Taqdir xaqida

Shayx hazratlari bu axli ummatga qilayotgan xizmatlariz evaziga Alloh ajirini bersin. Hazrat mo‘’min-musulmon inson iymoni mukammal bo‘lishligi uchun taqdirga ham ishonishlik kerakmi? Bir-ikki masalalarda eshitgan edim inson taqdiri tug‘ilishidan 50 ming yil oldin "lavxul maxfuz"da yozib qo‘yilar ekan. Manashu yozilgan taqdiridan inson undan ortiq nafasham bir luqmaham istemol qlaolmas ekan. Endi Bir inson bor Allohga shukur nomozdi kanda qilmaydi shu qatori ro‘zaniham manashu inson taqdirga ishonmaydi yani taqdirdi inson o‘zi yaratadi o‘zi shakilantiradi insondi o‘ziga bog‘liq diydi. Savol shuki inson taqdirga ishonmasa qlayotgan amallari nima bo‘ladi yani taqdirga ishonmagan mo‘’mindi hukmi qanday? (javob uchun oldindan rahmat)
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Qazo va Qadar «Qadar» so‘zi o‘lchov ma’nosini anglatadi. Islom aqiydasida esa Alloh taolo azalda O‘z ilmi va irodasi ila har bir narsani o‘lchovli qilib qo‘yganiga e’tiqod qilishni bildiradi. Ammo ushbu oddiy tushunchaning buzib ko‘rsatilishi oqibatida, qazo va qadar aqiydasiga turli noto‘g‘ri tushunchalar aralashib ketgan. Zamon o‘tishi bilan turli omillar sababli islomiy tushunchalarga har xil buzuq fikrlar, bid’at-xurofotlar aralashib ketgani ma’lum. O‘sha islomiy tushunchalar ichida eng ko‘p buzilgani, hatto teskari ma’noga aylanib ketay degani, qazo va qadar tushunchasi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Aslida esa bu aqiyda juda sof va oson tushuniladigan narsadir. Ulamolarimiz «qazo» va «qadar»ni quyidagicha ta’riflaydilar: «Qazo – Alloh taoloning hamma narsalarning kelajakda qandoq bo‘lishini azaldan bilishidir». «Qadar – o‘sha narsalarning Allohning azaliy ilmiga muvofiq ravishda vujudga kelishidir». Ahli sunna va jamoa mazhabiga binoan balog‘atga etgan musulmonga Alloh taolo bandalarning hamma ishini maxluqotlarga bog‘liq narsalarning hammasini avvaldan bilishiga iymon keltirishi vojib bo‘ladi. Qazo va qadar aqiydasi, Allohga iymon keltirish asosidagi Islom aqiydalaridan biri hisoblanadi. Bu aqiyda, to‘g‘ri ma’rifat asosida Alloh taoloni kamol sifatlari bilan sifatlashga asoslangandir. Ana o‘sha sifatlarning biri – Allohning ilmi, u ilmning chegarasizligi, Alloh irodasining shomilligi va qudratining komilligidir. Qazo va qadar aqiydasi, Allohning ana shu sifatlariga asoslangan aqiydadir. Shuning uchun ham qazoi-qadarga iymon bo‘lmasa, Allohga bo‘lgan iymon tugal bo‘lmaydi. Darhaqiqat, Alloh taolo hamma narsani biladi. Uyasi ichida g‘imirlayotgan chumolining harakatini-yu, o‘z falakida harakat qilayotgan sayyoralarni ham biladi. U zotning ilmidan hech narsa g‘oyib bo‘lmaydi. Alloh taolo dunyodagi har bir zarrani ham va uning harakatini ham bilib turadi. Shuningdek, Alloh taolo qiyomatgacha nima bo‘lishini ham biladi. Agar ularni bilmasa, U zotning sifati kamoliyasiga nuqson etgan bo‘ladi. Ana o‘sha ilohiy ilm «qazoi-qadar» deb ataladi. Bunda johil kishilar o‘ylaganidek, Alloh tomonidan bandani majbur qilish yo‘q, Balki, Alloh taolo tomonidan banda nima qilishini oldindan bilish bor. Chunki Allohning ilmi chegara bilmasdir. Ulamolarimiz bu tushunchani oson fahmlash uchun quyidagi misolni keltiradilar. Kayfiyatingiz yomon bo‘lib turgan paytda oynaga qaradingiz. Aksingizni qavog‘ingiz soliq, peshonangiz tirishgan, achchig‘ingiz chiqqan holda ko‘rdingiz. Ana o‘shanda oynadan o‘pkalashga haqingiz bormi? Bu oyna menga jabr qildi, meni yomon kayfiyatga tushirdi, deya olasizmi? Albatta, yo‘q. Oyna sizdagi bor narsani o‘zingizga ko‘rsatdi, xolos. Qovog‘ingiz solinishiga, peshonangiz tirishishiga va achchig‘ingiz chiqishiga uning hech daxli yo‘q. Qazoi qadar ham shunday! U bandalarning fikrlari va amallarini Allohning O‘z ilmi azaliysi ila bilishi, xolos. Yana boshqa bir misol. Ustoz o‘z shogirdlarining ilmiy saviyasini yaxshi biladi. Imtihon savollarini yozgan paytda falonchi «a’lo» baho oladi, pistonchi «yaxshi», deb aytdi. Imtihon natijasi ustoz aytganidek chiqdi. Shogirdlar ustoz aytgan gap uchun mazkur natijaga erishdilarmi? Yoki ustozning o‘z tajribasiga asoslangan ojizona ilmi ularni o‘sha baholarni olishga majbur qildimi? Albatta, Allohga hech qanday o‘xshash yo‘q. Lekin tushunish uchun keltirilgan shu misoldan ham qazoi-qadarda bandani biror narsaga majburlash yo‘qligini anglab olishimiz zarur. Ojiz inson o‘ziga qarashli narsalarda shunchalik ilmga ega bo‘lsa, nima uchun qudratli Alloh, cheksiz ilm sohibi bo‘lgan zot, azaldan hamma narsani bilmasligi kerak? O‘tgan ulamolarimizdan al-Xattobiy quyidagilarni aytadilar: «Ko‘pchilik odamlar qazo va qadarni Alloh taolo tomonidan O‘zi taqdir qilib qo‘ygan ishlarga bandani qahr ila majbur qilish, deb hisoblaydilar. Ularning bu fikrlari noto‘g‘ridir. Qazo va qadarning ma’nosi, bandalarning kelajakda bo‘ladigan ishlarini Alloh tomonidan muqaddam bilib turilishidir».      Ushbu e’tiqodni tan olmagan odamning musulmonligi qolmaydi.

27 Апрел 2022, 18:45 | Савол-жавоблар | 177 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar