Sami Yusufning nashidi haqida

«Haq bilan nohaqni ko‘rsatdingiz,
Kuchli bo‘lishni o‘rgatdingiz,
Sizga doimgidan ham muhtojman, yo Rosululloh.
Eng muhtoj vaqtimda keldingiz,
Sizga doimgidan ham muhtojman, yo Rosululloh.
Yuragimni muhabbat bilan to‘ldirdingiz,
Yuqoridan menga nur ko‘rsatdingiz,
Mening chin muhabbatimsiz,
Tanqid qilmaslikni o‘rgatdingiz,
Faqat siz bilan bo‘lishni istayman»
Kecha instagramda shu sozlar yozilgan suratni ko‘rib qoldim. Bu Sami Yusuf degan kishining «You came to me» degan nashidini tarjima qilingani edi. Bu nashid menga juda yoqadi, judayam ta’sirli yozilgan, eshitsam doim ko‘zimga yosh keladi. Lekin o‘sha suratdagi kommentda bir inson «bu so‘zlarda shirkka olib boruvchi gaplar bor, rasululloh bizni eshitmaydilar, sahobalar hech qachon bunday she’r, munojotlar yozishmagan, agar mumkin bo‘lganda, sahobalar qilishgan bo‘lardi…» deb yozipti. Haqiqatan ham bu so‘zlarda shirk bormi? Shunga o‘xshagan nashid va salovatlarni eshitib yursam menga gunoh bo‘lmaydimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! “Yo, Rasululloh” deyish Bu boradagi mashhur masala shuki, “Yo, Rasulalloh”, “Yo, Aliy”, “Yo, pirim” deyish joizmi yoki joiz emasmi? “Yo, Rasulalloh” deyishning bir necha suratlari bo‘lib, barchasining hukmi bir emas. O‘sha suratlardan biri shuki, shoirlar o‘zlarining xayolot olamida hech qanday aqidasiz shamol, tog‘u tosh, o‘t-o‘lan, dov-daraxtlarga xitob qiladilar va bu hayoliy parvoz hisoblanadi hamda unga shar’iy hukm joriy bo‘lmaydi. Shuningdek, shoirlarning o‘z she’rlarida xayoliy tarzda Payg‘ambarimizga xitob qilishlari ham joiz va durust hisoblanadi. Ikkinchi surat shuki, oshiqlar o‘z mahbublariga xitob qilganlari kabi o‘z muhabbatlarini izhor qilish uchun “Yo, Rasulalloh” deb xitob qiladilar. Voqelikda, bu bilan Payg‘ambarimizni chaqirishlik maqsad bo‘lmaydi. Oshiqlarni bunday xitoblari e’tiqodlari fosid bo‘lmaslik sharti bilan joizdir. Uchinchi surati shuki, bir shaxs “As-solatu vas-salamu alayka ya Rasulalloh” deb, durud o‘qib, farishtalar ushbu durudi sharifni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga etkazishadi degan etiqodni qiladi. Bunday fe’lni joiz emas deb aytib bo‘lmaydi. Chunki, Nabiy solallohu alayhi vasallam o‘zlari bu haqda shunday irshod qilganlar: عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: " مَا مِنْ عَبْدٍ يُسَلِّمُ عَلَيَّ عِنْدَ قَبْرِي إِلَّا وَكَّلَ اللهُ بِهَا مَلَكًا يُبَلِّغُنِي، وَكَفَى أَمْرَ آخِرَتِهِ وَدُنْيَاهُ وَكُنْتُ لَهُ شَهِيدًا وَشَفِيعًا يَوْمَ الْقِيَامَةِ " Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Biror bir banda qabrim oldida salom bersa, Alloh taolo uni menga etkazadigan bir farishtani vakil qiladi va oxirati hamda dunyosi ishiga kifoya qiladi va men u uchun qiyomat kuni guvoh hamda shafoatchi bo‘laman” dedilar” (Sha’bul iymon). عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: " مَنْ صَلَّى عَلَيَّ عِنْدَ قَبْرِي سَمِعْتُهُ، وَمَنْ صَلَّى عَلَيَّ نَائِيًا أبْلغْتُهُ " Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim qabrim oldida menga solavot aytsa, uni eshitaman. Kimki uzoqdan menga solavot aytsa, u menga etkaziladi” dedilar” (Sha’bul iymon). عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَا مِنْ أَحَدٍ يُسَلِّمُ عَلَيَّ إِلاَّ رَدَّ اللهُ عَلَيَّ رُوحِي حَتَّى أَرُدَّ عَلَيْهِ السَّلاَمَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالبُيْهَقِيُّ. Abu hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga salom bersa, albatta, Alloh menga ruhimni qaytaradi va men unga alik olaman”, dedilar”. Abu Dovud va Bayhaqiy rivoyat qilishgan. وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لاَ تَجْعَلُوا بُيُوتَكُمْ قُبُورًا وَلاَ تَجْعَلُوا قَبْرِي عِيدًا وَصَلُّوا عَلَيَّ فَإِنَّ صَلاَتَكُمْ تَبْلُغُنِي حَيْثُ كُنْتُمْ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ. Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uylaringizni qabrlar qilib qo‘ymang. Mening qabrimni iydgoh qilib olmang. Menga salovot ayting, albatta, qaerda bo‘lsangiz ham, sizning salovotingiz menga etadi”, dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan. عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ ( « إِنَّ لِلَّهِ مَلاَئِكَةً سَيَّاحِينَ فِى الأَرْضِ يُبَلِّغُونَنِى عَنْ أُمَّتِى السَّلاَمَ » . Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo uchun erda sayr qilib, ummatimning salomini menga etkazadigan farishtalar bor” dedilar” (Abu Dovud rivoyati). Uzoqdan turib Payg‘ambarimizga solavotu salom etkazishda Rasululloh tomonidan irshod qilingan solavotlarni ixtiyor qiling. Garchi, aqidangiz buzuq bo‘lmasada g‘oibona solavotda xitob sig‘asini ixtiyor qilmang. Shuningdek, ushbu fe’l orqali boshqa odamlar aqidasida buzuqlik paydo bo‘lmasada solavotda “Yo, Rasulalloh” deb xitob qilmaslik avlodir. Agar boshqa kishilar e’tiqodini buzilishiga ta’sir qilsa, uni aytmaslik batariqa avlo yo‘lga ko‘ra bo‘ladi. To‘rtinchi surati shuki, Alloh taolo barcha maxluqotlarning so‘zlarini har joyda eshitib turgani kabi Rasululloh ham har joyda hoziru nozir va har shaxs tarafidan aytilgan so‘zni eshitadilar degan niyatda “Yo, Rasulalloh” deyish durust emas. Bunday deb e’tiqod qilish xato bo‘lib, na Qur’oni karimda, na hadisi sharifda va na hanafiy fiqhida unga ruxsat berilgan. Sohabai kiromlar bu borada juda ehtiyot bo‘lganliklari kuzatiladi: عَبْدُ اللَّهِ بْنُ سَخْبَرَةَ أَبُو مَعْمَرٍ قَالَ سَمِعْتُ ابْنَ مَسْعُودٍ رضي الله عنه يَقُولُ عَلَّمَنِي رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَكَفِّي بَيْنَ كَفَّيْهِ التَّشَهُّدَ كَمَا يُعَلِّمُنِي السُّورَةَ مِنْ الْقُرْآنِ التَّحِيَّاتُ لِلَّهِ وَالصَّلَوَاتُ وَالطَّيِّبَاتُ السَّلَامُ عَلَيْكَ أَيُّهَا النَّبِيُّ وَرَحْمَةُ اللَّهِ وَبَرَكَاتُهُ السَّلَامُ عَلَيْنَا وَعَلَى عِبَادِ اللَّهِ الصَّالِحِينَ أَشْهَدُ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ وَهُوَ بَيْنَ ظَهْرَانَيْنَا فَلَمَّا قُبِضَ قُلْنَا السَّلَامُ يَعْنِي عَلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ. Abdulloh ibn Sabxara Abu Ma’mardan rivoyat qilinadi: “Ibn Mas’ud roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kaftim U zotning ikki kaftlari orasida turgan holatda Qur’ondan bir surani menga o‘rgatganlari kabi tashahhudni o‘rgatdilar: at-Tahiyyatu lillahi vas solavotu vat toyyibaat as-salamu alayka ayyuhan Nabiyu va rahmatullohi va barakaatuh, as-salamu alayna va a’la ibadillahis solihiyn. Ashhadu an laa ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh. U zot (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam) oramizda edilar. Qabz qilingach: “As-salamu alan Nabiyyi sollallohu alayhi vasallam” dedik”, deyayotganlarini eshitganman” (Buxoriy rivoyati). Sahobalar xitob siyg‘asi bilan “at-Tahiyyat”da Payg‘ambarimizga solavot aytishlarida Rasululloh har joyda hozir va har shaxsning salomini eshitadi degan e’tiqodda bo‘lmaganlar. Balki, ushbu xitob sig‘asi me’roj kechasida Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytgan salomini hikoya qilishdir, deb tushunganlar. Beshinchi surat, Rasulullohning ravzai mutahharalari oldiga kelib “as-Solatu vas salamu alayka ya Rasulalloh” deyishdir. Bu surat joizdir. Chunki, Payg‘ambarimiz har bir ziyoratchining solavotu salomini eshitadilar va unga javob qaytaradilar. Yuqorida bir necha suratlarning bayoni va hukmi zikr qilindi. Endi, qaysi bir inson nima niyatda, qanday holatda va qaysi maqsadda “Yo, Rasulalloh” deyayotganini eshitib, u borada hukm ayta olasiz. Shu erda bu masala zimnidagi ikki masalaga e’tibor berish lozim. Ulardan biri shuki, shia vakillari “Yo, Aliy” deb xitob qiladilar va ba’zi odamlar ularga taqlid qilib, “Yo, Rasulalloh”, “Yo, G‘avs” deydilar. Lekin, bunday holat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar va mazhab ulamolari hayotlarida kuzatilmagan. Qur’oni karim, hadisi sharif va hanafiy fiqh kitoblarida ham yuqoridagi holat uchramaydi. Ulardan takbir aytish borasida naqllar mavjud. Shuning uchun bu so‘zlarni aytuvchilarni shialarga taqlid qiluvchilar deb tushuniladi. Ahli sunna val jamoa bundan butkul pokdir. Ba’zilar “Yo, Aliy” deyuvchilarni kufrga hukm qiladilar. Bunda ham shoshilmaslik kerak. Chunki, “Yo, Aliy” deyuuvchi bu so‘zidan Alloh taoloning “Aliyyul azim” sifatini iroda qilgan bo‘lishi ham mumkin. Lekin, “Yo. Aliy”dan hazrati Alini iroda qiladigan bo‘lsa, buni joiz emasligida shak yo‘q. Ikkinchi masala shuki, duo, taqarrub maqsadida Alloh taologa murojaat qilinadi va Uning nomini vazifa qilib olinadi. Shuningdek, ba’zilar Alloh taolodan boshqa Uning bandalaridan buyuk shaxslarning ismini aytib, uni o‘zlariga vazifa qilib oladilar. Bunday qilishni esa, islom joiz sanamaydi. Chunki, shaxslar nomini vazifa qilib olish ibodatga o‘xshab qoladi. Ibodat esa, yakkayu yagona Alloh taologa qilinadi va yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar va ummat ulamolaridan birortalari Allohdan o‘zga biror ulug‘ shaxsning ismini vazifa qilib olmaganlar. Qozi Sanoulloh hanafiy rahmatullohi alayh o‘zlarining “Irshodut tolibiyn” degan kitoblarida bu haqda shunday deganlar: ولا يصح الذكر باسماء الاولياء على سبيل الوظيفة او السيفي لقضاء الحاجة كما يقرءون الجهال “Johil kishilar o‘qiganlari kabi vazifa tarzda avliyolarning ismlarini zikr qilish yoki biror maqsadga erishish uchun sayfiyni o‘qish durust emas”. Azon, iqomat va kalimai shahodatlarda Alloh taoloning zikri bilan Payg‘ambarimizni ismlarini qo‘shib zikr qilish ibodat hisoblanadi. Lekin, Payg‘ambarimizning ismlarini “Yo, Muhammad, Yo, Muhammad” tarzida  vazifa qilib o‘qib yurish joiz emas (Irshodut tolibiyn). Vallohu a’lam!

27 Апрел 2022, 23:46 | Савол-жавоблар | 215 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar