Junub holida namoz o‘qish

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar ayrim hollarda bomdod nomoziga junub holimda uyg‘onaman. G‘usl qilishga ayrim ba’zan imkon yo‘q. Chunki biz tarafda gaz yo‘q, issiq suv bo‘lgani bilan hammom sovuq bo‘ladi. Agar g‘usl qilsam shamollab qolish xavfi bor. Aytingchi shu hollarda g‘usl qilishga imkon bo‘lguncha tahorat qilib nomoz o‘qib tursam bo‘ladimi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Farzni ado qilishga olib boradigan sabablarni tayyorlash farz, vojibni ado qilishga olib boradigan sabablarni tayyorlash esa vojibdir. Bu fiqhiy qoidadir. Odatda qishloq joylarida ayollarning odat qonlari to‘xtasa, yuvingani joyi bo‘lmaydi. Ular kech tushishi yoki hovlida odamlar kamayishini kutadilar. Natijada bir necha vaqt namozlarini qazo qiladilar. Shuningdek yigitlar ham g‘usl vojib bo‘ladigan bo‘lsa to hammomga borgunlarigacha yuraveradilar. Buning tadbirini ko‘rish birinchi o‘ringa qo‘yilishi kerak bo‘lgan muammodir. Yuqoridagi qoidaga binoan inson g‘usl vojib bo‘lishni boshlar ekan, g‘usl qiladigan joyni tayyorlash vojib hisoblanadi. Tashqaridagi hammom sovuqlik qilsa, uyning ichkarisiga kichik bir cho‘miladigan joy qilish zarur bo‘ladi. Sovuq. Qattiq sovuq tufayli joniga yoki biror a’zosiga zarar etishidan yoxud bemor bo‘lib qolishidan qo‘rqqan odam suvni isitish imkonini topmasa,(yoki issiq suvda cho‘milsa ham zarar qiladigan bo‘lsa) tayammum qilishi joiz. عَنْ عَمْرِو بْنِ العَاصِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: احْتَلَمْتُ فِي لَيْلَةٍ بَارِدَةٍ فِي غَزْوَةِ ذَاتِ السَّلَاسِلِ، فَأَشْفَقْتُ أَنْ أَغْتَسِلَ فَأَهْلِكَ، فَتَيَمَّمْتُ ثُمَّ صَلَّيْتُ بِأَصْحَابِي الصُّبْحَ، فَذَكَرُوا ذَلِكَ لِلنَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم فَقَالَ: «يَا عَمْرُو، صَلَّيْتَ بِأَصْحَابِكَ وَأَنْتَ جُنُبٌ؟» فَأَخْبَرْتُهُ بِالَّذِي مَنَعَنِي مِنَ الْاِغْتِسَالِ وَقُلْتُ: إِنِّي سَمِعْتُ اللهَ يَقُولُ: ﮋ وَلاَ تَقْتُلُواْ أَنفُسَكُمْ إِنَّ اللّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا  ﮊ، فَضَحِكَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم وَلَمْ يَقُلْ شَيْئًا. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالْبُخَارِيُّ Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Zotus Salosil g‘azotida sovuq kechada ehtilom bo‘lib qoldim. Fusl qilsam halok bo‘laman, deb qo‘rqib tayammum qildim. So‘ngra sheriklarimga bomdod namozini o‘qib berdim. Ular buni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga zikr qildilar. Ul zot: «Ey Amr, junub bo‘lib turib sheriklaringga namozga o‘tdingmi?» dedilar. Men o‘zimni g‘usl qilishdan man qilgan narsaning xabarini u zotga aytdim va: «Allohning «O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga o‘ta mehribondir», deganini eshitganman», dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuldilar va biror narsa demadilar». Abu Dovud va Buxoriy rivoyat qilishgan. (“Kifoya” kitobidan). Vallohu a’lam.

27 Апрел 2022, 20:34 | Савол-жавоблар | 173 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar