Sud-med ekspertiza kasbida ishlash

Assalomu alaykum! Favqulotda vafot etib qolgan odamni sud-med ekpertizaga olib borishadi. Bunda odamni ichini yorib ko‘rib odam nimadan o‘lganligiga xulosa beriladi. Men sud ekspertizasida ishlamoqchi edim bu qanchalar to‘g‘ri? Ishlasam bo‘ladimi? Aynan tanotalogiya(ya’ni odam yoradigan) bo‘limida?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Murdaning tanasini yorish  Murdaning tanasini yorish bo‘lajak jarrohlar operatsiyani o‘rganishlari uchun mashg‘ulot o‘tgazishlarining zarurati,  jinoyat va unga aloqador ishlarni tafsilotiga erishish,  o‘limning sabablarini aniqlamoq zarurati bor.
Islom dini marhumning tanasini musla(insonning quloq, burun, oyoq va qo‘llarini kesish, ko‘zini o‘yib olish) va o‘yin qilmoqqa ijozat bermaydi. Shunday bo‘lsa murdani yorish ishiga shariy’at nima hukm qiladi?
Ko‘plab fiqh akademiyalari va fatvo qo‘mitasidan bu ishning joizligiga fatvo kelgan. Bu ruxsat ham shar’iy maslahat taqozo qilgan vaqtgagina  tegishlidir.
Agar murdani yorib ko‘rish musulmonlar foydasiga bo‘lsa, masalan tibbiyot o‘quv yurtlarida jarrohlikka tayyorlanish, murdaning jasadidan baxs munozara va tekshiruvlar qilish, murdaning a’zolaridan inson tanasining tuzilishi va ichki a’zolarining joylashgan o‘rni, kasallikni o‘rni, og‘ir yoki engilligini bilish, kelib chiqishi, kasallik  jarayoni va oqibatlarini  yaxshi o‘rganish va kelajakda bemorlarga sifatli muolaja ko‘rsatish uchun bo‘lsa bas, bu niyatda  joiz.
Shuningdek  jinoyatni ishini ochib tashlash uchun marhumning tanasini yorib ko‘rish zarur bo‘ladi. Jinoyat sababi, jinoyat vositasi, jinoyat joyi, jinoyatchining xulqini  o‘rganib uni topib, marhumning egalariga ularning haqlarini berish uchun  ham marhumning tanasini yorib ko‘rishga ruxsat beriladi.
Qur’on va hadisda marhumning tanasini yorish borasida ochiq hukm mavjud emas. Lekin fiqh kitoblarida buning o‘xshashlari kelgan.
1. Homilador marhumning homilasini tirik bo‘lmog‘ini umidi bo‘lganda uning qornini yorish mumkin bo‘lganidek, ilm hosil qilmoq uchun marhumni yorib ko‘rishga ruxsat beriladi.
2. Homiladorni bolasini bo‘laklab bo‘lsada chiqarib olmoqda onaning tirik qolmog‘ini umidi bo‘lsa bolani olishga ruxsat bo‘lganidek, ilm hosil qilmoq uchun marhumni yorib ko‘rishga ruxsat beriladi.
3. Biror murda tirikligida o‘zganing molini tortib olib yutib yuborib keyin o‘lib qolsa, o‘sha molni egasiga qaytarib berish uchun uning qornini yorishga ijozat bo‘lganidek, ilm hosil qilmoq uchun marhumni yorib ko‘rishga ruxsat beriladi.
Bu yuqoridagi uch suratda tiriklar rioyasi va ularning foydasini ko‘zlab marhumlarni tanasini kesish va yorishga ruxsat berilganligidan, tiriklarning barcha manfaatlarini ko‘zlab  bu ishga ruxsat berilaganidir. Natijada tiriklarga sifatli muolaja nasib bo‘ladi.
Saudiya Arab Mamlakatining katta ulamolari fatvo hay’ati va Makkai Mukarramadagi Islom fiqhi akademiyasining bu uch suratni joizligiga fatvolari bor.  
Yuqorida marhumni yorishga berilgan ruxsatlar ham bir necha shartlar bilan qaydlangan.
1. Marhumni yorish uning vafot topgani aniq bo‘lganidan keyin bo‘ladi.
2. Marhumni yorish faqat qattiq zarurat, ilm hosil qilish, kasallikni o‘rganish va jinoyat izini topish uchun bo‘lsa  joiz bo‘ladi.  
3. O‘sha shaxsning o‘zi vafotidan avval yoki egalari vafotidan keyin ruxsat bergan bo‘lishlari kerak.
4. Jasadga nisbatan hurmatsizlik va musla  qilinmasligi kerak.  
5. Jasadni o‘rganib bo‘lib uning barcha a’zolarini bir joyga jamlanmog‘i va hurmat bilan dafn qilinmog‘i lozim.
Arab dunyosi va fiqh akademiyasi ulamolaridan nomlarining ro‘yxati uzun bo‘lib ketganlarining ham fikri bu ishning joizligigadir. Muhaqqiq olimlardan ba’zilari joiz emas deydilar Bu marhumni yorib ko‘rishni joiz emas deganlar ro‘yxatida arab olimlari bilan birga Hindistonlik Hazrat Mavlono Burhoniddin Sohib Sanbaliy ham  borlar.
Dalillari.
Alloh taolo Isro surasi 70 oyatda وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِىٓ ءَادَمَ "Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik" degan.
Bu izzat va ikrom o‘lik va tirikning har ikkoviga barobardir. O‘likni yorish va tanasini bo‘laklashda butun insoniyatni ikromining xilofi va ziddi bor. Muslaning joiz emasligining dalillaridan biri Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadisdir.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam اغزوا و لا تغلوا, و لاتغدروا, و لاتمثلوا  “G‘azot qiling! Haddan oshmang! Xiyonat qilmang! Musla  qilmang!” dedilar.
Musulmonning jismini kesmoq, yormoq uni musla qilmoqdir va bu ish yuqoridagi hadisdan tushunilgan qaytariq ostiga kiradi.

Imom Molik “Muvatto” kitobida Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar. كسر عظمه ميتا ككسره و هو حي. قال مالك: تعني في الاثم Oisha roziyallohu anho: “Inson suyagini uning o‘lik holatida sindirmoq(ham) go‘yoki tirikligida sindirmoqdek” dedilar. Imom Molik: “Oisha  roziyallohu anho gunohi birdek bo‘lishini nazarda tutdilar”  deydi.  

Hadis shayxi mavlono Muhammad Zakariyo Sohib quddisa sirruh ushbu hadis sharhida: “Bu hadisning natijasi marhumning suyagi ham tirikning suyagidek hurmatli ekanidir. Tirikning suyagini sindirganda qasos yoki diya vojib bo‘lmog‘i, o‘sha suyak egasi tirik bo‘lgani uchun edi. Marhumni suyagini sindirib qo‘yganga diya yoki qasos vojib bo‘lmasligi unda hayot yo‘qligi uchun xolos. Hurmatsizlik qilib sindirgani uchun gunohkor bo‘ladi. Imom Tiybiy: “Bu gapda inson suyagi tirikligida xor qilinmaganidek, vafotidan keyin ham xorlanmasligiga ishora bordir” deydilar” dedi.  
Roddul muhtor kitobida الآدمي مكرم شرعا و ان كان كافرا. والمراد تكريم صورته و خاقته. وكذا لم يجز كسر عظام ميت كافر “Odamzot kofir bo‘lsa ham Islom shari’ati nazarida mukarram(ulug‘)dir. Bu degani uning surati va xilqati (shakl shamoili, borlig‘i, turishi bir inson sifatida) hurmatga loyiqdir degani bo‘ladi. Shuningdek vafot etgan kofirning suyagini sindirmoq(ham) joiz bo‘lmaydi” deb keltiriladi.  
 Bu oyat va hadislardan tibbiy maqsadlar uchun ham marhum tanasini yormoq mumkin emasligi xulosa bo‘lmoqda.                         Inson tirikligida ehtiromga loyiq bo‘lganidek, vafotidan keyin ham ehtiromga loyiq bo‘ladiki uni kesib, yorib bo‘laklamoq xorlashlikning ayni o‘zi bo‘ladi.  
Tibbiy tajriba maqsadida inson tanasiga yaqin bo‘lgan jussali hayvonlardan foydalanmoq imkoni bor.
Qotillik ishini ochish, qotilni topish uchun  jasadni yorish doim ham kutilgan natijani berolmaydi. Shuning uchun bunga ham shariy’at yuzasidan ijozat berilmaydi.
Qonun  e’tiboridan (sudmedekspertiza) marhumni yorish majburiy bo‘lsa yorib ko‘rishga ruxsat beriladimi?
Hazrat mavlono muftiy Kifoyatulloh  sohib: “Agar birov musulmonobod bo‘lmagan bir yurtda yashasa va o‘sha yurtda murdani yorish qonuniylashtirilgan bo‘lsa, musulmonlar bu qonunni bekor qilishni harakatini qilsinlar. Agar uddasidan chiqa olmasalar va hukumat bu ishni qonunni ro‘kach qilib majburiy ravishda amalga oshiraversa musulmonlar uzrlidirlar” deydilar.    Murdalarni yorish (anatomiya) kasbi qanday kasb? Halolmi?  Jarrohga kasb nuqtai nazaridan zaruratan murda yorish ishi to‘g‘ri kelib qolsa bu ishni joiz sanab qilib ketavermasin. Bajarish lozim bo‘lgan taqdirda istig‘for aytib olsin. Boshqa kasb qidirishga harakat qilsin. Boshqa ish topilgunicha bu ishida davom etib tursin. Birinchi imkoniyat blishi bilan bu ishini tark qilsin.
Qoida. من ابتلي ببليتين فليختر اهونهما Kim ikki baloga yo‘liqsa engilrog‘ini ixtiyor qilsin. 

Murdani yorishlik bir gunoh, qaramog‘idagi nafaqasi zimmasiga vojib bo‘lganlarni o‘zgalar yordamiga  muhtoj holatga tushirib qo‘yish bir gunoh.  
Ya’ni bir kasb topib, unga ko‘nikib, daromadga kirib qaramog‘idagilarning tasarrufiga qodir bo‘ladigan darajaga etib olgunicha avvalgi ishida bo‘lib tursin.
Bir qancha doktorlar bilan muzokara va munoqashalardan keyin faqir (ya’ni men Abu Bakr Jobir Qosimiy) quyidagi natijaga etishdim.
O‘rganish uchun ham vafot inson tanasini yormoq mumkin emas. Balki sun’iy inson jussasi va mohir tabib qo‘l ostida turib ham o‘rganish mumkin.
Hozirgi kunda tibbiyot oliygohlariga yorib o‘rganish uchun olib kelingan jasadlarga o‘ta darajada hurmatsizlik qilinmoqda. Talabalar marhumlarning jasadlarini o‘yin qilmoqdalar. Marhumlarning avratlari keraksiz hollarda ham ochiq qolmoqda. Yopib qo‘yishga bir parcha mato ham yo‘q. Hatto tajriba  o‘tkazib bo‘linganidan keyin suyaklarini sotib yubormoqdalar. Ma’lum bo‘ldiki yorib ko‘rish  uchun inson tanasining mavjud  bo‘lishi shart emas ekan. Shu o‘rinda Hazrat Mavlono Burhoniddin Sohib Sanbaliyning fikri ustunligi ma’lum bo‘ldi. Ayol kishining tanasini yorish Agar qotillik ishini ochish  yoki kasallikni o‘rganish uchun ayol kishining tanasini yorish mohir tabiba(ayol)larga topshiriladi.  
Agar mohir tabiba(ayol)lar topilmay erkaklar bajarmasligi imkonsiz bo‘lsa, o‘sha ayolning eri yoki biror mahrami bu ish davomida ishtirok etmoqlari  lozim.   Tanani yorish amaliyoti davomida  erkak jarroh zarurat darajasida ayol tanasiga qaraydi va ushlaydi. Ushlash esa tibbiy qo‘lqop orqali bo‘lmog‘i darkor.
Amaliyot jarayonida erkak va ayol jarrohlarning aralashib ketmoqlari ham joiz emas.
Islom Olami Robitasining  Islom Fiqhi Akademiyasi o‘zining hijriy 1405.05.06 sanasida Makkai Mukarramada tashkil etgan sakkizinchi majlisida بعدم التشريح جثث النساء من قبل الاطباء مستقلا “Yolg‘iz erkak jarrohlar tarafidan ayollarning tanasi yorilmasligini”  qaror qiladi.
Islom Olami Robitasining  Islom Fiqhi Akademiyasi o‘zining milodiy 1987.10.17 dan 1987.10.20 gacha bo‘lgan sanasida Makkai Mukarramada tashkil etgan o‘ninchi majlisida بان جثث النساء لايجوز ان يتولا تشريحها غير طبيبات المختصات الا اذا لم يوجدن “Albatta, ayollarning tanasini yorish ishiga mutahassis  ayol jarrohlardan o‘zga birorta erkaklar bosh-qosh bo‘lishlari joiz emas. Agar mutahassis ayol jarroh topilmasa erkaklarga bu ishni bajarmoqlari joiz”  deb qaror qiladi. Vallohu a’lam!

27 Апрел 2022, 23:21 | Савол-жавоблар | 164 | Tabobat
|
Boshqa savol-javoblar