Qilayotgan ishim bilan o‘zgalarga malol keltirmayapmanmi

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, sizlarni yana bezovta qilayotganim uchun uzr. Men telegramdagi kanalingizga a’zoman va ushbu kanaldagi savol-javoblarni ba’zilarini kursdoshlarim, oshnalarim va qarindoshlarim bilan ochilgan boshqa guruxlarga ssыlka qib turaman. Ming afsus ba’zi guruxdagi ba’zi ishtirokchilardan «Yana zikr ahlimi», «pfff, aqilli» degan mazmunda javob qaytyapti. Menga ularni gaplari umuman axamiyatli emas, ammo bularning xarakati, to‘g‘rirog‘i mening ssыlkalarim ularni e’tiqodini battar so‘ndirib tashayotganday. Iltimos menga maslaxat beringlar qanday yo‘l tutay? Kanalingizdagi ma’lumotlarni ularga tarqatib (asli ularga ham insof kirishi maqsadida) ular orasida dinni, shariatni oyoq osti qilib qo‘ymayapmanmikin? Ular (hammasi ham emas) bu narsalarga panja ortidan qarab aksincha fikrga borib qolishyapti. Qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarmayapmanmikin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Insonlar bilmagan narsasining dushmani hisoblanadi. Ular uchun dunyo va oxiratiga bir tiyinlik foyda keltirmaydigan narsalar juda muhim, dunyo va oxiratini obod qiladigan narsalar zekrikarli tuyuladi. Aslida bu biz ota-onalar farzandlarimizni bema’ni narsalardan maza qilishdan o‘rgatib qo‘yganimiz, millatni dushmanni qo‘liga topshirib, iymonsiz bo‘lsa, gunohi menga, zinokor va fohisha bo‘lsa gunohi menga deb aytuvchi o‘qituvchilarga topshirganimizda. Vaholanki Alloh taolo “Hech bir yukli jon boshqaning yukini ko‘tarmas” deb marhamat qilgan. O‘shanday deyuvchilar qiyomat kunida Hashr surasida kelganidek “Bu xuddi shayton insonga «Kofir bo‘l», degan paytga o‘xshaydir. U kufr keltirganda esa: «Men senga aloqador emasman, men olamlar Robbi – Allohdan qo‘rqaman», – dedi. Bas, ularning oqibatlari bir – albatta, ikkovlari ham olovda bo‘lurlar, u erda mangu qoluvchidirlar. Va bu zolimlarning jazosidir” bo‘ladi.(16-oyat) Siz ularga nasihat qilishda holiga muvofig‘ini va malol keltirmaydigan darajadagisini jo‘nating. Ammo 1-2 ahmoqning “uff-puff”i foydalanishi mumkin bo‘lgan kishilarni foyda olishidan qaytarib qo‘ymasin. Bir vaqtlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga “Masad” surasi nozil bo‘lganida holat shunday bo‘lgan edi.  "Tafsiri Hilol" kitobida bu sura haqida quyidagicha keladi: Bu surai karimaga o‘zining oxirgi «Masad» so‘zi nom bo‘lib qolgan. Suraning ikkinchi ismi «Lahab»dir. Ko‘pchilik uni suraning avvalidagi birinchi ibora – «Tabbat yadaa» bilan ham ataydi. «Masad» so‘zining ma’nosi «arqon»dir. Surada Abu Lahabning xotini bo‘ynida arqon ila do‘zaxga kirishi ta’kidlangan. Ushbu suraning qahramoni Abu Lahabning asl ismi Abduluzzo ibn Abdulmuttolib bo‘lib, ikki yonog‘i olovdek qizarib turgani uchun Abu Lahab degan kunya olgan edi. Alloh taolo «Va yaqin qarindoshlaringni ogohlantir» degan oyatni nozil qilganda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam Safo tepaligiga chiqib, baland ovoz bilan: – Ey Quraysh jamoasi! – deb nido qildilar. Shunda ular to‘planishdi. Ul zot ularga qarab: – Agar sizlarga hozir «Vodiyda otliqlar ustingizga bostirib kelishga tayyor turibdilar», desam, ishonasizlarmi? – dedilar. To‘planganlar: – Ishonamiz, sening yolg‘on gapirganingni hech ko‘rmaganmiz, – deyishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: – Albatta, men sizlarga shiddatli azobdan qo‘rqituvchi (payg‘ambar) bo‘lib keldim, – dedilar. Shunda Abu Lahab: – Halok bo‘lgur! Bizni shunga yig‘dingmi?! – degandan so‘ng Alloh taolo «Masad» surasini nozil qilgan. Abu Lahab Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning amakilari va eng ashaddiy dushmanlaridir. Uni boyligi, mol-mulki g‘ururga ketkazgan. U shunday sinf vakiliki, ular o‘zlariga vazifa yuklovchi barcha harakat va tuzumlarga qarshi chiqaverishadi.  Vallohu a’lam!

27 Апрел 2022, 08:01 | Савол-жавоблар | 136 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar