Til bilan ozor berish

Assalomu alaykum! Bir odam boshqa odamni oldida turib tinmay kesatib tili bilan ozor bersa, unga nisbatan gap bilan yoki kuch bilan javob kaytarsa bo‘ladimi? Axir har qanday narsani chegarasi bo‘ladiku? Oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِAbdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Musulmon – musulmonlar uning tilidan va qo‘lidan salomat bo‘lgan odamdir. Beshovlari rivoyat qilishgan.Sharh:  «Musulmon – musulmonlar uning tilidan va qo‘lidan salomat bo‘lgan odamdir» degan jumladan «musulmonlarga tili va qo‘li bilan ozor etkazgan odam musulmon bo‘lmaydi» degan ma’no chiqmaydi. Bu ta’riflardagi gaplar «falonchini odam desa bo‘ladi», «falonchi – haqiqiy odam» qabilidagi gapga o‘xshaydi. Islomning besh ruknlariga amal qilgan odam musulmon hisoblanaveradi. Ammo musulmonlarga ozor bermagan, ularga tili va qo‘li bilan zarar etkazmagan odam afzal musulmon bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning afzal musulmonni bunday ta’riflashlarida oz so‘z bilan ulkan ma’noni anglatish, lug‘at boyliklaridan ustalik bilan foydalanishning oliy maqomlari o‘z aksini topgandir. Islom, musulmon so‘zlari «salomatlik» «tinchlik» ma’nolarini ifoda etadi. Shuning uchun musulmon–o‘zga odamlar uning yomonliklaridan tinch va salomat bo‘lgan shaxs, deyilmoqda. «Tilidan va qo‘lidan» deyilganda faqat shu ikki a’zo ko‘zda tutilgan emas. Odatda, odamlarga ko‘pincha til va qo‘ldan zarar, ozor etadi. Ammo bundan boshqa uslub va yo‘llar bilan ham ozor berish yaxshi emas. Kim bu ishni qilsa, musulmonlik fazlini yo‘qotadi. Ushbu hadisdan olinadigan foydalar: 1. Musulmonlarga ozor va yomonlik etkazmaslikka harakat qilish. Chunki, kim musulmonlarga xoh tili bilan, xoh qo‘li bilan, xoh boshqa yo‘l bilan ozor etkazsa, yomonlik qilsa, u musulmonlik fazlidan mahrum bo‘ladi. 2. Odamlarning joniga, qoniga va molu mulkiga ko‘z olaytirmaslik. Kim boshqalarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotsa, odamlar undan jonlari uchun, mollari uchun xavfsiray boshlasa, mo‘minlik fazilatini yo‘qotgan bo‘ladi. Ushbu hadisi sharifning hikmatlari bugungi kunimiz uchun qanchalik muhim ekanligini gapirib o‘tirishga hojat bormikan? Hozirgi kunda jamiyatlar tili va qo‘li bilan yomonlik etkazmaydigan musulmonlarga qanchalar muhtoj. Yakka shaxslar orasidagi muomalalarga qarasangiz, musulmon musulmonga turli yo‘llar bilan ozor berayotganini ko‘rasiz. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muhojirlik maqomiga erishish yo‘lini osonlashtirib, Alloh taolo qaytargan narsalardan qaytgan odam ham muhojir bo‘lishini e’lon qilib qo‘yibdilar. O‘zi shunday ham Alloh qaytargan har bir narsadan qaytish musulmon bandaning burchi edi. Ammo bu burchni mehr ila, shafqat ila bajargan odamga yuksak mukofot – muhojirlik maqomi e’lon qilinibdi. Xo‘sh, musulmonlar bu mukofotga qanchalik intilmoqdalar?! Alloh taolo qaytargan narsalardan qanchalik qaytmoqdalar? Alloh taolo musulmonlarni yolg‘ondan, haromdan, aroqdan, zinodan, zulmdan, o‘g‘rilikdan, aldamchilikdan va boshqa ko‘pgina narsalardan qaytargan. Agar ushbu hadisga amal qilganimizda, ushbu razolatlar jamiyatimizda mutlaqo bo‘lmas edi. Mo‘minlik qanday yaxshi narsa! Mo‘minni ko‘rgan odam undan xursand bo‘ladi, unga havas qiladi. Mo‘minligi uchun unga jonini, molini ishonadi. Chunki mo‘minlik omonlik timsolidir. Afsuski, hozirda mo‘minlik da’vosini qilib yurgan ayrim kishilarning qilmishlaridan dinga yangi yuzlanganlar nafratlanib, hatto dindan qaytib ketgan hollari sodir bo‘lmoqda. Islom ta’limotlaridan, Payg‘ambar alayhissalom sunnatlaridan uzoqlashishning oqibati shu! Vallohu a’lam!

27 Апрел 2022, 23:13 | Савол-жавоблар | 168 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar