Kitob o‘qib ilm olish

Assalomu alaykum! 2920-savolni javobida shunday so‘zlarni o‘qidim: «Allohning Kitobidan boshqa biror bir kitobni o‘qib qo‘yishning o‘zi ibodat emas».
Kitob o‘qib ilm olishlik ibodatdan avzal emasmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Sizga bu hikmatni biroz soddaroq tushuntirishga harakat qilamiz. Avvalo, ibodat nima ekanini bilib olish kerak. Ibodat – Alloh taologa bandalik, qullik qilish degani. Alloh taolo buyurgan amalni qilish yoki qaytargan amalni qilmaslik ibodat bo‘ladi. Iymon keltirish, namoz o‘qish, ro‘za tutish, halol savdo qilish, yolg‘on gapirmaslik, zino qilmaslik, harom emaslik – bularning barchasi ibodatdir. Ana shunday ibodatlar qatorida Alloh taoloning kalomi – Qur’oni Karimni o‘qish ham ibodatdir. Siz Qur’on o‘qisangiz, hali unga amal qilmay turib ham, ibodat qilayotgan bo‘lasiz. Chunki uni o‘qishning o‘zi ibodatdir. Unga amal qilish esa yana boshqa ibodatdir. Misol uchun, Qur’ondagi «namoz o‘qinglar» degan oyatni o‘qish bir ibodat, namoz o‘qishning o‘zi yana bir ibodat. Ammo Qur’ondan boshqa kitobni o‘qishning o‘zi ibodat bo‘lmaydi, balki unga amal qilishgina ibodat bo‘ladi. 2920-savolning javobida mana shu narsa nazarda tutilgan. Masalan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hayotlari haqidagi kitobni o‘qishning o‘zi ibodat hisoblanmaydi, balki o‘sha kitobni o‘qib, unda yozilgan sunnatlarga amal qilish ibodat bo‘ladi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bir odam Nabiy alayhissalomning odoblari haqidagi kitobni o‘qisa, ammo bu odoblarga rioya qilmasa, o‘sha kitobning o‘qiganining o‘zi ibodat bo‘lishi mumkinmi? Alloh taoloning karami shu qadar kengki, U Zot Qur’oni Karimning o‘qilishini ham ibodat hisoblar ekan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh hazratlari «Tafsiri Hilol»ning muqaddimasida bu haqda shunday deganlar: «Qur’oni Karimni boshqa kalomlardan ajratib turuvchi yana bir eng muhim sifat uning tilovati ibodat hisoblanishidir. Shuningdek, uni ibodatda tilovat qilish shartligidir. Yana ham soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, Qur’on tilovati bo‘lmasa, namoz bo‘lmasligidir». Ko‘rinib turibdiki, Qur’oni Karimdan boshqa kalomlarning o‘qilishi ibodat hisoblanmaydi. Masalan, bir soat she’r o‘qilsa, g‘azal o‘qilsa, tarix o‘qilsa, matematika o‘qilsa, bu o‘qishning o‘zi ibodat hisoblanmaydi. Ammo shu o‘qilganlardan insonning o‘ziga yoki boshqalarga manfaat etsa, mana shu manfaat etkazish ibodat hisoblanadi. Javobda mana shu ma’no nazarda tutilgan. Albatta agar niyatini to‘g‘ri qilsa butun bashariyatning dunyo va oxiratiga foyda keltiradigan ilmlarni o‘rganish ham ibodat hisoblanadi. Faqat bir narsaga e’tibor qaratish lozim. O‘qiydigan ilmi avvalo joiz ilm bo‘lsin va foyda keltiruvchi bo‘lsin. Ilmni o‘qib qo‘yishning o‘zi kifoya qilmaydi. Har bir o‘qiganini amal qilish bilan mustahkamlash kerak. Amalsiz ilmni misolini Alloh taolo “Juma” surasida keltirib: مَثَلُ الَّذِينَ حُمِّلُوا التَّوْرَاةَ ثُمَّ لَمْ يَحْمِلُوهَا كَمَثَلِ الْحِمَارِ يَحْمِلُ أَسْفَارًا بِئْسَ مَثَلُ الْقَوْمِ الَّذِينَ كَذَّبُوا بِآيَاتِ اللَّهِ وَاللَّهُ لَا يَهْدِي الْقَوْمَ الظَّالِمِينَ۝ 5. Ustilariga Tavrot yuklatilgan, so‘ngra uni ko‘tarmaganlar ustiga kitob yuklangan eshakka o‘xsharlar. Eshak ustidagi kitobni ko‘tarib, charchasa charchaydi, ammo aslo bu kitobdagi ilm va ta’limotlardan foydalanmaydi. Bu oyat garchi yahudiylar haqida aytilgan bo‘lsa-da, musulmonlarga ham tegishlidir. Ya’ni Alloh taolo musulmonlarga: «Sizlar ham yahudiylarga o‘xshab, Allohning Kitobiga amal qilmasangizlar, xuddi ularga o‘xshagan bo‘lasizlar», – demoqda. Demak, Qur’onga amal qilinmasa, undagi ilohiy ta’limotlardan foydalanilmasa, musulmonlar ham ustiga kitob ortilgan eshakka o‘xshagan bo‘ladilar. Yana bir misol, juda ko‘p xonadonlarda mavlidga atab qasidalar o‘qiladi. Afsuski bir necha yillardan beri bu ishda bardavom bo‘layotganlarning ba’zilari qasidalarda nimalar yozilganligini ham bilishmaydi. Holbuki bundan maqsad Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tanitish va u zotning muhabbatini qozonish edi. Shu kabi ishni qiluvchi birodarlarimizdan birining uyiga bir do‘sti mehmonga kelibdi. U kishi "Mana salkam 10 yildirki odam chaqirib uyingizda mavlidni arabchasini  o‘qitib kelasiz, shunga qo‘shimcha mavlidni tarjima qilinganini olib kelib farzandlarizga o‘qib berganingiz savobi ko‘p va tushunarli emasmi" deb aytibdi. U kishi “Arabchasini o‘qitsa ham ibodat bo‘ladi va savobi bo‘ladi” deb aytibdi. Shunda kelgan mehmon “Nabiralaringizdan menga chaqiring” debdi. Mezbon 11-9 yoshli ikki va 7 yoshli yana ikkita nabiralarini chaqiribdi. Ismlari Abdulloh, Abdurahmon va Muhammad bo‘lgan bolalardan mezbon savol so‘rashni boshlabdi. “Spaydermen, Xalk va Betman deganlarni taniysizlarmi” debdi. Bolalar hammalari jo‘r bo‘lib “Ha, o‘rgimchak odam, o‘q o‘tmaydigan kuchli katta yashil odam va ko‘rshapalak odamlar” deb javob berishibdi. Shunda mezbon “Abu Bakr, Umar, Usmon, Aliy, Ubay ibn Ka’ab degan insonlar kimlar” deb so‘rabdi. Bolalar jim bo‘lib qolishibdi. Shunda mezbon “Muhammad kim” debdi, bolalar o‘zlarini orasida turgan ukalari Muhammadni ko‘rsatishibdi. Shunda mezbon “Agar o‘sha arab tilidagi mavlidni o‘zbekchasini ham o‘qib berganingizda shariatimizda vojib bo‘lgan “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tanishtirish” savobini olgan bo‘lar edingiz” debdi. Vallohu a’lam!

27 Апрел 2022, 11:30 | Савол-жавоблар | 166 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar