So‘galning davosi

Assalomu alaykum! Qizimnning qo‘liga so‘gal chiqqandi, uni ketkazish maqsadida dorixonadan “chistotel” degan suyuqlik olib surtgandim. Ketkazish o‘rniga bir nechta mayda so‘gallar toshib ketdi. Qarindoshlar, «so‘galning davosiga "So‘galli ota"dagi qabristondan olingan tuproq surtilsa 1 haftada ketkazadi» deb maslahat berishayapti. Bu tuproqning tarkibida so‘galni quritadigan qandaydir moddalar bor emish. Allohdan shifo so‘rab bu ishni qilish mumkinmi yoki bu irim qilish bo‘lib qoladimi? Noo‘rin savol bergan bo‘lsam uzr so‘rayman. Maqsad bilmaganni so‘rab, bilimni oshirish va albatta shirkdan uzoq yurish. Javobingiz uchun rahmat. Alloh rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! So‘galning eng yaxshi davosi shotutning bargini uzib, undan chiqqan oq sutni surtish kerak. Bu tajribadan ko‘p bor o‘tkazib ko‘rilgan muolajadir.
Kesak bilan istinjo qilish shariatimizda mustahab hisoblanadi. Hozirgi tibbiyot ham kesak ba’zi infektsiyalarni o‘ldirishini tasdiqladi. “Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bemor kishiga : “Allohning ismi bilan erimizning tuprog‘i ba’zimizning tupugi bilan bemorlarimizga shifo bo‘ladi. Robbimizning izni bilan” der edilar. (Imom Buxoriy rivoyati). Boshqa rivoyatlarda ushbu duolarni qilib, tupugini barmoqlariga olib, o‘sha barmoqlarini tuproqqa tekkizib, ba’zi bir yara va jarohatlarga surtar edilar” deyilgan. Shu hadisga binoan tuproqni ba’zi bir jarohatlarga shifo bo‘lishi mumkin. Vallohu a’lam.

27 Апрел 2022, 20:34 | Савол-жавоблар | 167 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar