Tamakining haromiligini qanday tushuntirsak bo‘ladi?

Assalomu alaykum, hurmatli Shayx Hazratlari! Ustoz men bilan birga ishlaydigan bir Indoneziyalik musulmon odam bor. Bu kishi doimo tamaki chekadilar. O‘zlarining aytishlaricha u kishi hofizi Qur’on ham ekanlar. Tanlovlarda ham g‘olib bo‘lgan ekanlar bir necha marta. Men bu kishiga “siz hofizi Qur’on bo‘lsangiz, nega chekasiz?” dedim. U kishi esa, “chekish harom emas, makruh” deydi (Yana mahruh bu kishining aytishicha, qilinsa gunoh olinmaydi, qilmasa savob oladi). Men u kishiga, “bir necha yillar oldin tamaki haromligi to‘g‘risida fatvo chiqqan” dedim. U “Tamaki Qur’onda yoki sahih hadisda harom deyilmagan”, deb turib oldi. Men esa “bu fatvoni chiqarishda ijmo yoki qiyos ishlatiladi” dedim. Qisqasi bu kishiga hech tushuntira olmadim, buning ustiga yana bir yoshroq Misrlik yigit ham xuddi shu gapni aytib chekib yuribdi. Ustoz, men shu vaziyatlarda va shu kabi odamlarga tamakining harom ekanligini qanday tushuntirsak bo‘ladi? Umuman mana shu tushuntirish menga vojib hisoblanadimi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Ba’zi odamlarning “Qur’oni Karim va Hadisi sharifdan dalillarsiz bu o‘simlikni qanday qilib haromga chiqarasiz?” deganlariga javob shuki, shariat sohibi harom qilingan narsalarning har biriga alohida-alohida nass keltirishi zaruriy ish emas. Albatta, u shunday tartib qoidalarni joriy qilib qo‘yadiki biz qo‘rqadigan juz’iy va ko‘pgina alohida masalalar ularning ostiga doxil bo‘ladi. Chunki, qoidalarni cheklashning imkoni yo‘qdir. Ammo, alohida ishlarga kelsak bas, ularni ham cheklash mumkin emasdir. Shariat sohibi iflos yoki zararli narsani harom qilsa nopok va zararli emak va ichimliklardan son sanoqsizlari unga doxil bo‘lishi uchun etarli bo‘ladi. Shuning uchun ham ulamolar harom ekanligi xususida muayyan bir nassning yo‘qligiga qaramasdan nasha va giyohvand moddalarni harom deb ittifoq qilganlar. Mana, imom Abu Muhammad ibn Hazm Zohiriyni nasslarni harfma-harf va zohirini mahkam tutgan holda ko‘ramiz. Shunga qaramay u nasslarning umumiyini olgan holatda eyishlik zararli bo‘lgan narsalarni qat’iyan haromga chiqaradi. U: “Zarari bo‘lgan har bir narsa haromdir. Chunki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh har bir narsaga yaxshilik qilishni yozib qo‘ygandir. Bas, kimki o‘ziga yoki birovga zarar qilsa demak u yaxshilik qilmabdi. Kim yaxshilik qilmasa yozuvga, yani Allohning har bir narsaga yaxshilik qilishni yozib qo‘ygan”iga qarshi chiqqan bo‘ladi,” deganlar. Shuningdek, ushbu hukmga Alloh taoloning: “O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga rahmlidir” degan so‘zini ham dalil qilsa bo‘ladi. Va yana Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: لاَ ضَرَرَ وَلاَ ضِرَارَ “Zarar qilish ham, zarar etkazish ham yo‘q”, degan so‘zlarini dalil keltirish mumkin. Zararli narsalarni iste’mol etishning haromligi haqidagi eng chiroyli ibora bu Imom Navaviyning “Ravza”sida kelgan iboralardir. U kishi: “Emoqlik zarar qiladigan shisha, tosh va zahar kabilarni emoq haromdir. Emoqlikning zarari bo‘lmagan har qanday pok narsani emaklik haloldir. Ammo, maniy va burunning suvi kabi o‘zi pok lekin jirkanch narsalar bundan mustasno. Chunki, bu narsalar sahih dalillarga asosan haromdir....”, deb yozgan. Agar tuzalish ehtimoli ko‘proq bo‘lsa va ehtiyoj tug‘ilsa ichiga ozroq zahar qo‘shilgan dorilarni iste’mol qilish joizdir. Inson ikki dunyoda ham o‘ziga manfaati etmaydigan narsalarga molu davlatini sarflamoqligi joiz emas. Chunki, insonga bu molu davlati omonat berilgan bo‘lib yana egasiga qaytaradi. Zero, salomatlik va davlat Allohning undagi omonatidir. Shuning uchun ham inson salomatligiga zarar etkarmog‘i yoki davlatini zoe qilmog‘ligi mumkin emas. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mol-u davlatni bekorga zoe qilmoqdan qaytarganlar. Kashanda odam molini berib o‘z joniga ziyon zahmat sotib oladi. Bu ish shar’an haromdir. Alloh taolo marhamat qilib: “Va isrof qilmanglar. Albatta U isrofgarlarni yaxshi ko‘rmaydi,” deydi. Chekish uchun mol sarflashlik uni zoe qilish ekanligi maxfiy emas. Shunday ekan bir paytning o‘zida ham molini sarflasa ham joniga talafot etkizsa nima qilish mumkin?! KAShANDALIK Bu baloning bugungi kunda insoniyat boshiga solib turgan tahdidini yaxshilab anglab olish uchun Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tamaki (sigaret) chekish va uning zararlari haqida tayyorlagan quyidagi ma’lumotlarga bir nazar solishning o‘zi kifoya qiladi. «Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining mutaxassislari tamaki chekish oxirgi yillarda global epidemiyaga aylanganligini e’lon qilishmoqda. Tashkilotning bergan ma’lumotlariga qaraganda, er yuzida chekuvchilar soni hozirda 1,2 milliardni tashkil etib, har yili ularning soni 2,1 foizga ortib borayotgan bo‘lsa, 2025 yilda 1,6 miliardgacha o‘sishi e’tirof etilgan. Jahonda bir yil davomida 5 million kishi tamaki chekish bilan bog‘liq bo‘lgan kasalliklar tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Bu ko‘rsatkich 2030 yilga borib, 10 milllion kishini tashkil etishi mumkin. Dunyo bo‘yicha har 6-8 soniyada bir kishi tamaki chekishning asoratlari tufayli hayotdan ko‘z yumadi. O‘zbekistonda ham tamaki chekuvchilar soni yuqori ko‘rsatkichda bo‘lib, yildan-yilga o‘sib bormoqda. Yosh ayollar va o‘smirlar orasida tamaki chekuvchilar sonining ortib borayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bu hol ayniqsa tashvishlanarlidir. O‘zbekistonda har yili chekish keltirib chiqargan asoratlar tufayli 30 mingtaga yaqin inson hayotdan ko‘z yumadi. Agar chekishga qarshi tezlik bilan choralar ko‘rilmasa, bu ko‘rsatkich 2020 yilga borib ikki barobar ortishi mumkin. «O‘zbekiston aholisi salomatligini o‘rganish» bo‘yicha o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, chekuvchi erkaklar soni ayollarga nisbatan birmuncha yuqori. O‘zbekiston aholisining 23 foiz erkaklari va 1 foiz ayollari doimiy chekuvchilar safini tashkil etadilar. Doimiy chekuvchilar asosan shahar rayonlarida viloyatlarda (34 foiz), Toshkent shahrida istiqomat qiluvchilar (44 foiz) va mahalliy bo‘lmagan aholi o‘rtasida keng tarqalgan. Chekuvchi erkaklarning asosiy qismi 25-29 yoshdagilar bo‘lib, umumiy chekuvchilarning 25-35 foizini, ayollarda esa ko‘pchiligi yosh qizlar, ya’ni 15-19 yoshlilar bo‘lib, 20 foizni tashkil etadilar. Chekuvchi erkaklarning 47 foizi bir kunda 5-20 dona tamaki chekadilar. Tamaki tutunida 4000dan ziyod kimyoviy unsurlar mavjud bo‘lib, ular organizm faoliyatiga o‘z tasirini o‘tkazadi. Ularning 43dan ortig‘i o‘sma (saraton) kasalliklarining kelib chiqishiga sabab bo‘lsa, 400dan ortig‘i toksik (zaharli) moddalar hisoblanadi. Bular jumlasiga: smola, nikotin, is gazi, kadmiy, formaldegid, atseton, benzol, mishak va boshqalar kiradi. Jumladan: o‘sma kasalliklari (o‘pka raki 90 foiz), nafas olish tizimi kasalliklari (75 foiz), yurak-qon tomir kasalliklarining (yurak ishemik kasalligi 25 foiz) kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Tamaki tarkibidagi nikotin o‘ta zararli modda bo‘lib, o‘ziga tobelikni shakllantiradi. Shuningdek, nikotin nafas markazlarini qo‘zg‘atib, qon tomirlar spazmiga (vaqtincha torayishiga) olib keladi. Natijada qon tomir devori zararlanib, toraygan qon tomirlarda aterosklerotik o‘zgarishlar yuzaga keladi. Nikotin ta’sirida buyrak usti bezida noradrenalinning ko‘p miqdorda ishlab chiqarilishi yurak ritmining buzilishiga, yurakning kislorodga bo‘lgan ehtiyojining oshishiga, oqibatda uning yuqori zo‘riqish bilan tartibsiz va majburiy ishlashiga olib keladi. Bu esa yurak qisqarishlari sonini 15-20 foizga oshiradi. Yuqorida keltirilgan holatlar yurak ishemik kasalligiga olib keluvchi asosiy omillar hisoblanadi. Nikotin ayniqsa homiladorlar uchun juda zararlidir. Homilador ayol tamaki chekkanidan so‘ng yo‘ldosh qon tomirlarining spazmi (vaqtincha torayishi) oqibatida bir necha daqiqa davomida homilada engil kislorod etishmovchiligi sodir bo‘ladi. Homiladorlik vaqtida bir maromda chekib turish natijasida esa kislorod etishmovchiligi doimiy tus oladi. Buning natijasida ona qornidagi homila o‘smay qoladi. Chekuvchilar nafaqat o‘zlarining, shuningdek, atrofdagilarning (ikkilamchi passiv chekuvchilar) sog‘lig‘iga ham zarar etkazadilar. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 700 million nafar bolalar, yani jahondagi barcha bolalarning yarmi ikkilamchi tutun ta’siriga uchraydi. Bu esa bolalarda respirator kasalliklar, pnevmoniya, astma kasalligining kelib chiqish ehtimolini kuchaytiradi. Passiv chekish bosh og‘rig‘i, ko‘z konyuktivasining zararlanishi, bosh aylanishi, yo‘tal, tomoq qichishi, ko‘ngil aynishi kabi holatlarga olib keladi. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, tamaki chekish oqibatida yuzaga keladigan kasalliklar mehnatga layoqatli yoshdagi chekuvchi erkaklar o‘rtasida chekmaydiganlarga nisbatan 3 barobar ko‘p uchraydi. Kasallanish davrining o‘sishi tamaki soni va chekish davri bilan uzviy bog‘liq. Tekshiruvlarning ko‘rsatishicha, ko‘pchilik chekishni yoshlik chog‘idan boshlaydi. Agar odam chekishni 15 yoshdan boshlasa, umri 10 yilga, 25 yoshdan boshlasa, 5 yilga qisqaradi». «Nima uchun tamaki chekish butun insoniyat mubtalo bo‘lgan ijtimoiy ofat hisoblanadi? Nima uchun har yili kashandalik oqibatida millionlab insonlar halok bo‘lmoqda? Bu savollarning javobi oddiy: Ular tamakiga o‘rganib qolib, bu yaramas odat tufayli salomatligidan ajrab, hayotdan ko‘z yumishmoqda. Kishilik jamiyatining tamaki chekishga munosabati yildan-yilga keskinlashib borayotganiga qaramasdan, ko‘pchilik hamon chekishni tashlay olmayapti… Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘pchilik kashandalar quyidagi jihatlarga e’tibor berishmayapti: 1) Chekish saraton kasalligi kelib chiqish ehtimolini 30 baravar oshiradi; 2) Kashandalar oshqozon yarasiga 10 baravar ko‘proq mubtalo bo‘ladilar; 3) Miokard infarkti chekuvchilarda boshqalarga nisbatan 12 baravar ko‘proq uchraydi. Stenokardiya va yurakning ishemik kasalliklari ham ko‘proq kashandalarda kuzatiladi; 4) Nikotin yaralar va singan suyaklarning bitishini sekinlashtirib yuboradi, S va E vitaminlarining singishiga to‘sqinlik qiladi; 5) Mijoz sustligi vujudga kelishining ehtimoli kashandalarda boshqalarga qaraganda 26 baravar ko‘proq bo‘ladi; 6) Kashandalarning suyak va bo‘g‘imlari mo‘rtlashib qoladi, shuning uchun ularda umurtqa pog‘onasi churrasi («grыja») ko‘proq uchraydi; 7) 40 yoshgacha chekishni tashlay olmaganlarning ba’zilari ko‘r bo‘lib qolishlari mumkin; 8) Homilador ayol cheksa, homilaning tushib qolish ehtimoli 30-70 foizga, chaqaloqning o‘limi xavfi esa 52 foizga ortadi; 9) Nikotin tomirlarni o‘yib yuboradi, shuning uchun u skleroz, tromboz, nekroz (qorason) kabi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Qorasonga chalingan a’zo esa kesib tashlanadi. Afsuski, kashandalar mazkur mudhish oqibatlardan xabardor bo‘lsa ham, ko‘pincha chekishni tashlay olmaydi, chunki uning organizmi bu og‘uga mustahkam bog‘lanib qolgan bo‘ladi… TAMAKINING ORGANIZMGA TA’SIRI O‘pka: Chekmaydiganlar kashandalarga qaraganda o‘pka saratoni bilan 20 baravar kamroq kasallanadilar. Shu sababli o‘pka saratoni asosan chekish oqibatida kelib chiqadi, deb xulosa qilish mumkin. Odatda bu kasallik nihoyatda kech aniqlanadi, natijada bemorning umrini faqat uning bir o‘pkasini olib tashlash yo‘li bilangina biroz uzaytirish mumkin bo‘ladi. Tibbiyot olimlari yoshi, ish faoliyati va hayot tarzi o‘xshash bo‘lgan 200-300 ming kishi ustida kuzatuvlar olib borganlar. Ularning yarmi chekmaydiganlar, yarmi kashandalar bo‘lgan. Kuzatuvlarga ko‘ra, chekmaydiganlarning har 100 mingtasidan 12 nafari o‘pka saratoniga chalingan. Kuniga bir quti tamaki chekuvchilar ichida bu ko‘rsatkich 112 kishini, ikki quti chekuvchilarda esa 284 kishini tashkil etgan. Hayvonlarning o‘pkasi yoki terisiga tajriba uchun tamaki qatroni yuborilganda, ularning birortasi o‘pka rakiga uchramay qolmagan. Yurak-tomir tizimi: Chekish avvalo yurak va qontomir kabi eng muhim a’zolarni emiradi. Chekilgan bitta tamaki mahsuloti tomir urishini bir daqiqada yigirmataga oshiradi, qon bosimini bir necha o‘n millimetrga ko‘tarib, teri haroratini sovutadi. Bu o‘zgarish yarim soatcha davom etadi. Natijada yurakda kun davomida surunkali ravishda qo‘shimcha zo‘riqish hosil bo‘lib, bu holat vaqt o‘tishi bilan og‘ir xastalikka aylanadi. Ho‘plangan tamaki tutuni tomirlarni toraytiradi, ulardagi qon oqimi sekinlashadi, hatto ba’zi hollarda butunlay to‘xtab qoladi. Tomirlarda qon oqimining sekinlashishi koronar yurak etishmovchiligi deb ataladi. Bu yurak atrofidagi o‘tkir sanchiq xurujidir. Ko‘pchilik bemorlar chekishni tashlagan kundan boshlab bunday og‘riqlardan butunlay qutulib ketadilar. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tamakining zararli ta’sirlarini o‘rganish davomida kashandalarning koronar tromboz oqibatida chekmaydiganlarga nisbatan to‘rt yil erta hayotdan ko‘z yumishlarini aniqlagan. Tamaki chekish tomirlari kasal kishilarda keskin spazmga olib keladi. Agar bemor ushbu holatdan keyin ham chekishda davom etsa, hech qanday davo chorasi foyda bermaydi Aslida bunday bemorlarning hatto tamaki tutuni bor havodan nafas olishi ham halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Tajribalar bunday bemor hatto yoqilmagan tamakini hidlasa ham, barmoqlaridagi qon oqimi sezilarli darajada sekinlashishini ko‘rsatadi. Ba’zi hollarda bunday bemorlar tamaki chekkan paytda tirnoqosti paylarida qon oqimining batamom to‘xtab qolishi, qo‘l va oyoq barmoqlarining harorati olti darajagacha pasayib ketishi kuzatilgan. E’tiborga loyiq joyi shundaki, tamakiga har qanday filtr qo‘yilgan taqdirda ham, qon oqimining sekinlashuvi va tana haroratining pasayishi o‘zgarmagan. Tamakining yurakka ta’sirini quyidagi tajribadan yaqqol ko‘rish mumkin: quyonning yuragi ajratib olinib, unga maxsus quvurlar orqali fiziologik eritma yuborib turilsa, u bir maromda urib turaveradi. Fiziologik eritma – ba’zi belgilariga ko‘ra qonga juda yaqin bo‘lgan suyuqlikdir. Biroq tamakini olib, uning ichidagi kukuni to‘kib tashlansa va tamaki hidiga to‘yingan yupqa papiros qog‘oziga yuqoridagi fiziologik eritmadan tomizib, qog‘ozdan sizib o‘tgan bu tomchini yurakka borib turgan fiziologik eritmaga qo‘shib yuborilsa, yurak shu zahoti urishdan to‘xtaydi. Adolat yuzasidan aytish kerakki, tamakining inson yuragiga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirini organizmdagi kompensator (himoya) mexanizmlar ma’lum darajada to‘sadi, chunki ular avtomatik ravishda ushbu zararli reagentga qarshi kurasha boshlaydi. Biroq, shunga qaramay, tamaki insonga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Tamaki mahsulotlari hech bo‘lmaganda inson tanasining erta qarishiga sabab bo‘ladi. Miya va asab tizimi: Nikotinning markaziy asab tizimiga nechog‘lik zarar etkazishini chekilgan birinchi tamakining asoratidan ham bilish mumkin: ilk bor chekkan odamning ko‘ngli aynib, qayt qiladi, badanidan sovuq ter chiqadi, hatto ba’zan hushdan ketib qolish hollari ham uchraydi. Bularning barchasi miya hujayralarining zaharlanishi belgilaridir. Oshqozon-ichak yo‘llari: Ba’zi kashandalar «Tamaki ovqatni mazaliroq qiladi», deyishadi. Albatta, og‘izga biror achchiq narsa solinsa, undan keyin har qanday ovqat ham mazali tuyulishi aniq. Biroq aslida chekish ishtahani ketkazadi. Chekishni tashlagan odamning tezda semira boshlashini hamma biladi. Buning siri shuki, nikotindan zaharlanish to‘xtatilgach, organizmdagi modda almashinuv jarayonlari yaxshilanib, oshqozon taomni yaxshiroq hazm qila boshlaydi. Bevaqt o‘lim: Tamakining tarkibida favqulodda zaharli modda – nikotin bor. Bir quti tamaki chekkan odam uning halokatli miqdorini ichiga yutgan bo‘ladi. Biroq inson bir quti tamakini birdan chekib yubormaydi, shuning uchun organizmda bu zahri qotilga nisbatan biroz moslashuv hosil bo‘lib qoladi. Statistika ma’lumotlarga ko‘ra, yurak-tomir kasalliklari tufayli hayotdan ko‘z yumganlar orasida kashandalar ikki marta ko‘p uchraydi. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga qaraganda, kashandalar chekmaydiganlarga qaraganda pnevmoniya sababli o‘n baravar, oshqozon yarasi oqibatida olti baravar ko‘proq vafot etar ekan. MUSULMONLAR VA TAMAKI Ko‘pchilik birodarlar tamaki chekishning Islomdagi hukmi to‘g‘risidagi savollar bilan murojaat qilib turishadi. Albatta, buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Mulohaza qiladigan bo‘lsak, hozirgi kunda har kuni, har oy, har muddatda shu tamaki yoki unga o‘xshagan narsalarni iste’mol qiladigan kishilarga etayotgan zararlar, ularning og‘ir kasalliklarga chalinayotganlari, hattoki millionlab insonlar shu narsadan o‘layotgani haqidagi xabarlar tez-tez tarqalib turibdi. Albatta, bunday xabarlar eshitilib, har xil tushunchalar tarqab turganidan keyin mo‘min-musulmonlarda cheksa-chekmasa, bu ishga aloqasi bo‘lsa-bo‘lmasa, uning dinimizdagi hukmini bilish ishtiyoqi tug‘iladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu savollar aholi orasida juda ko‘p takrorlanadi. Bu savollarga ilmiy javob berish, ulamolarimiz chiqargan fatvolar va yig‘ilgan ma’lumotlardan aniq hujjat-dalilli gaplar aytish taqozosi yuzasidan Alloh subhanahu va taoloning O‘zidan yordam so‘rab bu ishga qo‘l urdik. Islom dunyosida nihoyatda katta shuhrat qozongan ilmiy asar – Kuvayt davlati Vaqf vazirligi tomonidan nashr etilgan «Fiqh entsiklopediyasi»da tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning hukmi to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar taqdim qilingan. Ushbu satrlardagi tamaki haqidagi ma’lumotlarning ko‘pchiligini ana shu kitobdan oldik. Tamaki chekish, kashandalik asli Amerikadan kelib chiqqan. Eski musulmon xalqlar bu narsani bilishmagan. Uning musulmonlar o‘rtasida tarqalish tarixini o‘rgangan ulamolar tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish, tutunni yutib-chiqarish holati 10-hijriy asrning oxiri, 11-hijriy asrning boshlarida tarqala boshlaganini ta’kidlaydilar. Uni hozirgi Turkiya erlariga birinchi bo‘lib angliyaliklar olib kirgan va urf bo‘lishiga sabab bo‘lishgan. Mag‘rib taraflarga esa tamakini tabiblik bilin shug‘ullanuvchi bir yahudiy olib borgan, mag‘rib aholisining tamaki bilan tanishishlariga mana shu odam sababchi bo‘lgan. Shundan keyin tamaki mahsulotlari asta-sekin Misrga, Hijozga, Hindistonga tarqalib, bora-bora hamma musulmonlar yashaydigan diyorlarga yoyilgan va shu tariqa kishilar chekishni odat qilishgan. KAShANDALIKNING HUKMI Odamlar ichida chekish boshlanishi bilan uning hukmi haqidagi savollar ham paydo bo‘lgan. «Bu narsa bizda yo‘q edi, ajnabiy yurtlardan kelib, tarqalib qoldi. Uni chekishning hukmi qanday?» degan savolga fuqaholarning bergan javoblari har xil bo‘lgan. Ba’zilar «Bu narsa harom», deyishgan. Boshqalar «Zarari yo‘q», deyishgan. Uchinchilari «Makruh, makruh bo‘lganda ham, makruhi tahrimiy», degan va shunga o‘xshash ixtilofli javoblar berilgan. Mazkur javoblar hozirgi kungacha ham turlicha bo‘lib kelayotgan edi. Kimdir «Hechqisi yo‘q», desa, boshqasi «Bo‘lmasa kerak», der edi. Yana biri «Bu borada aniq va hujjatli gapni eshitmadik», degan javobni berardi. Ammo hozirda ana shu qadimiy ulamolarning chiqargan fatvolari bilan astoydil tanishish imkoniga ega bo‘lindi. «Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish musulmon odam uchun harom», deb fatvo chiqargan ulamolar ichida eski hanafiy ulamolardan shayx Sharnaboliy, Mas’udiy va «Durrul Muntaqo» nomli kitobning sohibi ham bo‘lgan. Hanafiy ulamolarning eng mashhurlaridan Ibn Obidiyn rahmatullohi alayhi tamaki iste’mol qilishni «makruhi tahrimiy», deb e’lon qilgan. Shuningdek, molikiy mazhabi ulamolaridan Solim Sanhuriy degan zot, Ibrohim Laqqoniy, Muhammad ibn Abdulkarim Fakkun, Xolid ibn Ahmad, Ibn Hamdun va boshqa bir qancha ulamolar, molikiy mazhabining tamsilchilari o‘laroq, «Tamaki mahsulotlarini chekish harom», degan fatvo chiqarganlar. Shofe’iy mazhabi ulamolaridan Najmiddin G‘azziy, Qalyuniy, Ibn Allon va boshqa bir qancha ulamolar ham «Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish harom», deb fatvo chiqarganlar. Hanbaliy mazhabi ulamolaridan shayx Ahmad Bahutiy, shuningdek, Najdning ba’zi ulamolari «Tamaki mahsulotlarini chekish harom», deb fatvo chiqarganlar. Ularning ba’zilari shu masalaga atab alohida risolalar ham yozishgan. «Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish harom», deb fatvo chiqargan ulamolarning hujjat-dalillari. Mazkur ulamolar bir necha dalillarni keltirganlar. 1. Tamaki mahsulotlari uni iste’mol qilishni boshlagan paytda odamni sarxush qiladi. Yangi chekishni boshlayotgan odam mast bo‘ladi. Keyinroq o‘rganib qolib, bora-bora chekkanda mast bo‘lmaydigan holatga keladi. Dastlabki paytda mast qildimi, demak, tamaki ham mast qiluvchi narsalar qatoriga kiradi, deb aytishga asos bor. 2. Tamaki aqlga ta’sir qiladi. Chekishga o‘rgangan kishi agar chekmasa, siqilib, har xil holatlarga tushadi. Cheksa, biroz miyasiga, aqliga ta’sir qiladi. Aqlga salbiy ta’sir qilgan narsa Islomda haromligini hamma yaxshi biladi. Shuning uchun bu narsa harom, deb fatvo chiqarilgan. Bu fikrga qarshi chiqqanlar: «Yo‘q, bu tamaki mast qilmaydi, odamni biroz bo‘shashtiradi, chekkan odamning asablarida, tanasida biroz bo‘shashish his qilinadi. Buni mast qilish deb bo‘lmaydi» deb raddiya berishgan. Shunda harom deb fatvo berganlar: «Xuddi ana shu bo‘shashtirishining o‘zi uning haromligiga dalildir», deyishgan va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bir hadisi sharifni keltirishgan. عَنْ أُمِّ سَلَمَةَ قَالَتْ نَهَى رَسُولُ اللهِ  عَنْ كُلِّ مُسْكِرٍ وَمُفَتِّرٍ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ. Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir mast qiluvchi va bo‘shashtiruvchidan qaytardilar». Imom Abu Dovud rivoyat qilgan. Tamaki odamni bo‘shashtiradimi? Unday bo‘lsa, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bundan nahiy qilganlar. Bo‘shashtiruvchi modda harom bo‘lmasa, u zot sollallohu alayhi vasallam undan qaytarmasdilar. Demak, insonning jasadida, ruhida, aqlida, asabida bo‘shashishning sababchisi bo‘ladigan narsa, albatta, Islomda harom qilingan narsa hisoblanadi. Shuning uchun ulamolar Ummu Salama onamiz rivoyat qilgan hadisni tamakining haromligiga dalil qilib keltirishgan. 3. Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilgan odamning badaniga ham, aqliga ham, molu mulkiga ham zarar etadi. Badaniga va aqliga zarar etishi sog‘liqning ketishi bilan bo‘ladi. Chekish oqibatida turli kasalliklar kelib chiqayotgani hammaga ma’lum. Moliga zarar etishi – tamakiga ishlatilgan mol zoe ketadi. Juda katta miqdordagi mol behuda ketadi. Odamlar bu narsani uncha ko‘p deb hisoblamaydilar. Har kuni bir quti-bir qutidan sotib olayotgan kishiga sarflagan pullari u darajada ko‘p qo‘rinmasligi mumkin. Lekin millionlab insonlar tomonidan kuniga bir quti tamaki uchun pul sarflanishi davlat byudjetiga, xalq iqtisodiga juda katta zarar bo‘ladi. Tamaki chekuvchilarning aksariyati yurak xastaliklariga duchor bo‘lishi, o‘zi zaiflashib qolishi, o‘pka kasaliga chalinishi, yuzlari sarg‘ayib ketishi va boshqa turli kasalliklar kelib chiqishi hammaga ma’lum. Bularning barchasi tamakining juda katta zarar ekanining dalilidir. Islomda esa bir narsaning zarari sobit bo‘lganidan keyin harom bo‘lishi bor. Alloh subhanahu va taolo O‘z shariatida nimani harom qilgan bo‘lsa, o‘sha narsa zararli bo‘lgani uchun harom qilgan. Shuning uchun ham tamaki chekish haromligi haqida fatvo chiqargan ulamolar bu ishning Alloh taoloning Niso surasidagi «Va o‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang», (29-oyat) degan qavliga to‘g‘ri kelishini ta’kidlashgan. Bu gapga qo‘shilgan molikiy mazhabi ulamolaridan shayx Aliysh «Tamakini tashqaridan olib kelganlar bu narsaning zararli ekanini bilgandan keyin bizga olib kelishgan. Chekkan odamning tomog‘iga, o‘pkasiga, jigariga va yuragiga qanday zararlar keltirishini tabiblar bayon qilishgan ekan, bu narsalarning barchasi ochiq-oydin bo‘lib, zarari ko‘rinib turganidan keyin qanday qilib uni halol deb bo‘ladi?» degan savolni o‘rtaga tashlab, tamaki mahsulotlari haromdir, degan fatvoni chiqargan. 4. Tamaki mahsulotlarini chekishda isrof, molni zoe qilish bor. Bu esa Islomda man qilingan. Birovning o‘z puli bor. U shu pulni to‘g‘ri tasarruf qila olmay, behuda sarflab yuboradi. Bunday kishi Qur’on hukmi bilan safih – esipast deb nomlanadi va puli muzlatib qo‘yiladi. Mahkama tomonidan qaror chiqarilib, o‘z pulini o‘zi sarflay olmaydigan qilib qo‘yiladi. Chunki u pulni behudaga sarflab yuboryapti. U nafaqat o‘z pulini, balki jamiyatga foyda beradigan pulni zoe qilyapti. Unga o‘ziga keragi berilib, qolgan puli ushlab turiladi. Bunga hammamiz ittifoq qilganmiz. Lekin tamaki chekuvchi aqli pastlik qilib, molini behuda sarflayapti, nima uchun bunga to‘sqinlik qilmaymiz? Aslida unga nisbatan hukm chiqarib, uni bu harom ishdan qaytarishimiz kerak. Demak, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishda molni zoe, isrof qilish, behuda sarflash borligi uning haromligiga dalil bo‘ladi. Turk sultonligi davrida davlat ulamolardan tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish to‘g‘risida fatvo chiqarib berishni so‘ragan. Shunda ulamolar hammalari to‘planib, «Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish haromdir, bu ishni qiladigan odamlarga jazo tayinlash kerak», degan fatvo chiqarishgan. «Qaerda tamaki mahsulotlari to‘plangan bo‘lsa, kuydirib tashlash kerak», degan gapni aytishgan. Ulamolarning bu fatvosi davlat tomonidan chiqarilgan maxsus bir qaror bo‘lgan. 5. Tamaki mahsulotlarini harom deyishga hujjat-dalillardan yana biri, tamakining hidi badbo‘y, kishiga yoqmaydigan, yonida turgan odamga ozor beradigan darajadagi yomon hid bo‘lganidir. Islomda bunday hidlarning barchasi man qilingan. Misol uchun, «Sarimsoq piyoz, xom piyoz egan odam masjidga bormasin, chunki boshqalarga ozor beradi», deyilgan. Tamakining hidi ularnikidan ham battar. Nima uchun sarimsoq yoki xom piyozdek halol narsani egan odamni «Masjidga kirma», deya ogohlantiramiz-u, tamaki chekkanga bu gapni aytmaymiz? Shu ma’noni e’tiborga olganimizda ham ularning masjidga kirishlarini man qilish kerak bo‘ladi. Ulamolar: «Ko‘pchilikka, farishtalarga ozor etkazadigan narsa sifatida tamaki mahsluotlarini iste’mol qilish harom», deyishgan. Mana shu narsalar o‘tgan asr va balki undan oldingi zamon ulamolari tomonidan chiqarilgan fatvolarga hujjat-dalil qilib keltirilgan. Albatta, mazkur fatvolar chiqqanidan keyin o‘tgan davrda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish nihoyatda zararli narsa ekanligiga ilmiy dalillar, hujjatlar juda ko‘paydi. Mana, anchadan buyon ba’zi yurtlarda tamaki ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelayotgan korxonalar, fabrikalar ko‘pchilikning talabi bilan qonun-qoida asosida qutilarning ustiga «Sog‘liq vazirligi ogohlantiradiki, buni chekish sog‘lig‘ingiz uchun zarardir» degan yozuvni yozib qo‘yishga majbur qilindi. Ko‘pgina davlatlarda yopiq joylarda, binolarning ichida chekish qat’iyan man qilindi. Yana shunga o‘xshash turli-tuman choralar ko‘rilyapti. O‘tgan yillarda Amerikada qancha-qancha odamlar tamaki chekib kasal bo‘lganligi uchun tamaki kompaniyalarini sudga berib, sog‘liqlarini tiklash maqsadida millionlab pullarni undirib olish bo‘yicha mahkama ishlarini yutib chiqqanlari haqida gap bo‘ldi. Ko‘plab yangidan-yangi kasalliklar paydo bo‘layotgani, oqibatda millionlab odamlar hayotdan ko‘z yumayotgani, o‘pka, saraton xastaliklari bilan og‘rigan bemorlar soni kun sayin ortib borayotgani va hokazolar to‘g‘risida butun dunyoda tinimsiz bong urilmoqda. Shuning uchun ham barcha yurtlarda hozir sog‘lom hayot tarzi uchun kurash borasida tamakini tashlash uchun ham harakatlar bo‘lyapti. Mana shularni e’tiborga olib, musulmon davlatlardagi ko‘pgina ulamolar ham bu masalada yangi izlanishlar o‘tkazib, ko‘pchilik ulamolar ishtirokida tamaki mahsulotlari mutlaqo harom ekani to‘g‘risida bahs qilib, hammalari imzo chekkan holda fatvolar chiqarishyapti. Misr Arab jumhuriyatida, Saudiya Arabistonida ana shunday fatvolar chiqib, keng tarqaldi va boshqa mamlakatlarda ham shu tariqa tarqalib boryapti. Nihoyat, tamaki chekishning harom ekaniga ummatning ijmo’si sobit bo‘ldi. Bu esa butun dunyo aholisining, butun insoniyatning salomatligini saqlash, sog‘ligi uchun kurash ma’nosidagi xayrli ishlarning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Shu ma’noda bizlar ham ba’zi bir narsalarni tushundik, anglab etdik. Albatta, bu balolarga oid ma’lumotlarni eshitish, o‘qish, bilish uchun chekuvchi yoki ichuvchi bo‘lish shart emas. Balki chekmaydigan, bu narsadan yiroq bo‘lish baxtiga sazovor bo‘lgan kishilar ham kashandalikning zararlari, insoniyatga salbiy ta’siri haqida kerakli ma’lumotlarni hujjat-dalillari bilan bilib qo‘yishsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Bu bilan bilganlarini boshqalarga aytish, loaqal o‘z farzandlarini, yaqin kishilarini bu zararli illatga mubtalo bo‘lishdan saqlab qolish imkoniga ega bo‘ladilar. Alloh subhanahu va taolo bunday noxush, shariatimiz harom qilgan narsalardan yiroqda bo‘lishimizni nasib etgan bo‘lsin. Ularning ba’zisiga mubtalo bo‘lib qolgan birodarlarimiz bo‘lsa, bu narsalardan xalos bo‘lib, yaxshi holatlarga o‘tib olishlarini nasib qilgan bo‘lsin.

27 Апрел 2022, 15:30 | Савол-жавоблар | 236 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar