ayol tomonidan bosh ko‘tarish sodir bo‘lgandagi holatning muolajasi. Alloh taolo «Niso» surasida shunday deb marhamat qiladi: وَاللاَّتِي تَخَافُونَ نُشُوزَهُنَّ فَعِظُوهُنَّ وَاهْجُرُوهُنَّ فِي الْمَضَاجِعِ وَاضْرِبُوهُنَّ فَإِنْ أَطَعْنَكُمْ فَلاَ تَبْغُواْ عَلَيْهِنَّ سَبِيلاً إِنَّ اللّهَ كَانَ عَلِيًّا كَبِيرًا۝ «Bepisandliklaridan xavf qilingan(ayol)larga va’z-nasihat qiling, yotoqlarida hijron qiling va uring. Agar sizga itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmang. Albatta, Alloh Aliy va Kabiyrdir» (34-oyat). Besh qo‘l barobar emas, ba’zi ayollar solihalik maqomiga loyiq bo‘la olmaydilar. Haddilarida turmay, erlariga qarshi bosh ko‘tarib, beodoblik, itoatsizlik ko‘rsatadilar. Shunday hollarda nima qilish kerak? Ularga holatlariga qarab, muomala qilinadi. Birinchi bosqichda, itoatsizlik alomatlari ko‘rinib, erni behurmat qila boshlaganida unga va’z-nasihat qilinadi. Va’z-nasihat samara berib, munosabatlar izga tushib ketsa, ayni muddao. Agar foyda bermasa, xotinning itoatsizligi, isyoni davom etaversa, boshqa chora ko‘riladi. Ikkinchi bosqich hijron, birga yotmaslik, gaplashmaslikdir. Albatta, hijron va’z-nasihatdan ko‘ra ancha ta’sirlidir. Chunki bu masalada ayollar juda hassos bo‘ladilar. Erlarining ularga e’tiborsizligi, gaplashmay qo‘yishi ko‘zlarini kattaroq ochishga majbur etadi. Hali insoflarini yo‘qotmagan bo‘lsalar, o‘zlariga kelishlariga, xatolarini tuzatishlariga sabab bo‘ladi. Ammo, bu chora ham ta’sir qilmasa, ayol butkul insofini yutib, itoatsizlikda, isyonda davom etaversa, bu uning yaxshilik bilan yo‘lga kirmasligining alomatidir. Endi unga nisbatan yanada ta’sirchanroq chora – o‘zini bilmaganlarga qilinadigan muomala qo‘llaniladi. «Bepisandliklaridan xavf qilingan(ayol)larga va’z-nasihat qiling, yotoqlarida hijron qiling va uring». Ammo, urish deganda, qattiq kaltaklash, a’zolarini sindirish yoki boshqa jarohatlar etkazish tushunilmaydi. O‘tgan ahli solih ulamolarning birlaridan ushbu oyati karimada izn berilgan urishning ma’nosi so‘ralganida: «Misvok yoki biror barmog‘i bilan turtish», – deganlar. Hadis kitoblarida rivoyat qilinishicha, Muoviya ibn Hayra al-Qushayriy roziyallohu anhu: «Yo Rasulalloh, xotinlarimizning bizdagi haqlari nima?» deb so‘raganida, Nabiy alayhissalom: «Agar taom esang, unga ham edirasan, kiyim kiysang, unga ham kiydirasan, yuziga urma, yomon so‘kma, tashqarida hijron qilma», – deganlar. Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning cho‘rilarini urmanglar!» – deganlar. Bunga o‘xshash hadislar ko‘p. Ko‘rinib turibdiki, oyati karimadagi urishga berilgan izn faqat siyosat uchun, o‘zini bilmagan ayollarga ta’sir o‘tkazish uchundir. Ayol kishi tabiatan achchig‘i tez chiqadigan, ta’sirchan, shoshqaloq bo‘ladi. Sal narsa bahonasida eriga nisbatan itoatsizlik va beodoblik qilib qo‘yishi mumkin. Ammo, keyin o‘ziga kelib, itoatga qaytsa, ularga qarshi chora ko‘rishga zarurat qolmaydi, yuqorida sanalgan chora-tadbirlarni ham qo‘llash shart bo‘lmaydi. «Agar sizga itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmang». Bu narsa oilani mustahkamlashga omil bo‘ladigan ishdir. Chunki bir-biriga nisbatan kechirimli bo‘lish doimo yaxshilik omilidir. Agar kim bu ko‘rsatmalarga yurmasa, o‘zidan ko‘rsin. Chunki: «Albatta, Alloh Aliy va Kabiyrdir». Ushbu oyati karima oxirgi paytlarda ko‘pgina tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Bu tortishuvlar musulmonlar bilan musulmonlar o‘rtasida ham, musulmonlar bilan boshqalar o‘rtasida ham bo‘ldi. Ba’zi chalasovod kishilar g‘arbda yashab turib, ayollarni urib turish kerak, deb, ushbu oyatni dalil qilib keltirdilar. Hattoki, urishni qanday amalga oshirish yo‘llarini bayon qilganlari ham bo‘ldi. Bu gapdan xabardor bo‘lgan g‘arbdagi inson huquqini himoya qilish faollari Islomga va Qur’oni Karimga qarshi norozilik bildira boshladilar hamda o‘z jamiyatlariga ayollarga «dushman» bo‘lgan «zulm»ga qarshi chora-tadbirlar ko‘rish chaqiriqlari bilan chiqdilar. Ularda Islomda ayol kishini ayol bo‘lganligi uchun vaqti-vaqti bilan kaltaklab turish kerak, deganga o‘xshash tushuncha paydo bo‘lgan edi. Ammo oyati karimadagi haqiqiy ma’no va unga voqe’likda qanday amal qilinishi surishtirilmas edi. Avvalo, bu oyatdagi «urish» farz ham emas, vojib ham, sunnat ham, mundub ham, mustahab ham emas. Bu «urish» do‘q-po‘pisa ma’nosida, xolos. Amalda esa, deyarli yo‘q. Ikkinchidan, bu erda er‑xotin orasidagi mazkur noqulay holatni bartaraf qilish uchun urishdan boshqa chora ko‘rish mumkin emas, degan gap yo‘q. Aytaylik, er o‘ziga qarshi bosh ko‘targan, beodoblik qilgan ayoliga nasihat qildi, joyini boshqa qilib olib, hijron ham qildi. Bas, shundan keyin xotinini urishni istamasa, gunohkor bo‘ladimi? Albatta, gunohkor bo‘lmaydi. Agar u ayolni kaltaklashdan boshqa yarashish chorasini ko‘rsa, gunohkor bo‘ladimi? Misol uchun, ayolining boshini silab, yaxshi gaplar aytib, yarashib olsa, Qur’oni Karimga qarshi chiqqan bo‘ladimi? Avval ta’kidlanganidek, ulamolarimiz bu oyatdagi urishni «Misvok bilan yoki ko‘rsatkich barmoq bilan turtish», deb ta’vil qilganlar. Ko‘pchilik esa: «Berilgan ushbu izndan foydalangandan ko‘ra foydalanmagan yaxshiroq», deganlar. Buning ustiga, ko‘plab hadislarda erlarga ayollarini urmaslik ta’kid bilan tayinlangan. عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ زَمْعَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا يَجْلِدُ أَحَدُكُمْ امْرَأَتَهُ جَلْدَ الْعَبْدِ ثُمَّ يُجَامِعُهَا فِي آخِرِ الْيَوْمِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ Abdulloh ibn Zam’a roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Birortangiz o‘z ayolini qulni kaltaklagandek kaltaklamasin. Keyin (o‘sha) kunning oxirida yaqinlik qil(gisi kelib qol)ishi ham bor», dedilar». Buxoriy va Termiziy rivoyat qilganlar. Ushbu hadisi sharif yuqorida o‘rgangan oyatimizdagi «urish»dan murod, qattiq urish emasligiga ulkan dalildir. Agar oyatda qattiq urish qasd qilinganida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday demas edilar. Bu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam er o‘z xotinini kaltaklamasligi kerakligini uqtirmoqdalar. Xotinga o‘ziga yarasha muomala qilish lozim. Uni urib-kaltaklashdan oldin, keyingi bo‘ladigan aloqa va muomalalarni ham bir o‘ylab qo‘yish kerak. Xotin qul emaski, uni xohlagan vaqtda kaltaklab, xohlagan vaqtda ishlataverilsa. Hatto qulni ham kaltaklash yaxshi emas. Xotinni kaltaklashdan oldin uni qo‘ynida olib yotishini ham, ko‘zi-ko‘ziga tushishini ham bir o‘ylab qo‘yish lozim bo‘ladi. Ulamolarimiz «Xotinni qattiq kaltaklash haromdir» degan hukmni mana shu hadisdan olganlar. Mazkur choralarni qo‘llash bilan oilaviy muammolar batamom hal bo‘lib qolmaydi. Ba’zida bular ham naf bermasligi mumkin. Unday holatda nima qilish kerakligini keyingi oyat bayon qiladi: وَإِنْ خِفْتُمْ شِقَاقَ بَيْنِهِمَا فَابْعَثُواْ حَكَمًا مِّنْ أَهْلِهِ وَحَكَمًا مِّنْ أَهْلِهَا إِن يُرِيدَا إِصْلاَحًا يُوَفِّقِ اللّهُ بَيْنَهُمَا إِنَّ اللّهَ كَانَ عَلِيمًا خَبِيرًا۝ «Agar ikkovlarining oralari buzilishidan qo‘rqsangiz, u(er)ning ahlidan bir hakam va bu (xotin)ning ahlidan bir hakam yuboring. Agar islohni iroda qilsalar, Alloh u(er‑xotin)larning orasini muvofiqlashtirur. Albatta, Alloh Aliym va Xobiyrdir» («Niso» surasi, 35-oyat). Bu oyati karimada kelishmovchilik ham er, ham xotin tomonidan chiqqan paytda ko‘riladigan chora haqida gap ketmoqda. Bu holatda oilaning sirini tashqariga chiqarmasdan hal etishning iloji qolmagan bo‘ladi. Endi, boshqalar aralashib bo‘lsa ham, oilani saqlab qolishga uriniladi. «Agar ikkovlarining oralari buzilishidan qo‘rqsangiz, u(er)ning ahlidan bir hakam va bu(xotin)ning ahlidan bir hakam yuboring». Er o‘zi rozi bo‘lgan qarindoshini, xotin ham o‘zi rozi bo‘lgan bir qarindoshini hakamlikka tayin qiladilar. Rozilik keyinchalik hakamlar chiqargan hukmga ham rozi bo‘lishlari uchun kerak bo‘ladi. Albatta, hakamlar aqlli, tajribali, turmushning pastu balandidan xabardor kishilar bo‘lishi lozim. Tabiiyki, ikkovlari ham Allohdan qo‘rqqan holda, adolatli hukm chiqarishga harakat qilishlari kerak. Hakamlarning asosiy vazifasi er‑xotin orasini isloh qilishdir. Shuning uchun ham oyati karimada: «Agar islohni iroda qilsalar, Alloh u(er-xotin)larning orasini muvofiqlashtirur» deb, hakamlarga islohchilik nisbati berilmokda. Xuddi shu tushunchadan kelib chiqib, ba’zi ulamolar: «Hakamlarga faqat yarashtirish, isloh qilish huquqi berilgan», deydilar. Boshqalari esa: «Holatni o‘rgangach, isloh qilishning iloji yo‘qligiga amin bo‘lishsa, eru xotinni ajratib qo‘yishga ham haqlari bor, shuningdek, ularga tegishli jazo choralarini, mol-mulkka oid masalalarni ham hal qilishadi», deydilar. Hazrati Usmon ibn Affon Zinnurayn roziyallohu anhuning o‘z xalifalik vaqtlarida xuddi shu oyati karimaga amal qilib ish yuritilganligi tafsir kitoblarimizda naql qilinadi: Aqiyl ibn Abi Tolib degan kishi Fotima binti Utba ibn Robiy’aga uylangan edi. Ayol: «Sen menga sabr qilsang, men senga nafaqa beraman», – degan edi. Eri ko‘chadan kelsa: «Utba ibn Robiy’a va Shayba ibn Robiy’alar qaerda?» – deb so‘rardi. Bir kuni eri: «Do‘zaxga kirsang, sening chap tomoningda bo‘lishadi», – deb javob qildi. Xotin kiyimlarini kiyib, xalifa – hazrati Usmon huzuriga borib, bo‘lgan voqeani aytdi. Hazrati Usmon kuldilar-da, Abdulloh ibn Abbos bilan Muoviya ibn Abu Sufyonlarni chaqirib, hakam etib tayinladilar va ularga: «Agar yarashtirishni istasangiz, yarashtiring, ajratishni istasangiz, ajratinglar», – dedilar. Albatta, hakamlar o‘zlarining insoniy cheklangan ilmlari va imkonlari doirasida hukm chiqaradilar. Qolgani esa, har bir narsani o‘zining cheksiz ilmi ila biluvchi va har bir ishdan xabardor Alloh taoloning o‘ziga havola. وَجَاءَ رَجُلٌ وَامْرَأَةٌ إِلَى عَلِيٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ وَمَعَ كُلِّ وَاحِدٍ مِنْهُمَا فِئَةٌ مِنَ النَّاسِ، فَأَمَرَهُمْ عَلِيٌّ فَبَعَثُوا حَكَمًا مِنْ أَهْلِهِ وَحَكَمًا مِنْ أَهْلِهَا، ثُمَّ قَالَ لِلْحَكَمَيْنِ: تَدْرِيَانِ مَا عَلَيْكُمَا؟ إِنْ رَأَيْتُمَا أَنْ تَجْمَعَا فَافْعَلَا، وَإِنْ رَأَيْتُمَا التَّفْرِيقَ فَافْعَلَا. قَالَتِ الْمَرْأَةُ: رَضِيْتُ بِكِتَابِ اللهِ بِمَا عَلَيَّ فِيهِ وَمَا لِي. وَقَالَ الرَّجُلُ: أَمَّا الْفُرْقَةُ فَلَا، فَقَالَ عَلِيٌّ رَضِي اللهُ عَنْهُ: كَذَبْتَ وَاللهِ حّتَّى تُقِرَّ بِمَا أَقَرَّتْ بِهِ. رَوَاهُ الْإِمَامُ الشَّافِعِيُّ «Bir er va xotin Ali roziyallohu anhuning oldilariga kelishdi. Ikkovlarining har biri bilan birga bir to‘pdan odam bor edi. Bas, Ali ularga erning ahlidan bir hakam, xotinning ahlidan bir hakam chiqarishga amr qildi. Keyin hakamlarga: «Ikkovingiz vazifangiz nima ekanini bilasizmi? Agar jamlashni ravo ko‘rsangiz, qiling. Agar ajratishni ravo ko‘rsangiz, qiling», – dedi. Ayol: «Zararimga bo‘lsa ham, foydamga bo‘lsa ham Allohning hukmiga roziman», – dedi. Er esa: «Ajratish bo‘lsa, rozi emasman», – dedi. Shunda Ali roziyallohu anhu: «Yolg‘on aytibsan! Allohga qasamki, hatto u (ayol) iqror bo‘lgan narsaga iqror bo‘lmasang, bo‘lmaydi!» – dedi!» Imom Shofe’iy rivoyat qilgan. Demak, hakamlar ish boshlashidan oldin er‑xotin o‘z roziliklarini to‘liq izhor etishlari kerak. Hakamlar er‑xotin orasini ajratish haqqiga ham egalar. Lekin hakamlar ko‘pincha er‑xotinni yarashtirib qo‘yishga harakat qiladilar. Albatta, bu ish ta’sirli chiqadi. Chunki hakamlar qarindoshlardan bo‘ladilar. Ulardan har biri o‘z qarindoshining oilasi buzilishini istamaydi. Faqat nochor holatlardagina ajratishga qaror qilishlari mumkin. Hozirgi voqe’ligimizda mahalla qo‘mitalarining hakamlik qilishlari odat bo‘lgan. Bu ham yaxshi ish. Ular ham oilalarning buzilishidan ko‘ra yarashib ketishining tashvishini qiladilar. Shuningdek, mahkamalar ham. Bularning hammasi er‑xotinni yarashtirib qo‘yish choralarini ko‘rganlari yaxshi. ("Baxtiyor oila" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Апрел 2022, 19:28 | Савол-жавоблар | 232 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar