Taloq haqida

Bismillahir rohmanir rohim
Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh. Muhtaram shayx! Sizga bir savol bilan murojaat qilmoqchiman. Masalan bir musulmon er xotinini biror nojo‘ya ish qilganini bilib, unga «Senga bir taloq qo‘ydim» deb aytsa, so‘ng yana shu ayol bilan yashab ketaversalar bo‘ladimi? Yashashlari uchun qayta nikoh o‘qitishlari shartmi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Taloq masalasi o‘ta nozik bo‘lgani uchun bu ishda albatta ilmli odam bilan birga turib masalani hal qilish kerakligini eslata turib, savolingizga nazariy javob beramiz.Siz aytganga o‘xshash taloqni raj’iy taloq deyiladi. Raj’iy taloq - haqiqiy duxul - jinsiy yaqinlikdan keyin, ochiq-oydin lafz bilan qilingan, turli sifatlarni qo‘shmay kinoya lafzi bilan qilingan va hokimning hukmi ila nafaqa bermaslik va iylo sababidan qilingan bir yoki ikki taloq raj’iy taloq bo‘ladi. Bunday taloqdan keyin er taloq qilingan xotinni o‘z nikohiga iddasi ichida, agar xotin rozi bo‘lmasa ham qaytarib olish haqiga ega. Buning uchun er, xotinimni o‘zimga qaytarib oldim yoki xotinimni nikohimda ushlab qoldim, desa kifoya qiladi. Yangidan mahr berish, aqdi nikoh qilishning hojati yo‘q. Eng muhim shart, qaytish xotinning iddasi chiqmay turib bo‘lishi kerak. Agar idda chiqquncha qaytmasa, taloq boinga aylanib qoladi. Unda yangidan aqdi nikoh qilish zarur bo‘ladi.

20 Апрел 2022, 19:28 | Савол-жавоблар | 280 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar